AsosiySavol-javob

“FARZANDIMNI «BUNYoDKOR» FUTBOL MAKTABIGA QANDAY JOYLAShTIRAMAN?”

'“FARZANDIMNI «BUNYoDKOR» FUTBOL MAKTABIGA  QANDAY JOYLAShTIRAMAN?”'ning rasmi

Farzandim futbolga juda qiziqadi. Uni “Bunyodkor” futbol maktabiga qanday joylashtirishim mumkin?

Telegramm orqali berilgan savol

Bahodir Mahkamov, “Bunyodkor” futbol maktabi rahbari o`rinbosari:
— Toshkent shahrida istiqomat qiluvchilar futbolga qiziquvchan farzandlarini 6-14 yoshlarida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan “Bunyodkor” futbol maktabiga olib kelishlari mumkin. Maktabda akademiya ham tashkil etilgan. U viloyatlardan kelgan bolalarga moslashtirilgan. Respublikamizning turli hududlaridan kelgan o`quvchilar bu erda yotoqxona bilan ta`minlanadi. Akademiyaga har yili 25 maydan 25 avgustga qadar 12-16 yoshlilar o`rtasida o`tkaziladigan tanlovlardan o`tgan bolalar qabul qilinadi. Ammo tanlov ishtirokchilari o`z hududlaridagi futbol maktablarida ta`lim olayotgan bo`lishlari shart. Farzandingiz har yili bo`lib o`tadigan mazkur tanlovdan muvaffaqiyatli o`tsa, “Bunyodkor” akademiyasida futbol sirlarini o`rganish imkoniyatini qo`lga kiritishi mumkin.

Agar farzandingiz futbolga qiziqsa, eng avval o`z hududingizdagi futbol maktablariga bering. 12 yoshga to`lganida “Bunyodkor” futbol maktabi tomonidan o`tkaziladigan saralash tanloviga olib kelishingiz mumkin.

Bu haqda to`liq ma`lumotga ega bo`lishni istaganlar “Bunyodkor” futbol klubining 230-42-28 telefon raqamlariga murojaat etishlari mumkin.

    Boshqa yangiliklar