1

Hech bir ne`mat ona sutiga teng kelolmaydi (yosh onalar o`qimasin!!!)

Salomatlik 12.04.2014, 14:07
Hech bir ne`mat ona sutiga teng kelolmaydi (yosh onalar o`qimasin!!!)

“Onam o`zi tug`masidan ham bir necha yillar avval doyalikni boshlagan. Chunki, Onam-onam” deb yo`qlab turadiganlarning ba`zilari eng katta akamdan ham bir necha yosh katta. Onamning aytishicha, (u davrlarda deb gap boshlamoqchi emasman, muustaqillikka erishganimizda yoshim endigina ettini qoralagandi, xolos!) ishlab yurgan kezlari tug`ruqxonalarda endigina dunyo yuzini ko`rgan chaqaloq onasidan bir necha kungacha ajratib qo`yilgan. Shu payt davomida darddan bo`shangan ayolllarning suti yoppasiga sog`ib olinib, aralashtirib chaqaloqlarga berilavergan! Bilmadim, hozir tumanimizda men tenggi qancha ko`kaldoshlarim bordir?!! Menimcha bu sizlarga yangilik emas!

Ana xolos, o`zing ko`rmagan davrlarni qoralashni boshladingmi demang! Bunaqa niyatim ham yo`q! O`sha paytda biron ayolning bolamga begona ayolning sutini bermang, deb janjal qilgani haqida onam hech narsa demaganlar. Tug`ruqxonadan keyin ham onalar bir-birining chaqalog`ini bexijolat emizavergan shekilli, o`zimdan misol: amakimning xotinini ham ikkinchi ona sifatida qadrlayveraman.

Uzundan uzoq kirish so`zi qilmasdan maqsadga ko`cha qolay: hamma ona ham ona! Hamma ona suti ham birdek muqaddas! (VA FOYDALI!)

1.ONA SUTI INFEKSIYaLARDAN HIMOYa QILADI

Farzandim dunyoga kelganida dastlabki kunlarda ayolim uni emiza olmadi! Och qolgan go`dakka esa buning qizig`i yo`q: chinqirgani – chinqirgan! Ammo, palatadoshlardan birontasi chaqaloqni emizgisi kelmadi! Vo! Meniki ham farishta emas. Begona ayolga u ham bolasini emizdirgisi kelmagan! Kasalliklar o`tarmish.... Ol-a, u holda neonatolog opamiz “Ona suti infeksiyalardan himoya qiladi” deb qulog`imizga tanbur chertibdilar-da! (Xudo ko`rsatmasin, tarix g`ildiragi orqaga qaytib, onam doyalik qilgan davrlar kelsa, bugungi yosh onalar dodini kimga aytardi?) Oqibat, ilk kunlardan boshlab, bola vaqtincha bo`lsa ham sun`iy oziqlantirildi. Shukur-ki, ona sutidan ham bebahra qolmadi.

Savol: xo`sh, bu yoshgina kelinchaklar qachondan boshlab ona sutining ilohiy qudratiga shubha qilishni boshladilar? Axir, ular o`sha 70-80 yillarda bir-birining bolasini iymanishlarsiz emizib ketavergan onalarning qizlari-ku! Din nuqtai nazaridan olsak ham, zarurat kuchli bo`lsa, begona bolani emizishga ruxsat etiladi.

2. YuZTA NONNING PULIGA TENG

Avvalo, har kim o`z bolasiga o`zi ega bo`lsin, o`zi emizsin! Ammo, ayollarda bunday xudbinlikning paydo bo`lishiga xizmat qilayotgan va biz ko`p ham ilg`amaydigan boshqa omillar ham bor! Neonatologiya bo`yicha mutaxassislardan birining “Bundan o`ttiz yillar oldin bolasiga sun`iy ovqat beradiganlar ko`payib ketgandi” degan fikrini hurmat qilaman! Ammo, bu fikrni o`tgan zamon fe`lida aytmaganlari durustroq edimi?!!
Nega-ki, bolalar sun`iy ozuqalari hozir ham bozori chaqqon tovarlardan biri! Turiga, brendiga, necha oylik bolaga mo`ljallanganiga qarab ularni 30 tadan tortib 100 tagacha buxankaning puliga sotib olsa bo`ladi, hatto-ki, yarim qop unning narxiga tenglari ham bor! Bitta xorijda ishlab chiqarilgan bo`tqaning oddiysi 5-7 kunga etishini inobatga olsak, bir chaqaloqni oyoqqa turg`azguncha oila byudjetining kattagina qismiga yaxshiga ta`sir ko`rsatishi hech gap emas! Tag`in, men undan 1,5-3 barobar qimmatrog`i haqida gapirmayapman. Bola uchun jonimizni beradigan xalqmiz, shunday ekan xarajatdan ham qochmaymiz! Ammo, menga qiziq, tinimsiz onam mehriga qiyoslab qilingan reklama shu qadar yosh ota-onalarga ta`sir qilgan-ki, go`yo-ki, bu mahsulotlardan chaqalog`ingizga olib bermasangiz, beixtiyor o`zingizni ham farzandingizga bemehr, unga kelganda ziqnalik qiladigan ota-onadek his qilishingiz hech gap emas!

Tug`ruqhonaga qaytamiz! Huv o`shanda, och qolgan begona chaqalokni emizishni, begona ayollarga esa o`z chaqalog`ini emizdirishni istamagan yosh onalarning ichida boshqa iddaosi bo`lgan: “Ana, do`konlar to`la bolalar bo`tqasi! O`shandan obersin!” deb vijdon hovuriga suv sepib o`tiraverishgan, aslida!

3. BU O`ZIMGA HAM QIZIQ!

Nega endi savdo rastalarining kattagina qismini xorijda ishlab chiqarilayotgan bolalar sun`iy ozuqalari egallab olgan? Nega endi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga asosiy e`tibor berilayotganidan unumli foydalanib, mahalliy ishlab chiqarvchilarimiz ushbu sohaga qiziqish bildirmayapti? Yoki bizda bolalar ozuqalarini ishlab chiqarish uchun etarli xom-ashyo yo`qmi? Yoki kosa tagida biron nimkosa yashirinmi? Monopoliya?!!.... Ha, yo`g`-e, bizda axir xalol raqobatni rivojlantirishga xizmat qiluvchi maxsus  qo`mita ishlab turganida ortiqcha shubhalarga o`rin bo`lmasligi kerak!

SO`NGSO`Z O`RNIDA

Ha-ya, nega to`satdan bu mavzu ko`tarildi deysizmi? Kecha salkam 2 yillik tanaffusdan so`ng yana bolalar sun`iy ozuqasidan sotib olishni boshladim! Chillasi chiqayotgan ikkinchi farzandimga! “Made in Uzbekistan” deganidan izladim, topolmadim! Har holda men kirgan do`konda yo`q ekan. Yana qo`llarim ixtiyoriymi, majburiymi xorijda ishlab chiqarilganiga yugurdi. Yozganlarim o`shaning ta`siri, shekilli! Sizda bu borada fikrlar qanday?

AGAR MULOHAZALARINGIZ BO`LSA,

yashash manzilingiz, ism-familiyangizni to`liq yozib, shaxsiy imzongiz bilan bizga maktub yo`llang. Manzilimiz: Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko`chasi, 53-uy. Aloqa indeksi: 100060. Shuningdek, har kuni soat 09.00 dan 19.00 gacha (+99895) 194-64-16 raqamlariga qo`ng`iroq qilib yoki xatlar@darakchi.uz  manzili orqali o`z savollaringiz bilan murojaat qilishingiz mumkin.

HUSAN

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1