Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov 40 ga yaqin harbiy xizmatchini ishdan bo`shatib, 36 nafarining lavozimini pasaytirdi. Bu haqda 10 yanvar kuni o`tkazilgan O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining majlisida Shavkat Mirziyoev ma`lum qildi.
— Men mudofaa vazirining tavsiyasiga binoan, vazirning ikkita o`rinbosari, Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbari va Chirchiq harbiy bilim yurti boshlig`ini lavozimidan ozod qildim. Hozirgacha harbiy okrug qo`shin qo`mondoni vazifasini vaqtincha bajarib kelayotganlardan biri bu lavozimga tasdiqlanmadi.Ayni paytda, qo`yilgan talablarga javob bermayotgan va qo`shinlar bilan faol ishlashdan o`zini chetga olgan 40 ga yaqin harbiy xizmatchi mudofaa vaziri tomonidan ishdan bo`shatilgani, 36 nafarining lavozimi pasaytirilgani nimadan dalolat beradi? Bu birinchi navbatda, sohada harbiy kadrlar faoliyatini aniq baholashning reyting tizimi mavjud emasligini, oqibatda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yish ishlari qoniqarsiz ekanini ko`rsatadi.Mana shu va boshqa mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, tizimda barcha ishlarni zamon talablari darajasida tashkil etish, harbiy sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida men Bosh shtab boshlig`i hamda barcha harbiy okrug qo`mondonlarini yangitdan tayinladim. Bu vazirimizning tavsiyasi bilan bo`ldi. Nega desangiz, ular bilan vazir ishlaydi. Abdusalom Azizovni Ichki ishlar vazirligidan Mudofaa vazirligiga qo`yganim bejiz emas. Bu Mudofaa vazirligidagi muhitni mutlaqo o`zgartirish kerak.Shu munosabat bilan barchangizni ogohlantirib aytmoqchiman: 2018 yil sizlar uchun katta sinov yili bo`ladi. Nega deganda, har qaysi okrug oldida turgan vazifalar, mavjud tahdid va xavf-xatarlar bir-biriga o`xshamaydi. Buni har qaysi rahbar chuqur bilishi va o`z faoliyati uchun zarur xulosa chiqarib olishi darkor.
Shavkat Mirziyoev, O`zbekiston Prezidenti