Biz bu mavzuni ko`p bora sahifalarimizda yoritganmiz. Axir, nashrimiz ayollar uchun mo`ljallangan. Zolim erkaklarning kaltagi ostida kun kechirayotgan mazlumalarni himoya qilish, ularga yo`l ko`rsatish burchimiz. Keling, bu gal mavzuga psixologik nuqtai nazar bilan yondashamiz. Ruhshunos Nargiz SATTAROVA bilan birgalikda muammoni tahlil qilamiz.
Hamma erkaklar uradi?!
Kelinchak bir yostiqqa yaxshi niyatla bosh qo`yganidan kaltak esa, uni «Eri urmagan xotin yo`q er yuzida», deya yupatadiganlar yoki to`rt ayolning boshi bir bo`lgan joyda «Hamma erkak shu, jahlini chiqarsangiz, uradi-da», deya gapiradiganlar ham topiladi. Nega? Nima uchun kuchli jins vakilining ojizaga qo`l ko`tarishini oddiy, tabiiy va me`yoriy holdek qabul qilamiz. Tag`in bu xulosamizga boshqalarni ham ishontirishga harakat qilamiz. Maqsad nima bundan? Bu singitma orqali qizlarimizni, kelinlarimizni nimaga undayapmiz?
Psixologiyada shunday tushuncha bor. Insonlar faktni ko`radi yoki eshitadi va o`zicha talqin etishadi. Keyin xulosa qiladi. Xulosa xato bo`lishi mumkin, ammo u kishi hayotida haqiqatdek ishlay boshlaydi. Deylik, qiz bola otasi onasiga qo`l ko`targaniga yoki qo`shni erkakning ayolini o`lasa qilib do`pposlaganiga guvoh bo`ldi. U o`zicha bu faktni talqin qiladi: «Erkaklar ayollarga azob berarkan. Ayollar o`zini himoya qilolmas ekan». Boshqacha xulosa yasashga unda axborot etarli bo`lmasligi, yoshligi, ongsizligi, bilimsizligi bu vaziyatga olib kelgan sabablarni o`rganishga etmasligi mumkin. Buning ustiga, u atrofdagilardan ham shunday xulosalarni eshita boshlaydi: «Hamma erkaklar xotinin uradi». Tabiiyki, unda qo`rquv paydo bo`ladi. Ichidagi vahima sabab oila qurishdan cho`chiydi, turmushga chiqsa ham, qo`rquvi qo`rqqanini chaqirib olishi hech gapmas. Chunki miyasidagi gumoni o`z isbotini topmaguncha qo`ymaydi.
1-chora: Agar sizda «Erdan kaltak emagan xotin yo`q!» degan xulosa bo`lsa, mana shu xulosangizni o`zgartiring. Buning uchun o`z ustingizda ishlashingiz, ichingizdagi muammoni hal qilib olishingiz kerak. Hech qachon kimgadir qarab to`n bichmang va o`zingiz to`g`ri deb bilgan haqiqatingizga boshqalarni ishontirishga urinmang. Axir siz dunyodagi jamiyki erkaklarni o`rganib chiqmagansiz-ku! Demak, ularning hammasini zolim sanashga haqsizsiz!
Qo`l ko`tarishiga kim aybdor?
Har bir inson o`zi yaratgan voqeligida umr kechiradi. Va dunyoqarashiga mos holatlar, vaziyatlar, insonlar bilan to`qnashadi. Olimlarning fikricha, kishi 4 hayotiy pozisiyadan birini tanlab, unga rioya qilib yashaydi. Psixolog olim Yung esa bu pozisiyalar bola hayotidagi «silash» va «tepki»larning miqdoriga bog`liqligini ta`kidlaydi. Ya`ni bola ijobiy hislarni tuyganda, uning hayot xaritasiga bitta silash yoziladi, salbiy hol yuz berganda esa tepki.
- «Men yaxshi — hamma yaxshi!»
- «Men yaxshi — hamma yomon!»
- «Men yomon — hamma yaxshi!»
- «Men yomon — hamma yomon»
- «Men yomon — hamma yomon». Tashlandiq, mehrdan mosuvo o`sgan, xo`rlangan bolalar ulg`aygach ham, mehr-shafqat nimaligini bilishmaydi. Achinarlisi, aroqxo`r, giyohvand, jinoyatchi, qahriqattiq odam bo`lib etishishlari xavfi yuqori. Bunday fikrlovchi erkaklar «Xotinni urish kerak» degan tushuncha bilan uylanishadi, ayolini to shifoxonaga tushib qolguncha kaltaklashdan toymaydi, xotiniga qo`shib bolalarini ham ayamay do`pposlaydi. Ayollar esa kaltak ostida kechayotgan kunlarini peshana deb qabul qiladi.
