Amerika Qo`shma Shtatlari Markaziy Osiyoda "S5+1" formatida uchrashuv o`tkazishni rejalashtirmoqda.
"S5+1" Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining muloqotini anglatadi. O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibining ushbu formatdagi ilk uchrashuvi 2015 yil 1 noyabrda Samarqandda bo`lib o`tgan.
Xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarga ko`ra, AQSh Davlat kotibi yordamchisining birinchi o`rinbosari Elis Uells "S5+1" formatidagi sheriklikni amaliy va samarali deb atagan.
Avvalgi ma`muriyat tomonidan yo`lga qo`yilgan bu format AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan ham to`la qo`llab-quvvatlanmoqda. Davlat kotibimiz Reks Tillerson Nyu-Yorkda o`z hamkasblari bilan bu doirada uchrashgandi. Kelgusida Markaziy Osiyoda shunday uchrashuv o`tkaziladi. Bu loyihani mustahkamlash uchun AQSh Kongressi 15 million dollar mablag` ajratgan, degan Elis Uells.
Uning so`zlariga ko`ra, Amerika Qo`shma Shtatlari Markaziy Osiyo birlashayotgani va mintaqaning umumiy muammolarini hal qilayotganidan xursand.
Ishonch bilan aytish mumkinki, bunday natijaga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi va sa`y-harakatlari tufayli erishildi.
Shavkat Mirziyoev o`zining saylovoldi dasturida, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida O`zbekiston barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo`shni mamlakatlar bilan o`zaro manfaatli hamkorlik qilishini ta`kidlagan edi.
Bu maqsadlar 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida o`z ifodasini topdi. Chuqur o`ylangan, o`zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, O`zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo`shnichilik muhitini mustahkamlash, davlat chegarasini delimitasiya va demarkasiya qilishni hal etish kabi masalalar ustuvor yo`nalishlar etib belgilandi.
O`tgan qisqa vaqtda bu borada tarixiy qadamlar qo`yildi. Prezidentimiz ilk davlat tashriflarini qo`shni mamlakatlarga amalga oshirdi. Qozog`iston va Qirg`iziston Prezidentlari davlat tashrifi bilan Toshkentda bo`ldi. Tojikistonga oliy darajadagi safar rejalashtirilmoqda. Bu O`zbekiston tashqi siyosatda yaxshi qo`shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganini yaqqol tasdiqladi.
Shavkat Mirziyoevning tashabbusi va siyosiy irodasi tufayli mintaqada ishonch darajasi sezilarli oshdi. Davlat chegaralari, suvdan foydalanish muammolari, transport yo`laklari, savdo aloqalari, hududlar hamkorligi kabi ko`plab masalalar bo`yicha o`zaro manfaatli echimlar topishga erishildi.
Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so`zlagan nutqida O`zbekiston bugungi kunda o`zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta`kidladi. “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O`zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo`shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo – biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. O`zbekiston o`zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo`shnichilikni mustahkamlashning qat`iy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo`yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan edi davlatimiz rahbari.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017 yil 10-11 noyabr kunlari “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo`lidagi hamkorlik” mavzusida yirik xalqaro konferensiya o`tkazildi. Konferensiyada Prezidentimiz nutq so`zlab, Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylantirish, ulkan hududda tinchlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlash bo`yicha dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Qo`shni davlatlar vakillari ularni qo`llab-quvvatlab, mintaqa oldidagi dolzarb masalalarni muhokama qildi, umumiy yondashuvlar va istiqboldagi vazifalarni belgilab oldi.
Mintaqamizdagi bunday ijobiy o`zgarishlarni Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp ham e`tirof etdi. 2017 yil 19 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bilan telefon orqali muloqotda AQSh Prezidenti O`zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo`shnilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperasiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati va faol sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi.
"S5+1" formatida o`tkaziladigan navbatdagi uchrashuv Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.






