AsosiySUG'DIYONA

«NIMA QILSAM QAYNONAMGA YoQAMAN?»

'«NIMA QILSAM QAYNONAMGA YoQAMAN?»'ning rasmi

Munosabatlar ko`zgusida qaynonalarimizning ichki olamini ko`rishga urinib ko`ramiz. Ehtimol ana shundagina biz tushunolmayotgan, bizga yoqmayotgan jihatlarning o`ziga xos sababi borligini, qaynonalarimizning tildagi so`zlari dilimizni og`ritsa-da, ko`nglidagi o`ylar ba`zan bizning foydamizga ekanligini tushunib olarmiz. Zero, dunyoda mutloq yomon odam va xuddi shuningdek, mutloq mukammal insonni ham topib bo`lmaydi.

Kelin: «Nima qilsam qaynonamga yoqaman?»

Gulnora: — Qaynonamning turtkilayverishi, tazyiqlaridan o`lar bo`lsam o`lib bo`ldim. Ammo chidayapman, chunki ajrashish niyatim yo`q, uyimizni bo`lak qilishning ham imkoni yo`q. Tabiatan g`amlarimni ichiga yutaman, dardimni birovga aytib bo`lisholmayman. Shuning uchunmi, asablarim qaqshab, oxirgi paytda ertayu kech dilim xufton bo`lib yuradi. Bu er-xotinlik munosabatlarimizga ham ta`sir qilayapti. Qaynonamning fikricha, men o`qib, uqmagan kelin ekanman. U kishiga kiyinishim ham, ovqatlanishim ham, uy ishlarini bajarishim ham, ota-onam ham, sarpolarim ham, gapirishim ham, umuman, hech nimam yoqmaydi. Hovlida ko`rinmay qolsam, darrov uyimga bostirib kelaveradi. Istalgan payt javonlarimni tekshiradi, ikki mahal qiyin ovqatlarni buyurib, qozon ostiradi. Ovqatni eydigan odamning o`zi yo`q, hamma erkaklar ishda bo`lishadi, ko`pincha ovqat ham uvol bo`ladi. Biror marta qovog`ini ochib, yaxshi gap aytmagan, «siz yasatgan mehmonxonada mehmonlarni kutgim kelmaydi» deb, nuqul sepim unga yoqmaganini gapiradi. Mana, kecha buning ham ko`ngli bor demay, «o`g`lim sizning nimangizga xotin qilib o`tiribdi? Qoqsuyakligingizni qarang» deb, qo`shni xotinning oldida gapirdi. Nima qilsam bu ayolga yoqaman o`zi?..

Qaynona: «Men tarbiyalamasam, kim tarbiyalaydi?»

Mohigul opa: — Shaxdam qadam tashlab, ishlarini qilib, gaplarini joyiga qo`yib gapiradigan kelin topmay xato qildim o`zi. Hech ko`nglimga o`tirmayapti shu kelin. Uyimga kelganiga 5 oy bo`ldi, hali tuzukroq pardoz qilib, rangini moslab, eplab biror ko`ylak kiymadi. Onasi qilmagan bo`lsa ham men unga ozmuncha sarpo-suruq qildimmi? Mahalladagi eng xunuk kelin deyishayapti, chunki ko`cha supurganiyam odmi xalatida chiqib ketaveradi. Mening qizlarim oy desa oydek, ishiniyam, so`ziniyam, pardoziniyam o`rinlatib, qaynonalarini o`ziga dugonadek qilib o`tiradi. Bundan hech qanday jonli fikr ham chiqmaydi, sumrayib dasturxon chetida o`tiraveradi. Xafa bo`lganiniyam, xursand bo`lganiniyam bildirmaydi. Ozg`inligidan homilador ham bo`lmayapti, doktorlar dori ichsayam ta`sir qilmaydi, gormonlar yog`da eriydi, deyishadi. Bunga pul ketkizib davolatishning ham foydasi yo`q, shekilli. Onasi ham xuddi o`ziga o`xshagan, orzu-havassiz odam. Men ishlaydigan odamman, deb quda-andali joylarga ham bormay, meni behurmat qiladi. Men ham o`qiganman, ishlaganman, qalovini topsa qor ham yonadi. Uyiga kirsam, shkafdan yomon hid keldi, hamma kiyimlarini tushirib, kir-chirini ajratib, choyshablariniyam yig`ishtirib, o`ziga yuvdirdim. Hozirgi yoshlar ish qilishni bilarmidi, hammasini o`rgatish kerak. Men ishlasam ham kechqurun piyoz-kartoshkamni tozalab, taxt qilib qo`yardim, chuchvara tugib, muzlatgichga qo`yardim. 30 daqiqada xonim pishirib, qaynonamni xursand qilardim, bu hamma ishlarni sekin bajaradi. Mantini ertalab boshlasa, kechqurun tayyor bo`ladi. Hozir qiynalsa, o`rganadi. Men tarbiyalamasam, kim tarbiyalaydi? Ertaga o`g`lim shu epsiz xotinning qo`liga qoladimi?

Ko`zgu nima deydi?

Mohigul opa — giperfaol, shartaki, shu bilan birga, maydagap ayol. U hammadan birinchi bo`lishni, hamma narsani o`z o`rnida bajarishni va o`ylaganini ochiq aytishni o`ziga maqsad qilgan. Gulnora esa hamma gapni o`ylab, mulohaza qilib aytadigan, o`z xohishi va kayfiyatiga qarab ish tutadigan, imillagan va biroz hissiyotsiz kelin. Aslida nafaqat bular, boshqa mavqedagi odamlar ham bunday ikki xil xarakterda bir uyda yashashlari qiyin kechadi. Mohigul opa «kelin qilsam, bunday qaynona bo`laman, kelinim bundoq bo`ladi» deb katta gapirib, katta o`ylab yurgan. Kelini ko`nglini to`ldirmaslikni boshlagan kundanoq uni o`zicha tarbiyalash ishini boshlagan. Agar kelini xuddi o`zi istagandek bo`lsa ham qoniqmasligi mumkin edi. Chunki bunday qaynonalar issiqqa ham, sovuqqa ham talabchan bo`lishadi. Mohigul opa keliniga bosiqlik bilan yaxshi gapirib ish o`rgatishi qiyin, chunki uning zuvalasi shu tariqa pishgan. U kelinlik paytida qaynonasi «tiliyam, ishiyam o`tkir kelin» deb maqtagan bo`lsa kerak. Endi kelin ham o`ziga va uyiga mehrini ko`paytirib, o`n kulib, o`n gapirib, shaqildoqqinaga, qaynonasi bilan g`iybatlashib-suhbatlashib o`tiradiganga aylansa, Mohigul opaning ko`ngli biroz tinchiydi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar