1

​ERKIN A`ZAM: «REJISSYoRLAR “SSENARIYNAVIS”LAR BILAN BIRGA “XONTAXTA” YaSAYaPTI»

Madaniyat 21.11.2017, 10:06
​ERKIN A`ZAM: «REJISSYoRLAR “SSENARIYNAVIS”LAR BILAN BIRGA “XONTAXTA” YaSAYaPTI»

Loyihaning galdagi mehmoni – O`zbekiston xalq yozuvchisi, 12 ta ssenariy muallifi, “O`zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a`zosi Erkin A`ZAM. Keskir so`zlashga odatlangan ustoz ijodkorning “Ochiq xat”ini ko`pchilik kino olamidagilar hazm qilolmasligi ham mumkin. Lekin nima ham derdik, do`st achitib gapiradi…

“KAMChILIKLARNING ASL NEGIZI — FIKR QAShShOQLIGIDA”

Prezidentimiz ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda “O`zbekistonda adabiyot va san`at, madaniyat biznesga aylanmaydi, biz bunga hech qachon yo`l qo`ymaymiz”, deya haq gapni aytdilar. To`g`ri, har qanday ijod mahsuli pirovardda tovarga aylanadi. Lekin uning asl bahosi, qiymati, qadri mazmundorligida bo`lishi shart. Kinoning qadri ham ko`rimliligi, ham ibratliligida bo`lishi lozim. Afsuski, bu san`at bozorga aralashib ketdi.

Bir davr bo`ldiki, istagan kishi ha­vaslari junbishga kelgani uchungina kitob yoza boshladi. Hech kim unga “qalbingda dard yo`q, muddaong yo`q-ku!” deya e`tiroz bildirmadi va bu holat kinoga ham ko`chdi. Kitobni-ku aniq birov yozadi, kinodagi ayanch­li ahvol esa film­dan film yasash! Kamera ushlashni o`rgangan uch-to`rt kishi yig`ilib olib, ko`rgan besh-o`nta xorijiy film asosida nimadir yasaydi-da, “yangilik qildim!” deya jar soladi. Bu uyat-ku, axir! U “film”ni ko`rgan ziyrak tomoshabin asl manbai qaerdaligini darrov fahmlaydi. Aslida bunday “ijodkor”larni javobgarlikka tortish kerak. Vaholanki, xususiy kinostudiya­ning davlat kinostudiyalariga nisbatan ijodiy imkoniyati kengroq – ularning erki o`zida. Jamiyatda lahja cho`g` bo`lib turgan muammo yoki voqelikni bemalol ko`rsataverishi mumkin, eplab ko`rsatsa, har kim tirg`ala olmaydi. Afsuski, rejissyorlarimiz bir qolipga tushib qolgan. Ayniqsa, xususiy o`zanda ishlaydigan rejissyorlar “qachon­gacha en­di pul topish uchun­gina shunday engil-elpi filmlar ishlaymiz?” degan savolni o`ziga berish vaqti allaqachon keldi. So`nggi paytlarda “xontaxta” film­larning muxlislari ham ma`nodorlik, jiddiylikni talab qiladigan bo`lib qoldi. Rejissyorlar ma­toh­lari o`tmay qolayotganini bilib, uncha-muncha mas`uliyat his qila boshladi. Bu kamchilik­larning asl negizi esa fikr qashshoqligiga borib taqaladi. Dangasalikka, tayyorga ayyor bo`­lish­ga o`rganib qolganimiz uchun yangi fikrga intilish yo`q. Yurtimizda bo`layotgan islo­hotlar fikrlashda ham yangi tamoyil, yangi yondashuvlarni talab qilayotir. Biroq aksar filmlarda hamon bir qolipdagi gap­lar, boy qiz va kambag`al yigit, hashamdor uylar, qo`sha-qo`sha mashinalar, silliq-silliq qiyo­falar, tilla ta­qin­choqqa burkangan sovchi xolalar tasviri! Ularda chinakam hayot nafasi, tabiiylik yo`q. Aslida o`sha qahra­monlar­ning hashamdor uylari qanday, nimaning evaziga bunyod bo`lganini ko`rsatish kerak. To`qlikka sho`xlik qilib, tagi puch urish-janjaldan bo`shamaydigan yosh kelin-kuyov hayotiga doir mayda ikir-chikirlar kimga kerak deysiz? Masalan, jahon e`tirof etgan, kino estetikani rad qilgan “Gilos ta`mi” nomli Eron filmini oling. Bir qiyofa, bir xil manzara, lekin tomosha qilib aslo zerikmaysiz, boi­si unda ma`no bor, muhim falsafa bor. Filmda yangi ruh, yangi qahramon, yangi fikr­lar bo`lishi kerak. Shuni alohida ta`kidlash joizki, kino — ko`rish, teatr — eshitish uchun! Safsata — kino san`atiga begona, yomon filmgina quruq gapdan iborat bo`ladi. Kinoda ko`zlar, xatti-harakatlar “gapirishi” kerak, qahramonlarning yurak “manzarasi” ko`rsatilishi lozim. Deylik, mana shuncha gapni gapirib o`tirgan odam “Parizod” filmidagi qizga so`z topib berolmasmidim?

