AsosiyHi-tech

Cuvga tushgan telefonni qutqarish usullari

'Cuvga tushgan  telefonni qutqarish usullari'ning rasmi

Telefonning sifatsiz ishlashi yoki buzilishi uchun unga bir necha tomchi suv tushishi kifoya qiladi. Shubhasiz, bunday holatda telefonni tuzatish uchun telefon sozlovchi ustaning oldiga chopamiz. Ammo yaqin atrofimizda bunday usta bo`lmasa-chi? Quyida sizni telefoningiz suvga tushganda unga “birinchi yordam” ko`rsatishning 10 usuli bilan tanishtiramiz...

  • Telefon suvga tushib ketganda, uni darhol suvdan olib, o`chirish kerak. Chunki telefon detallari bir necha soniyada suvni o`ziga singdirish xususiyatiga ega. Telefonning quriganiga ishonch hosil qilmaguncha, yoqmang. Bundan tashqari, telefon ichiga suv kirganda, qisqa tutashuv hosil bo`lib, kuyib qolishi mumkin.
  • Telefonni suvdan olgach, darhol qopqog`ini ochib, batareyasini chiqaring. Bu ichki sxema zararlanishining oldini oladi. Telefonni va uning detallarini ehtiyotkorlik bilan yumshoq mato yoki qog`oz sochiq bilan arting.
  • SIM-kartani chiqaring. Uni quritish uchun ma`lum muddatga bir chetga olib qo`ying. O`zi qurib, foydalanish uchun tayyor bo`lmaguncha qo`l tekkizmang.
  • Telefonni o`chirgandan keyin uning g`ilofini, himoya plyonkasini, quloqchinni, xotira kartasi (fleshka)ni ham chiqarib olish kerak bo`ladi.
  • Agar uyingizda changyutgich bo`lsa, telefon ichidagi suvni tortib olishda foydalanishingiz mumkin. Uning ichidagi namlikni puflab chiqarishda har bir detalini 20 daqiqadan tozalashga to`g`ri keladi. Bunda telefonni to`xtovsiz aylantirgan holda hamma tomonidan changyutgich bilan tozalash lozim. Telefonni changyutgich rezina ichagiga juda yaqin tutmang, aks holda statik elektr paydo bo`lib, telefon battar yomon ishlaydi.
  • Telefonni hech qachon soch quritish uchun ishlatiladigan fenda quritmang. Fen yuzada turgan suvni telefonning ichiga haydaydi. Bu telefonning ichki qismida joylashgan elektron tarkibiy qismlar uchun juda xavf­lidir. Bundan tashqari, fendan chiqayotgan issiq havo tufayli telefonning ba`zi bir detallarini eritib yuborishingiz mumkin.
  • Telefonni quruq guruch solingan paketda ham quritish mumkin. Chunki guruch namlikni tortish xususiyatiga ega. Telefon guruchga solinganda, u akkumulyator nam­ligini o`ziga tortib, zanglashning oldini oladi. Telefonni guruchli paketga solayotganda qopqog`ini ochib, akkumulyatorini chiqarib, hammasini bitta qilib solish lozim bo`ladi. Telefon guruch ichida 2-3 kun turishi kerak. Bu uzoq davom etadigan jarayon bo`lib, shoshiladigan bo`lsangiz, telefonsiz qolishingiz mumkin. Uni vaqti-vaqti bilan aylantirib turing, shunda guruch suvni yaxshiroq tortadi. Guruchning o`rniga poyabzal ichiga solib qo`yiladigan silikogeldan ham foydalanishingiz mumkin. U namlikni o`ziga guruchdan ham yaxshi singdiradi. Bunday holatda telefonni har 6 soatda tekshirib turish lozim bo`ladi. Agar suvi ustiga chiqib qolgan bo`lsa, changyutgich yordamida yoki qog`oz sochiq yordamida tozalash mumkin.
  • Telefonni ochib, quritish uchun quyosh tushib turgan joyga qo`yish ham mumkin. Uning tagiga qog`oz salfetka yoki sochiq qo`ying, u qolgan suvni o`ziga tortib oladi.
  • Kamida 24 soat o`tgandan keyin telefon batamom quriganiga ishonch hosil qiling. Uning barcha portlarini, oraliqlarini, tirqishlarini tekshirib chiqishdan erinmang. Agar u qup-quruq bo`lsa, akkumulyatorini joyiga qo`yib, yoqish mumkin. Yoqqanda g`alati tovushlar, shovqin chiqishiga e`tibor bering. Agar shunday holat ro`y bersa, bu uning noto`g`ri ishlayotganidan dalolat beradi.
Telefon qup-quruq ko`rinsa-da, yonmasa, demak batareyasi o`tirib qolgan. Uni quvvatlantirishga qo`ying. Etarli quvvatni olgach, yana yoqib ko`rishga harakat qiling. Quvvatlantirishning foydasi bo`lmasa, unda servis markaziga murojaat qilishingizga to`g`ri keladi. Uni tuzatishga olib borganda, suvga tushib ketganini yashirmang, chunki buzilish sababini ochiq aytsangiz, uni tuzatish oson bo`ladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar