2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. O`tgan qisqa davr mobaynida hokimiyatning xalq saylagan vakillik organlari – parlament, xalq deputatlari kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va ahamiyati tubdan o`zgardi. Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirildi, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlanmoqda.
Ayni paytda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017 yil 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O`zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig`ilishidagi ma`ruzasida, shuningdek, 2017 yil 22 dekabrdagi parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida qonun ijodkorligidagi kamchiliklar, deputatlarda qonunchilik tashabbusi borasida faollikning etishmasligi asosli tanqid qilingan edi.
Prezidentimiz har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan – fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish, qonunlarni qabul qilish jarayonida ularni aholi o`rtasida har tomonlama muhokama qilish tizimidan samarali foydalanish borasida bir qator takliflarni ham ilgari surdilar. Qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish, demokratiyaning ilg`or mexanizmi sifatida jamoa bo`lib elektron murojaat kiritish tartibini tatbiq qilish, Oliy Majlis tarkibida ilmiy-amaliy tadqiqot va axborot-tahliliy faoliyatni olib boruvchi markazni tashkil etish kabilar shular jumlasidandir.
Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan takliflarni hayotga tatbiq etish, parlament, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta`minlash samaradorligini oshirish, parlamentning qonun ijodkorligi ishlari sifatini tubdan yaxshilash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi.
Institut zimmasiga bir necha yo`nalishdagi vazifalar yuklatildi. Institut birinchidan, qonunchilik muammolarini, normativ-huquqiy hujjatlarni va huquqni qo`llash amaliyotini, ya`ni qonunlarning hayotga qanday tatbiq etilayotganini o`rganadi, Oliy Majlis palatalarining faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlaydi.
Ikkinchidan, parlament palatalari, deputatlar va senatorlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta`minlaydi, ularning professionallik darajasini oshirishga ko`maklashadi. Jumladan, deputat yoki senator buyurtmasiga ko`ra biror-bir sohada kichik tadqiqot o`tkazib, tegishli muammoning echimiga qaratilgan ilmiy asoslangan ma`lumotnomalar tayyorlab beradi. Yoki qonun loyihasini tayyorlash bo`yicha bergan taklifini amalga oshirishda metodik, amaliy ko`mak beradi.
Uchinchidan, huquq, siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar o`tkazadi, ilg`or xalqaro tajribani hisobga olgan holda qonunchilikni rivojlantirishning ilmiy konsepsiyalarini ishlab chiqadi. Masalan, hozir bizda aksariyat kodekslarning qabul qilinganiga 20 yildan oshdi, o`tgan davr mobaynida hayotimizda ko`plab o`zgarishlar bo`ldi, ayniqsa, Harakatlar strategiyasida bir qator dolzarb vazifalar belgilandi, shulardan kelib chiqib milliy qonunchiligimizning rivojlanish tendensiyalarini aniqlashga qaratilgan konsepsiyalarni yoki boshqacha aytganda “yo`l xaritalar”i ishlab chiqiladi. Bugungi kunda jami 20 mingga yaqin qonun hujjatlari mavjud bo`lib, shundan atigi 2,1 foizi qonunlar. Institut mazkur ko`rsatkich salmog`ini, qonunlarning ulushini oshirish, eng muhimi to`g`ridan-to`g`ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish borasida tashabbuslar bilan chiqadi.