2018 yil 1 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga 25 yil to`ldi. Ikki davlat rahbarlari O`zbekiston – Chexiya hamkorligi tarixidagi ushbu sana munosabati bilan bir-birlarini qutladilar. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Chexiya Prezidenti Milosh Zemanning qutlovida bunday deyilgan: "Muhtaram Prezident janoblari, Sizni O`zbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan qutlash va o`zaro munosabatlar rivojidan mamnun ekanimni bildirishga ijozat bergaysiz".
"Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar faollashgani va o`zaro hamkorlikning mustahkamlangani biz uchun juda muhimdir, – deb ta`kidlagan Prezident Milosh Zeman o`z qutlovida. – Shu sababli, mening Chexiya Respublikasiga tashrif bilan kelishingizni so`rab yuborgan taklifimni qabul qilganingizdan g`oyat mamnunman. Shuningdek, men Sizning savdo sohasidagi to`siqlarni bartaraf etish va iqtisodiyotni rag`batlantirish orqali "O`zbekiston eshiklarini ochish yo`lida qilayotgan sa`y-harakatlaringizni yuksak qadrlayman. O`zbekiston Respublikasi biz uchun muhim iqtisodiy sherikdir".
Chexiya rahbari "Siz va Sizning yangi hukumatingiz tomonidan nafaqat iqtisodiyotda, balki tashqi siyosat, adliya, demokratiya va inson huquqlari sohalarida boshlangan islohotlar naqadar katta g`ayrat-shijoat bilan amalga oshirilayotgani ham tahsinga sazovor", deb ta`kidlagan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o`z qutlovida "O`tgan davrda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasida mustahkam do`stlik, o`zaro hurmat va anglashuv an`analariga asoslangan yaqin va samarali hamkorlik shakllangani quvonarlidir. Turli sohalar va shakllarda ochiq va amaliy muloqot faol davom ettirilmoqda, savdo-iqtisodiy aloqalar, madaniyat va ta`lim sohalarida mazmunli almashinuvlar izchil rivojlanmoqda", deb alohida ta`kidlagan.
Davlatimiz rahbari "O`zbekiston Chexiya bilan ko`p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirishga qat`iy intilishini, amaliy hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqlayman", deb qayd etgan.
O`zbekiston Prezidenti "oliy darajadagi bo`lg`usi muloqotlar O`zbekiston – Chexiya hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari bo`yicha fikr almashish hamda ularni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga xizmat qiladi", deb ishonch bildirgan.
05.01.2018 12:00
O`ZBEKISTON VA ChEXIYa RESPUBLIKASI O`RTASIDA DIPLOMATIK MUNOSABATLAR O`RNATILGANIGA 25 YIL TO`LDI






