Rossiyada o`tadigan 2018 yilgi jahon chempionati vaqtida hakam tarixda birinchi bor agar o`yinchilarga nisbatan irqchilik ruhidagi tahqirlash alomatlarini sezsa, o`yinni to`xtatish huquqini oladi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino ma`lum qildi.
“Albatta, biz FIFAning 2018 yilgi jahon chempionati Fair Play ruhida, halol o`yinning barcha tamoyillariga rioya qilingan holda o`tishini istaymiz. Bu futbol maydonidagi harakatlarga taalluqlidir, biroq biz halol o`yin deganimizda, irqchilikka qarshi kurash va dopingga qarshi tadbirlarni ham eslatib o`tishimiz kerak.
Dopingga kelsak, barcha jamoalarning hamma o`yinchilari musobaqa vaqtida ham, musobaqadan tashqari vaqtda ham WADA tomondan akkreditasiya qilingan laboratoriyalar ishtirokida tegishli namunalarni topshirishadi. Biz buni hamma biladi, deb o`ylaymiz va bu borada halol o`yin tamoyillariga, shubhasiz, rioya qilinadi.
Irqchilik mazmunidagi gap-so`zlar yoki shiorlar borasida ham pozisiyamiz aniq, chunki unga qarshi kurash bizning ustuvor vazifalarimizdan biri sanaladi. Ishonamizki, bunday holatlar qayd etilmaydi. Agar bo`lsa ham, unda FIFA jahon chempionatlari tarixida birinchi bor irqchilik holatlariga qarshi kurashning 3 darajali jarayoni amal qiladi va uchrashuv hakami agar qandaydir irqchilik yoki toqatsizlik holatlari aniqlansa, o`yinni to`xtatishi yoki umuman bekor qilishi mumkin bo`ladi. Bunday illatlarga yo`l qo`yib bo`lmaydi va bu borada juda ehtiyotkor bo`lamiz.
Biz yangi texnologiyalar ham terma jamoalarga, ham hakamlarga foyda keltira oladi, deb umid qilmoqdamiz. 2018 yilga juda oz qoldi va biz bugungi kunda hakamlarga to`g`ri, asoslangan qarorlar qabul qilishda yordam berish uchun yangi imkoniyatlarni izlayotganimiz mutlaq tabiiy holdir. Hakamlarga videoyordam tizimi (VAR) shu imkoniyatlardan biridir.
Rossiyadagi jahon chempionatida videotakrorlarni qo`llash masalasi 2018 yil martda ko`rib chiqiladi, biroq ayni vaqtda biz bu tizimni qo`llash juda muvaffaqiyatli bo`lganini ayta olamiz. Bu tizim hakamlarga ancha jiddiy xatolarga yo`l qo`ymaslikda yordam bermoqda. Pirovard natijada barchasi hakamlar va jamoalarga naf keltiradi. Shu bilan bir qatorda biz darvozalar ishg`ol qilinganini avtomatik aniqlash tizimini ham qo`llaymiz”.