- Chora: agar chekingizga ayolni urish — jinoyat emas, imkoniyat, deya sanaydigan erkak tushgan bo`lsa, yaxshilab o`ylab ko`ring. Ularni o`zgartirish qiyin masala. O`zgarishiga ko`zingiz etmayaptimi, munosabatlarni tugatishga kuchingiz etar balkim? Ota-ona, bolalar, odamlarning gap-so`zini o`ylayapsizmi? Aynan bolalarni asrash, ularning kelajagi uchun g`urbatxonangizni tark etarsiz? Mushtumzo`rning dastidan nogiron bo`lib qolsangiz, baribir, farzandlaringiz sog`lom muhitda o`sishmaydi-ku! Eng yomoni, bir avlodda hal qilinmagan muammolar keyingi avlodga ko`chadi. Otasining tinimsiz onasini kaltaklashini ko`rib o`sgan bola qalbida padariga nisbatan nafrat paydo bo`ladi. «Onam ojiz bo`lmaganida, kuchli ayol bo`lganida, otamdan kaltak emasdi», deb o`ylaydi. Alamning zo`ridan bir kuni tuqqan onasiga qo`rs muomala qilishi ham mumkin.
Endi uradigan erlar mavzusini mana shu to`rt hayotiy pozisiya asosida ko`rib chiqamiz.
- «Men yaxshi — hamma yaxshi!» Bunday fikrlaydigan kishilar hayotda muammolarga deyarli duch kelishmaydi. Ular chaqaloqligidan mehr-muhabbatga qonib, etarlicha e`tiborda o`sishgan. Kimningdir foydasiga ularni solishtirishmagan. Muammoli vaziyatlar tushuntirilgan, muhokama qilingan. Kimnidir jazolash, ayblash ham bu guruh vakillariga yot. Shu sabab ham omadli, baxtli, muvaffaqiyatli bo`lishadi.
- «Men yaxshi — hamma yomon». O`zini osmon qo`lida sanaydiganlarni bolaligidan erkalatib, taltaytirib o`stirishgan. Ular faqat «silash» signallarini olgan, «tepki»lar jabrini atrofdagilar tortgan: «Shu bola o`zi tarbiyasiz, sen yaxshisan, o`g`lim!», «Ammang o`zi yomon, yig`lama, qizim». Tarbiyaning bu shakli oqibatida bola xudbin, faqat o`z manfaatlarini o`ylaydigan, maqsadiga erishish yo`lida bemalol boshqalarning istaklarini oyoqosti qiladigan, hech qachon xatosini tan olmaydigan, doim atrofdagilarni jazolaydigan bo`lib o`sadi. Mehr, do`stlikni his qilishmaydi. Sababi ota-onasi «U bola bilan o`ynama, tengimizmas», «Bu qizni yaxshi ko`rma, ota-onasi yaxshi odamlarmas» kabi chegaralar bilan atrofdagilar bilan munosabatini cheklashgan. Qarabsizki, xotiniga tarsaki solgan erkak o`zini oqlaydi: «O`zining tili yomon, befarosat, gapga kirmaydi, shuning uchun urdim». Yoki eridan jabr ko`rgan ayol bir gapda turib oladi: «Erim zolim! Men yomon ish qilmadim!»
- Chora: turmush o`rtog`ingiz sizga qo`l ko`tardimi, mulohaza qiling. Siz ham bunga sababchisiz, aybdor emas, aynan sababchi, deyapmiz. 50 foiz bu janjalda hissangiz bor. Toki shuni tan olib, o`zingizni o`zgartirmas ekansiz, muammongiz ijobiy tomonga hal bo`lmaydi. O`rni kelganda yonbosishni, nima uchun qo`l ko`targanining sababini topib, bartaraf qilishni biling.
- «Men yomon — hamma yaxshi» pozisiyani tanlaganlar «silash»lardan ko`ra «tepki»lar ostida katta bo`lishgan. Ularni doim boshqalar foydasiga solishtirishgan, noto`g`ri ishi uchun jazolashgan, ayblashgan va yomon bolaligini quloqlariga tinimsiz quyishgan: «Barcha tengdoshlaring a`lochi, sen ikkichisan!» «Opangning qo`lida hamma ish keladi, sen no`noqsan!» Bola o`zini doim yomon sanaydi, hamma narsa uchun ayblaydi, boshqalarning xatosi uchun ham javobgar hisoblaydi. Erkaklar ota-onasi, ayniqsa, onasining bolaligida urishganlari, kaltaklari alamini xotinidan oladi, o`ziga bog`langan insonni sindirishga urinadi: «Men yomonman-ku!» Ayollar esa aybdorlik tushunchasi bilan urmaydigan erni ham qo`l ko`tarishga majbur qilishadi: «O`zim xato qildim-da, sal muloyimroq gapirganimda, ko`zim ko`karmasdi
- Chora: avvalo, aybdorlik hissidan xalos bo`ling. Xatongizni tushundingizmi, o`zingizni azoblayvermang-da, uni to`g`irlang. Nima bo`lgan taqdirda ham jismoniy xo`rlanishga o`zingizni loyiq sanamang. Erkaklar o`zini hurmat qilgan, qadrlagan ayollarni sevishadi, unutmang.