Dialogda mazmun bo`lmasa, teatrda ham uni hech kim eshitmaydi. Biz esa so`z bo`tqamizni filmlar orqali tomoshabinga o`tkazmoqchi bo`lyapmiz. Bu balki seriallarga yarashar, chunki uning tomoshabini bekorchi... To`g`risi, rejissyor va aktyorlarning “bugun dramaturg yo`q”, degan gapi emas, sohaga aloqasi yo`q “ssenaristlar” g`ashni keltiradi. Undaylar yomg`irdan keyin chiqqan qo`ziqorindek ko`payib ketdi...

BADIIY KENGASh HISOB-KITOB ­MAYDONIGA AYLANMASIN!”

Kinodan ko`nglim qolgani sabab, ikki marta Badiiy kengash a`zoligidan o`z xohishim bilan chiqib ketganman. Bugungi yangilanishlar balki yana qiziqtirib qolar, degan ilinjda “O`zbekkino”dagilarning taklifiga yo`q deya olmadim. Ammo yil nihoyasida Badiiy kengashni yana tark etsammi, deb turibman. Muhokamalarda biror mulohaza bildirsangiz, “Rahmat ustoz, zo`r fikr aytdingiz”, deyishadi. Lekin ekranda ko`rsangiz — o`sha-o`sha manzara, ya`ni sening gaping – mening!.. Yoshroq bo`lganimda, balki borib bahslashgan bo`lardim, lekin hozir undaylarga sarflaydigan vaqtim yo`q. Eng yomoni – Badiiy kengashda goho bundayroq film ham ko`kka ko`tarib maqtalaveradi. Goho kim kimdan qarzini uzayotgani-yu tilyog`lamalik qilayotgani, hatto o`ch olish ham aralashganini, qisqasi, jo`ngina hisob-kitob qilayotganining guvohi bo`lasiz.

Ba`zi rejissyorlar Badiiy kengashga nuqul tajriba film­larini taqdim etadi. Lekin tajribaning ham chegarasi bor-da. Qachon tayyor natijani ko`ramiz? Yaqinda yosh rejissyor Umid Hamdamov ssenariy olib keldi, fikrlashdik. Balki maslahatimni olmas, lekin fikrning qadriga etishi menga ma`qul bo`ldi. Shu kabi yosh nihollar etishib chiqyaptimi, demak, kinomizdan umid qilsak bo`ladi. Qani edi, mualliflik bilan ommabop filmlar uyg`unlashsa... Hozir intellektual jihatdan balandroq filmlarni tomoshabin ko`rmaydi, zerikadi, hazm qilolmaydi. Bunday filmlar kinochilarning o`zi uchun bir darslikday gap, xolos.

Kino nihoyatda mashaqqatli soha. Avvallari film­lar juda qimmatbaho plyonkalarda suratga olinardi. Shu bois filmning har bir ijodkori mas`uliyatni chuqur his qilardi. Bugungi texnik imkoniyatlar istagan kishini rejissyor, ssenariynavis, tasvirchi, aktyor qilib qo`ydi. Lekin buni suiis­te`mol qilmaslik kerak. To`g`ri, o`tkinchi shuhrat yoki pul topish ilinjida yurganlarning filmlariga bugun tomoshabin oqib kelayotgandir. Biroq reklamaning kuchi vaqt elagidan ustun kelolmaydi...

O`ZI SSENARIY YoZIB, O`ZI SURATGA OLIB, O`ZI BOSh ROLNI O`YNAYDI VA UNI... FAQAT O`ZI KO`RADI”

Aslida dramaturg film “zuvala”sini qoriyotgandayoq “falon dard, fikr, yangilikni ilgari suraman”, degan maqsad bilan ish boshlashi lozim. Lekin bugun bari teskari. Bunday “tug`ma iste`dod”larga cheklov qo`yib bo`lmaydi. “Senga yoqmasa, boshqalarga yoqadi!” degan javobi tayyor. O`zi ssenariy yozib, o`zi suratga olib, o`zi bosh rol o`ynaydiganlar ham bugun har qancha topiladi. Bu jumlani bemalol to`ldirish mumkin, ya`ni – olgan filmini ham faqat o`zi tomosha qiladi. Unaqa ssenariylarga “1” baho qo`ysangiz ham haqingiz ketadi. Hamma ham Charli Chaplin, Raj Kapur yoki Vasiliy Shukshin bo`lolmaydi-da. Zulfiqor Musoqov, Yolqin To`ychiev kabi ssenariy yozishni ham qoyillatadigan rejissyorlarimiz, afsuski, sanoqli. Meni qiynaydigan yana bir narsa­ — rejis­syorlarimizning kam mutolaa qilishi. Ba`zilari faqat kinotexnikadan xabardor, besh-oltita xorij filmini ko`rgan, yurak esa bo`m-bo`sh. Unutmaslik kerakki, kinoning sarchashmasi — adabiyot, badiiy adabiyot!

E`tibor bergan bo`l­sangiz, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyning kichik zalida katta ma`no-mazmunga ega filmlar namoyish qilinadi, katta zallarida esa aksincha. Bugun ma`noli film suratga olish ayb bo`lib qoldimi, deysiz. Shukrki, tomoshabinlar engil-elpi mavzulardan charchagandek, fikran qashshoqlashib borayotganini anglayotgandek. Endi o`sha katta zaldagi tomoshabin asta-sekin kichik zalga o`ta boshladi...


Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1