— Hozirda shaharlarda arzon uy joylar qurilmoqda. Uni kimlar olishi mumkin, arizani kimga topshirish kerak. Iltimos shu haqda ma`lumot bersangiz?
Adliya vazirligi tarqatgan xabarda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi 14-son qaroriga asosan shaharlarda qurilayotgan 5, 7 va 9 qavatli arzon ko`p kvartirali uylardagi kvartiralarni jismoniy shaxslarga biriktirish tuman hokimliklarida tuzilgan hududiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Ko`p kvartirali uylardan kvartira sotib olish uchun turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan jismoniy shaxs hududiy komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
-ariza;
-qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar;
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan jismoniy shaxsning quyida ko`rsatilgan mezonlardan biriga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar:
-o`z uy-joyining yo`qligi yoki eskirgan uylarda yashash;
-bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash;
-ko`p bolali oila;
-ona (ota)ning to`liq bo`lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi;
-ariza beruvchining oila a`zolari orasida surunkali kasallikning og`ir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj bo`lgan shaxslarning mavjudligi;
-oila tarkibida birinchi guruh nogironi mavjudligi;
-turar joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.
-tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta`limdan keyingi ta`lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar.
Hududiy komissiya har yili:
-joriy yil Dasturi doirasida qurilayotgan ko`p kvartirali uylardagi barcha kvartiralarni biriktirishni 1 fevralgacha bo`lgan muddatda tugallaydi;
-bo`lajak yilda quriladigan ko`p kvartirali uydagi barcha kvartiralarga potensial qarz oluvchilarning to`liq ro`yxatini
1 aprelgacha bankka taqdim etadi.
Jismoniy shaxs dastlabki badal mablag`larini unga kvartira biriktirilgandan keyin 60 kalendar kundan kechikmay 20406-son alohida jamg`arma depozit hisob raqamiga to`lashi shart.
Kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal to`lanmagan taqdirda hududiy komissiyaning kvartirani jismoniy shaxsga biriktirish haqidagi protokol qarori o`z kuchini yo`qotadi.