Tan olish mas`uliyati
Eri uradigan ayolning oldida uch yo`l turadi. Bu yo`llarga qadam qo`yishdan oldin turmush o`rtog`ining unga qo`l ko`tarishini tan ola bilishi kerak.
1-yo`l: Chidab, ko`nib yashash. «Otam ham onamni urgan, qirqdan keyin quyilar», «Faqat ichgan payti uradi», «Bolalarimning otasi, ajrashsam, qaerga boraman!» kabi bahonalar tufayli taqdirga tan berish — mas`uliyatdan qochish va eski hammom — eski tos degani.
2-yo`l: ajrashish. Mas`uliyatni ikki karra his qiling. Ertaga farzandlaringizga oilangizni nega asramaganingizni tushuntirib berishingiz, kezi kelganda ota bo`lib turib berishingiz kerak.
3-yo`l: o`zgarish. Muammoda o`z hissasi borligini tan olib, ayol o`zini o`zgartirishi lozim.
Chora: muammoni sinov deya qabul qiling. Eringizning qo`llari bilan hayot sizni o`zgartirmoqchidir balkim? Lapshaygan ayol bo`lsangiz, dadillashingiz, bir gapga o`nta qilib javob qaytaradigan bo`lsangiz, tilingizni tiyishingiz bilan muammongiz echim topishi ham mumkin.
Qaynonaning «o`yini»
Ayrim kelinlar «Erim bilan munosabatimiz yaxshi, qaynonam urdirtiradi-da», deya nolishadi. Xo`p, qaynonangiz zolim ekan, sizni xushlamaskan, o`g`lini qizg`anarkan, sababini bilarkansiz, u bilan munosabatlarni yaxshilang.
Chora: qaynonangizni yomon ko`rib, alamzada bo`lib yurganingiz bilan onasining ko`ngli uchun sizni jismonan va ruhan azoblayotgan erkakka insof bitib qolmaydi. Turmush o`rtog`ingizga qaynona-kelin muammolarini uning aralashuvisiz ham hal qila olishingizni chiroyli qilib tushuntirib va isbotlab bering.
Birinchi marta qo`l ko`targanda...
Juftliklar turmushining ilk yillarida bir-birini o`rganishadi, o`zaro qadriyatlarni shakllantirishadi. Er kishi avvalo xotiniga yuqoriroqdan kelib muomala qilib ko`radi. Masalan, o`z-o`zidan qochishini chimirib, «Tur!» deya to`ng`illaydi. Xotini ko`rqibgina «Xo`p», deya yugurib ketishidan zavqlanadi. Keyin so`kib ko`radi. Qarasa, arazlayapti-yu, indamayapti. Onasini tiliga olib haqorat ham qiladi. Ayol ikki-uch kun araz-gina qilib yuradi-yu, yana «janjal chiqmasin» deya dardini ichiga yutadi. Oxiri bir kun qo`l ham ko`taradi.
Chora: turmush o`rtog`ingiz mahramingiz, eng yaqiningiz. U bilan gaplashishni biling. Qo`pollik qilayaptimi, qovoq-tumshuq qilib yurmasdan yoki yig`lab siqtamasdan, bunday muomala sizga yoqmasligini tushuntiring. Aslo «Otam menga qattiq gapirmagan, otamki meni chertmagan!» deya qaynota-kuyovni solishtirmang. Bu eringizni battar avjlantiradi. U xotiniga otasimas, eri ekanligini isbotlash uchun ham qo`l ko`tarishi mumkin. Erkaklar ham ayolini ozorlagach, afsuslanadi, ammo tiliga ko`chira olmaydi. Sababi er-xotinlarning ko`pchiligi o`zaro gaplashishni bilishmaydi. Umr yo`ldoshingizga «Men urishga loyiq ayolmasman! Shu gapni to`g`ri tushuntirsangiz ham tushunaman! Biz mehr-muhabbatda yashashimiz kerak! Bolalarimiz kelajagi uchun ham bu muhim!» deya xotirjam gapiring. Shundagina bu hol ikkinchi marta takrorlanishining oldini olasiz.
MUXLISA.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi