2018 yilning 5 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator qonun loyihalarini ko`rib chiqdilar.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida parlamentimiz turli sohalarni tubdan yaxshilashga qaratilgan samarali qonunlarni ishlab chiqishi zarurligini alohida ta`kidlab o`tdi. Shu boisdan ham deputatlar qonun loyihalarini muhokama qilish chog`ida davlatimiz rahbari tomondan belgilab berilgan vazifalarni amalda ro`yobga chiqarishga alohida e`tibor qaratdilar.
Majlis “Mediasiya to`g`risida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda ko`rib chiqishdan boshlandi. Mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda nizolarni mustaqil shaxslar – mediatorlar ishtirokida bartaraf etishning muqobil usullarini rivojlantirish hamda sudlar zimmasidagi yukni engillashtirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Shu ma`noda deputatlar mamlakatimizda mahalla oqsoqollari azal-azaldan qo`shnilar, oila a`zolari, er-xotin va hokazolar o`rtasidagi mojarolarni hal etish vazifasini bajarib kelganligini ta`kidlab o`tdilar. Bunday amaliyot O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilinganidan so`ng huquqiy asosga ega bo`ldi. Ushbu qaror fuqarolarning mahalliy o`zini o`zi boshqarish organlari huzurida tashkil etilgan yarashuv komissiyalarining faoliyatini tartibga soldi. Bunda, deputatlar ta`kidlab o`tishganidek, mazkur tartib-taomillar “mediasiya” atamasi bilan nomlanmaydi. Mediasiya deganda mojaroni xolis, adolatli, ushbu mojarodan manfaatdor bo`lmagan uchinchi tomon – mediator ishtirokida hal etishning muqobil shakli tushuniladi. Mediator tomonlarga nizo yuzasidan muayyan bitim tuzishga yordam beradi. Mediasiyada tomonlar nizoni bartaraf etishga hamda uni hal etish shart-sharoitlariga doir qaror qabul qilish jarayonini to`liq nazorat qila oladilar.
Deputatlarning ta`kidlashicha, nizolarni hal etishda mediasiyani qo`llash vaqtni tejash va nizolashuvchi tomonlarning – fuqarolar, tashkilotlarning, shu jumladan, tadbirkorlik sub`ektlarining sud xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi. Ular o`zlari o`rtasida yuzaga kelgan nizolarni sudgacha olib bormasdan, advokatlarni jalb etmasdan va sud muhokamasi bilan bog`liq davlat boji va xarajatlarni to`lamasdan o`zaro manfaatli shartlar asosida o`zlari uchun qulay joy va vaqtda tez hamda arzon hal etish imkoniyatiga ega bo`ladilar. Shunday qilib, tomonlarda yuzaga kelgan nizoni tez hal qilish imkoniyati paydo bo`ladi.
Shu bilan birga, “Mediasiya to`g`risida”gi qonunning qabul qilinishi nizolarni sudga qadar bartaraf etish sohasida yuzaga keluvchi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va keng ko`lamliligini ta`minlashini, nizolarni sudga qadar bartaraf etishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratishini alohida ta`kidlab o`tdilar.
Shundan so`ng deputatlar “Davlat xaridlari to`g`risida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda muhokama qildilar.
Deputatlar davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarga muvofiq to`g`ridan-to`g`ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning muhimligini alohida ta`kidladilar. Shu tufayli ham ko`rib chiqilayotgan qonun loyihasi muhim ahamiyatga molikdir.
Bundan tashqari, dunyoning ayrim mamlakatlari xalqaro tajribasini o`rganish shuni ko`rsatadiki, AQSh, Chili, Rossiya Federasiyasi, Belarus va Qozog`iston singari mamlakatlar davlat xaridlarining eng samarali tizimiga ega bo`lib, ularda xaridning butun jarayoni yagona hujjat – qonun bilan tartibga solinadi.
Majlisda ta`kidlab o`tilganidek, qonun loyihasi davlat xaridlari sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, shuningdek, amaliyotdagi mavjud qarama-qarshiliklar va eskirgan normalarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan. Deputatlar qonunning qabul qilinishi davlat xaridlari tizimining ochiqligi va shaffofligini oshirishini alohida ta`kidladilar. Chunonchi, qonun loyihasida davlat xaridlarining maxsus axborot portalini ochish nazarda tutilmoqda.
Shunday qilib, mamlakatimizda davlat xaridlarining aniq tizimi yo`lga qo`yiladi, u byudjet mablag`lari va boshqa moliyaviy mablag`lardan yuqori darajada samarali va oqilona foydalanishni ta`minlaydi. O`z navbatida, bu chora-tadbirlar ushbu sohadagi sog`lom raqobatni mustahkamlashga va korrupsiya holatlarini istisno etishga xizmat qiladi.
Shundan keyin deputatlar “O`zbekiston Respublikasi, Qozog`iston Respublikasi va Turkmaniston o`rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to`g`risidagi Shartnomani (Samaraqand, 2017 yil 10 noyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi qonun loyihasini ko`rib chiqdilar.
Shartnomada O`zbekiston, Qozog`iston va Turkmanistonning davlat chegaralari tutashgan nuqtasining hududi joylashgan er hamda tutashgan nuqta hududidagi davlat chegaralari liniyalari o`tadigan joy belgilab qo`yilgan, shuningdek, tegishli tavsif tuzilgan.
Mazkur huquqiy hujjatlarni muhokama qilish siyosiy partiyalar fraksiyalarining nuqtai nazarini inobatga olgan holda o`zaro manfaatli munozara shaklida o`tdi. Muhokama etilgan qonun loyihalarini ma`qullash hamda ikkinchi o`qishda ko`rib chiqish uchun tayyorlash to`g`risida qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Axborot xizmati