Prezident Shavkat Mirziyoev Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag`ishlangan yig`ilishda elchilar ma`naviyatiga alohida e`tibor qaratdi.
O`zingiz ayting, elchi degan odam o`zbek xalqining boy tarixini, madaniyatini, milliy qadriyatlarini, vatandoshlarining dardu tashvishlarini yaqindan bilmasa, ularni yuragidan o`tkazmasa, qanday qilib O`zbekistonni dunyoga tanitishi mumkin, dedi davlatimiz rahbari. Deylik, Alisher Navoiydan, Boburdan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovdan ikki qator she`r ayta olmasa, eng yomoni, ona tilimizni mukammal bilmasa, qanday qilib haqiqiy elchi bo`lishi mumkin?
Men shu ma`noda Janubiy Koreyadagi elchimiz Vitaliy Vasilevich Fenga alohida rahmat aytishni o`zimning burchim, deb bilaman.
Bu odam shuncha yildan buyon elchilik lavozimida samarali ishlayotgani, Janubiy Koreya bilan iqtisodiy, investisiyaviy aloqalarni jadal rivojlantirayotgani albatta e`tiborga loyiq, lekin uning xalqimizga juda katta hurmat bildirib, o`zbek tilida ravon gapirishi barcha elchilarimizga o`rnak bo`lishi kerak.
O`zingiz ayting, O`zbekistonning chet eldagi elchisi bo`lsa-yu, o`zbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?
13.01.2018 09:03
Shavkat Mirziyoev: O`zbekiston elchisi o`zbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?






