AsosiySUG'DIYONA

YaNGI YILGAChA OZMOQChIMISIZ? MARHAMAT, BUNING ODDIY ChORALARI BOR!

'YaNGI YILGAChA OZMOQChIMISIZ? MARHAMAT, BUNING ODDIY ChORALARI BOR!'ning rasmi

Sog`lom turmush tarzi salomatlik uchun ham, insonning tashqi ko`rinishi uchun ham koni foyda. Har bir ayol esa hamisha yosh ko`rinish va sarvi qomatini asrashni orzu qiladi. Faqat kimdir oshxonada bir piyola choy ho`plab bu boradagi o`y-xayollarga berilsa, boshqa biri «harakatda barakat» degancha orzusini amalga oshirishga kirishadi. Siz ham ozish istagida bo`lsangiz, tavsiyalarimiz aynan siz uchun!

Hozirgi kunda reklamalarda ozishning eng zamonaviy uslublari taklif qilinmoqda. Bugungi kunda ayollarning ozish borasidagi orzusi ushalishi uchun maxsus jihozlangan, barcha sharoitlarga ega sport zallari ko`p. Ularda istagan sport turingiz bilan shug`ullanishingiz mumkin. Aslida ayol zoti ikkilanuvchan bo`ladi. Uchta ko`ylagi bo`lsa, «qay birini kiysam ekan», deb bir hafta bosh qotirishi mumkin. Bu qadar xilma-xil sport mashg`ulotlari ichida ham o`ziga mosini tanlash oson bo`lmasa keragov... Quyidagi ma`lumotlarni bilib olsangiz, bu «boshqotirma» ancha oydinlashadi.

Asosiy qoidalar

  • Qay sport turi bilan shug`ullanishingizdan qat`i nazar, mashg`ulotdan 2 yoki 3 soat oldin ovqatlanish lozim.
  • Yarim yoki bir soat avval ovqatlangan bo`lsangiz, tananing quvvati hazm qilishga sarflangani bois mashg`ulot asnosida ko`nglingiz behuzur bo`lishi mumkin.
  • Mashg`ulotdan keyin ham 1 soat davomida ovqatlanmaslik tavsiya qilinadi. Juda ochiqib ketsangiz, engil biror nima (sharbat yoki meva) tamaddi qilib olishingiz mumkin.
  • Suvni esa istagancha ichish mumkin. Faqat kam-kamdan, qultumlab iching.

Raqs

Ozishni istovchilarga haftada 3 marta, 30‑40 daqiqa mobaynida raqs tushish tavsiya etiladi. Tadqiqotlardan ma`lum bo`lishicha, bu ozishning eng oson, maroqli va kayfiyatni ko`taruvchi yo`li ekan. Rostdan ham:

  • Oson — u bilan shug`ullanish uchun hech qanday asbob‑anjom talab qilinmaydi.
  • Maroqli — ayollar qadim‑qadimdan raqsa tushishni yaxshi ko`rishgan.
  • Foydali — tarang tortilgan asablarni yumshatadi, charchoqni ketkazadi, gavdani tutish uchun foydali, nafas olish tizimini yaxshilaydi.

Aytishlaricha, raqs tushgan insonlar turli shamollash kasalliklariga kam chalinar ekan. Arabcha raqs ayollarning reproduktiv tizimi, xususan, bachadonga yaxshi ta`sir ko`rsatadi, lotin raqslarida esa oyoqlar chiniqadi.

Raqs bilan shug`ullanishni istagan ayollar uchun ma`lum bir yosh chegirmasi yo`q. Sport zallaridagi arab, lotin, milliy va yana turli‑tuman yo`nalishlardagi raqs mashg`ulotlarining Toshkent shahridagi sport zallarida narxi 54.000 dan 80.000 so`mgacha Davomiyligi 1 oy, haftada 3 marta, 1 soatdan.

Shuningdek…

Yugurish, yurish kabi sport turlari hech qanday maxsus asbob yoki tayyorgarlikni talab etmasligi bois ular bilan uyda ham shug`ullanish mumkin. Faqat bunda bir qoida yodingizda bo`lsin: sport mashg`ulotlari bilan kun ora shug`ullanish lozim. Shunda tanangiz va mushaklaringiz zo`riqib qolmaydi, bir kunlik tanaffusda tana o`zini tiklab oladi va vazn yo`qotish ham bir maromda kechadi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar