Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi 10 yanvar kuni Dushanbeda savdo-iqtisodiy hamkorlik, shuningdek davlat chegarasining delimitasiyasi va demarkasiyasi bo`yicha O`zbekiston-Tojikiston Hukumatlararo komissiyalari yig`ilishi ishida ishtirok etadi.
Ushbu muzokaralarda Tojikiston delegasiyasiga mamlakat bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchilik qiladi, deb xabar bermoqda «AP» Tojikiston hukumatidagi manbaga tayangan holda.
Manbaning xabar berishicha, ertaga Aripov Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan ham uchrashuv o`tkazadi.
Shuningdek, Abdulla Aripov ertaga O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga bahor oylari boshiga rejalashtirilgan birinchi rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko`rish masalasini muhokama qiladi.