ALIShER AKTAMOV TOSh KO`TARISh BO`YIChA XV JAHON ChEMPIONATINING G`OLIBI BO`LDI
Urgut agroservis kasb-hunar kollejida yaqinda Gresiya poytaxti Afina shahrida o`tkazilgan tosh ko`tarish bo`yicha XV jahon chempionatining g`olibi, kollej o`quvchisi Alisher Aktamovni qutlash tadbiri bo`lib o`tdi.
Unda tosh ko`tarish sporti bo`yicha o`n karra jahon chempioni, uch marta jahon rekordchisi, o`zbek ayollaridan birinchi bo`lib "Ginnesning rekordlar kitobi"ga kiritilgan Muhtaram Alieva, faxriy sport murabbiylari, sportchilar, kollej o`quvchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Alisher 60 kilogramm vazn toifasida 20 dan ziyod davlatdan kelgan sportchilar orasida ikki qo`lda 32 kilogramm toshni yigirma marta dast ko`tarib, jahon chempioni bo`lgani e`tirof etildi.
– Tumanimizda jahon chempionlari ko`payayotgani quvonarli, albatta, – deydi tuman hokimining o`rinbosari, xotin-qizlar qo`mitasi raisi Umida Xalilova. – Sportchilar orasida g`olib qizlarning ham borligi bizni yanada xursand qildi. Bunda ularning ustoz murabbiylari ota-onalarining ko`magi katta.






