Libos, uslub, urf haqida so`z ketganida amerikalik modeler, «business women» Donna Karanning «Mening ishim – qulaylik va hasham, foyda hamda istakni uyg`unlashtirish», degan fikri yodimga tushadi. Muhimi ham shu! "Darakchi" gazetasining "Moda" loyihasi orqali o`z ishining ustasi dizayner Dilnoza UMRZOQOVA zamonaviylik va milliylik uyg`unligi sirlari bilan bo`lishadi...
KUNDALIK USLUB
Dilnoza UMRZOQOVA, dizayner: — «Kejual» uslubiga xos bu chopon shoyi matosidan bo`lib, Xorazm yo`nalishida mayda qavilgan.
Mato tarkibi ipakdan bo`lgani bois tanani qishda issiq, yozda salqin tutadi. Bu kabi cho`ponlarni jinsi shim, klassik uslub bilan uyg`unlashtirishlari mumkin. Choponlarning qulayligi shundaki, aksessuarni almashtirib, oqshom libosi bilan bazmlarga ham kiyish mumkin. Tashqi ko`rinishni mukammal qilish uchun cho`pon rangiga mos milliy matodan tikilgan oyoq kiyim kiyish maqsadga muvofiq.
Kichik yoshdagi qizchalarga choponda yurish noqulay bo`lgani bois shoyidan tikilgan milliy yo`nalishdagi ko`ylak eng yaxshi tanlov. Aksessuar sifatida milliy matoga qo`l mehnati bilan qadalgan toshli «obodok»dan foydalanishingiz mumkin.
BILIB QO`YGAN YaXShI!
Bu choponlar «olam»iga ikkita yo`nalish kiritildi: engsiz nimcha va tizza va to`piq oralig`i uzunligidagi to`n.
Bo`y tanlamaydi…
Tizza va to`piq oralig`ida bo`lgan uzunlikdagi to`n ham bo`yi baland, ham past bo`yli qizlarga birdek mos keladi.
Past bo`ylilar…
Kalta chopon past bo`yli qizlarni oyog`ini uzun qilib ko`rsatishga yordam beradi. Va baland poshna kiyishga hojat qolmaydi.
To`lachadan kelganlar…
To`lachadan kelgan ayollar-qizlar odatda mayda gulli tor uslubdagi choponlarni afzal bilishadi. Biroq keng tikilgan va ba`zi joyida katta guli bo`lgan cho`ponlar qomatingizni vizual ravishda ko`ngildagidek qilib ko`rsatishga qodir.
To`lacha qizlarga engsiz nimchalar eng munosib tanlov. Chunki eng ham qo`shimcha hajm beradi, bundan qochish kerak.
OQShOM LIBOSI
Dilnoza UMRZOQOVA, dizayner: — Mazkur uslub – oqshom libosi hech kimda takrorlanmaydigan, o`ziga xos ko`rinishda bo`lishni xush ko`ruvchi qizlarimiz uchun. Och siyohrangdagi mazkur «gipyur»li ko`ylak qo`l mehnati yordamida durlar bilan boyitilgan. Oqshom libosini milliylik bilan uyg`unlashtirish maqsadida zamonaviy matoni qavib, so`zana naqshiga toshlardan bezak berib chopon tikilgan.
Qizchalarga ham milliy va zavmonaviy uslubda bayramona libos tanlash qiyin emas. Tepa qismiga milliy matodan kofta, pastiga «gaz» matosiga, «setka»dan qat-qat burma shakl berib tikilgan yubka to`g`ri tanlov. Qizchalar yubkalarni yaxshi ko`rgani bois tepa qismidagi kofta va akssesurnialmashtirib, uslubni osongina o`zgartirish mumkin.
Nimalar urfda?
Bu yil bahor-yoz oylarida barcha ranglarning och tusdagi nafis ranglari urfda. Oqshom liboslarida esa shoyidan tikilganlarini tanlaganingiz ma`qul. U tabiiy jilosi bilan o`zgacha ko`rinish beradi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV