Avval xabar berganimizdek, Shavkat Mirziyoev Chirchiq shahridagi harbiy qismlardan biriga tashrif buyurdi. Mazkur harbiy qism O`zbekiston Prezidentning 2017 yil 12 dekabrdagi farmoni bilan qayta tashkil qilingan. Bu erda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda tizimli ishlar olib borilmoqda, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoev 10 yanvar kuni Chirchiq shahridagi harbiy qismga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 dekabrdagi farmoni bilan qayta tashkil qilingan mazkur harbiy qismda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev harbiylar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, harbiylar bilan suhbatda bo`ldi.
Tashrif davomida Prezident jangovor tayyorgarlikda foydalaniladigan moddiy vositalar, harbiy xizmatchilarning kiyim-kechak ta`minoti bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoevga Toshkent viloyati harbiy-ma`muriy sektori faoliyatini 2018 yilda tashkillashtirish bo`yicha «yo`l xaritasi», yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi, O`zbekiston Yoshlar ittifoqining Mudofaa vazirligi tizimidagi boshlang`ich tashkilotining tashkiliy tuzilmasi, yosh harbiy xizmatchilarni rag`batlantirish kabi istiqbolda qilinadigan ishlar to`g`risida ma`lumotlar berildi.






