GAZ HISOBLAGIChI KIM TOMONIDAN O`RNATILADI?
Gaz uskunasini tekshirish chog`ida tumangaz vakili elektron hisoblagich o`rnatishimiz shartligini tayinladi. Qonun hujjatlariga muvofiq gazni hisoblash zamonaviy uskunalari etkazib beruvchining hisobidan o`rnatilishi kerakligini aytganimda, e`tiroz bildirib: "Faqat iste`molchi hisobidan o`rnatiladi" dedi. Aslida qanday bo`lishi kerak? Bu xususda qanday hujjatlar mavjud?
Fazilat Mamatova, Navoiy viloyati.
Farruxjon Fayziev, huquqshunos:
—O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi PQ-2907-son qarori 5-bandining to`rtinchi xatboshisida maishiy iste`molchilarga tabiiy gazni hisoblash zamonaviy elektron uskunalarini xarid qilish va o`rnatish "O`ztransgaz" AKning shaxsiy mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi, keyinchalik gaz hisoblagichlari qiymatini iste`molchilar bir yil ichida to`lashi nazarda tutilgan edi.
Biroq O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 iyundagi PQ-3060-son qarori 6-bandiga ko`ra, maishiy iste`molchilarga tabiiy gazni hisoblash zamonaviy elektron uskunalarini xarid qilish, o`rnatish va keyinchalik xizmat ko`rsatish "O`ztransgaz" AKning shaxsiy mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo`yildi.
Bundan tashqari, 2017 yilning 1 oktyabridan boshlab tabiiy gazni hisoblash uskunalari bo`lmagan maishiy iste`molchilarga tabiiy gaz etkazib berish, tabiiy gazga belgilangan tarif miqdorining ikki barobari qo`llanilgan holda amalga oshirilishini belgilovchi talab PQ-2907-sonli qarordan chiqarib tashlandi.






