Bu savol yoshu qarini birdek qiziqtirishi tabiiy. Chunki shugina bir bo`lak shirinlik haqida turli ma`lumotlar ko`pligidan ularning qay bir haqiqat-u, qay bir afsonaligini, ko`pincha, ajratolmay qolamiz. Keling, bunga oydinlik kiritsak...
Shokolad – ortiqcha vazn sababchisimi?
Qisman haqiqat. Shokolad — haqiqatan ham yuqori kaloriyali egulik. Lekin uning kaloriyalari asosini faqat sut va glyukoza tashkil etadi. Shokoladning uglevodlari engil hazm bo`lgani bois, tez sarflanadi. Biroq uni ko`p miqdorda iste`mol qilish natijasida uglevodlarning organizmda “ortiqcha” yog` sifatida to`planishi ehtimoli bor. Shokoladni me`yorida tanovul qilish esa sog`lom ovqatlanish tartibining bir qismi bo`lishi ham mumkin.
Quvvat manbai
Haqiqat! Shokoladning asosiy qismini tashkil etadigan qand va yog` moddasi organizmga kerakli miqdorda quvvat baxsh etadi. Asab tizimi va mushaklar harakatining salomatligi uchun shirinlik tarkibidagi magniy hamda kalsiy javobgar. Shuning uchun shokolad bolalar va sport bilan shug`ullanuvchilar uchun juda foydalidir.
Qo`zg`atuvchanlik xususiyatiga ega
Haqiqat! Mahsulot tarkibidagi teobromin va kofein asab hamda yurak-qon tomir tizimini engil qo`zg`atuvchi xususiyatga ega. Shokolad uglevodlar qabul qilish uchun engil va tez sarflanadigan quvvatni beradi, kakao moyidagi yog`lar esa sekinroq hazm bo`ladi, shu bois, organizmni uzoqroq muddatga quvvat bilan ta`minlaydi.
Kofein moddasi ko`p
Balki... Aslida, esa bitta o`ram shokoladda bor-yo`g`i 30 mg. kofein mavjud bo`lar ekan. Bir finjon qahvada esa naq 180 mg. kofein bor.
Yurak-qon tomirlariga ijobiy ta`sir ko`rsatadi
To`g`ri. Kardiologlar kakao donlarida yurak-qon tomir tizimiga ijobiy ta`sir ko`rsatadigan polifenol moddasi borligini aniqlashgan. Ular qonning yaxshi aylanishini ta`minlashi natijasida yurakka kamroq og`irlik tushishiga sabab bo`ladi. Shuningdek, kakao immun tizimi faoliyatini ham yaxshilaydi. Davolanish maqsadida shokoladning faqatgina oliy-achchiq turini tanlash tavsiya etiladi.
Tishlar uchun koni zarar
Bunday emas. Boshqa shirinliklarga nisbatan shokoladning xavflilik darajasi kamroq. Chunki kakao tish emali zararlanishiga to`sqinlik qiladi. Shokolad tarkibidagi kakao moyi tishlarda himoya qobig`ini hosil qiladi. Yapon olimlari kakao donlarining ushbu foydali xususiyatidan foydalanib, ularni tish pastasi tarkibiga qo`shish taklifini bildirishgan.
Ehtiroslarni kuchaytiradi
To`g`ri. Kakao donlarining iste`molga yaroqliligini aniqlagan qadimgi ajdodlar buni juda yaxshi bilishgan. Ular kuchlariga-kuch qo`shilishi uchun mazkur shirinlikdan ko`p tanovvul qilishgan. Bunga sabab kofein va teobromin moddalaridir. Xullas, tun oldidan bir bo`lak shokolad eyish faqatgina ijobiy ta`sir ko`rsatadi.
Unga o`rganib qolinadimi?
Yuqorida ta`kidlanganidek, shokolad tarkibida kofein moddasi juda oz miqdorda. O`rganish hissini paydo qiladigan teobromin moddasi ham unchalik ko`p emas. Agar bir kunda 400-500 gr. shokolad eyilsa, unda o`rganish hissi paydo bo`lishi aniq. Sarxushlik holati yuzaga kelishi uchun esa kamida 55 o`ram shokalad eyish lozim bo`ladi.
Allergiya paydo bo`ladi
To`g`ri. Ayrim kishilarda kakao tarkibidagi proteinga nisbatan allergiya bo`ladi. Bunday odamlar shokoladdan butunlay voz kechishlari shart emas. Chunki hozirgi vaqtda katta do`konlar peshtaxtasida proteinsiz shokoladni qiyinchiliksiz topish mumkin.
Qiyin hazm bo`ladi
Noto`g`ri. Sifatli shokolad hech qachon hazm qilish jarayonida muammo tug`dirmaydi. Aksincha, u hazmni tezlashtiradi va ichaklarning mushaklari qisqarishiga ta`sir ko`rsatadi. Shokolad iste`mol qilinganidan so`ng bir soat o`tiboq, hazm bo`ladi.
Manba: «SUG‘DIYONA»gazetasi.