Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 6 dekabr kuni “Navoiy” xalqaro intermodal logistika markazi faoliyatini takomillashtirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va tranzit yuk tashuvlarini ko`paytirish masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda. Xalqaro integrasiya jarayonlarini faollashtirish, xususan, mintaqada savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda mamlakatning transport-tranzit salohiyati muhim o`rin tutadi.
Shu maqsadda 2008 yili Navoiy shahri aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazi tashkil qilinib, O`zbekiston transport-tranzit salohiyatini yanada yuksaltirish hamda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga etkazish yo`lga qo`yilgan edi.
Ushbu logistika markaziga avvalboshdan barcha turdagi soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari berildi. Yo`ldosh infratuzilma barpo etildi, boshqaruv “Korean Air” kompaniyasiga topshirildi.
Biroq, markaz faoliyati tahlil qilinganda, shuncha qulaylik va imkoniyatlarga qaramay, terminal quvvatidan amalda to`liq foydalanilmayotgani aniqlandi. Yiliga 100 ming tonna yuk o`tkazish quvvatining 20 foizidan ham kamrog`i ishga solinmoqda, xolos. O`tgan sakkiz yil davomida ushbu aeroport orqali 300 ming tonna yuk tashilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
2017 yil yakuniga ko`ra, terminalda umumiy yuk aylanmasi 2016 yildagiga nisbatan 11 foiz yoki 33 ming tonnagacha kamayishi prognoz qilinmoqda.
Bunday holat yuzaga kelishiga bu sohaga bevosita mas`ul bo`lgan ayrim mansabdor shaxslarning beparvoligi, mas`uliyatsizligi, ushbu markazni chuqur o`ylangan strategiya asosida rivojlantirmagani sabab bo`ldi, dedi davlatimiz rahbari. Ko`p yillar mobaynida Navoiy aeroporti va logistika markazining noyobligi, jozibadorligi, boshqalardan ajralib turishi to`g`risida balandparvoz gaplardan nariga o`tilmadi.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, markazda kuniga o`rtacha ikkita parvoz amalga oshirilmoqda. Bu esa ushbu logistika markazi va aeroport salohiyatidan foydalanish darajasi maqtovdan ancha yiroq ekanini ko`rsatadi.
Ishni tashkil qilishga munosabatning qanchalar ayanchli holda bo`lganini shundan ham bilsa bo`ladiki, hozirgi kungacha “Navoiy” logistika markazi ob`ektlarini foydalanishga topshirish bo`yicha davlat qabuli amalga oshirilmagan, deb qayd etdi Prezidentimiz. Markazdagi yoqilg`i-moylash materiallarini saqlash sig`imlari ham oxirigacha qurib bitkazilmagan.
Vaholanki, xalqaro transport-tranzit sohasi, ayniqsa, havo transportida yuk tashish eng serdaromad sohalardan biridir. Misol uchun, Dubay xalqaro aeroporti yiliga 3 million tonnagacha yuk o`tkazib, 26 milliard dollarga yaqin daromad topadi. Qozog`iston Respublikasi Ostona shahrida bir yilda 1,5 million tonna yuk o`tkazish quvvatiga ega bo`lgan logistika markazini tashkil qilishni rejalashtirayotgani ham shundan. “Navoiy” logistika markazini bunday xablar bilan solishtirib bo`lmaydi. Bu holatda raqobat qilish juda qiyin.
Xorijiy yuk tashuvchilarni ko`p miqdorda va davomli jalb qilish ishni qanchalik unumli tashkil etishga bevosita bog`liq. “Navoiy” logistika markazi faoliyatida, aksincha, qator tizimli muammolar mavjud. Xususan, havo transportida yuk tashishni rivojlantirishga to`sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri tariflarning yuqoriligidir.
Davlatimiz rahbari aviatashuvlarning tarif siyosatini qayta ko`rib chiqish zarurligini ta`kidladi.
Mazkur logistika markazi jozibadorligini oshirishda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi katta ahamiyatga ega bo`lishi kerak edi. Biroq, bu ham kutilgan natijani bermadi. Unda na yuqori qo`shimcha qiymatli eksportbop tovarlar, na ichki bozor uchun xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan.
Xorijiy yuk tashuvchi sub`ektlar “Navoiy” logistika markazi imkoniyatlaridan foydalanishga qiziqish bildirmayapti. Buning asosiy sababi aviakerosin etkazib berishda uzilishlar mavjudligidir. Bu turdagi yoqilg`iga bugungi kunda haftalik ehtiyoj 950 tonna ekaniga qaramay, neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan atigi 600 tonna ajratilmoqda.
Transport kompaniyalari tomonidan muvofiqlashtirish ishlari ta`minlanmagani sababli multimodal tashish ham rivojlanmay qolgan. Bojxona tartib-taomillari uzoq davom etishi va transport vositalari chegarada bekor turib qolishi oqibatida yuklarni etkazib berish muddati cho`zilib ketmoqda.
Mahalliy importchilarda ham o`z yuklarini “Navoiy” xabi orqali qabul qilib olishga qiziqish yo`q. Chunki infratuzilma talab darajasida rivojlantirilmagan. Import yuklarning aksariyati Toshkent aeroporti orqali kirib kelmoqda.
Shulardan kelib chiqqan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev neft-gaz tarmog`i mutasaddilariga milliy aviakompaniya va boshqa xorijiy yuk tashuvchilarning aviakerosinga ehtiyojini o`z vaqtida va 100 foiz ta`minlash, haftalik yoqilg`i etkazib berishni oshirish, bunda jahon bozoridagi narx-navoni inobatga olib ish tutish yuzasidan topshiriqlar berdi.
“O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasiga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda amaldagi tariflarni qayta ko`rib chiqib, optimal tarzda pasaytirish, logistika markazlari tajribasini o`rganish bo`yicha ishchi guruh tuzish vazifasi yuklandi. Milliy aviakompaniya Navoiy shahri aeroportiga dunyoning etakchi yuk tashuvchi kompaniyalarini jalb qilish ishlarini yanada faollashtiradi, pochta yuklarini tashuvchi etakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o`rnatib, “Navoiy” xabida mintaqaviy pochta-aloqa vositalari tuzilmasini tashkil etish kabi choralarni o`z ichiga olgan “yo`l xarita”sini ishlab chiqadi.
Shuningdek, bojxona organlari va samolyotda yuk tashuvchi tashkilotlar o`rtasida elektron ma`lumot almashuvi tizimini yo`lga qo`yish, “Navoiy” logistika markazi faoliyatini tubdan takomillashtirish va boshqa masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berildi.