Lola Eltoeva! Yuzidagi nim tabassum, ovozidagi samimiyat, munosabatidagi oddiylik... Bu hislatlar aktirsani eslab qolishga majbur qiladi. Sahna va hayot! Bir-birini inkor etishi mumkin. Ammo YuRAK ikki maydonda ham bir xil urishi, his etishi lozim. Bu borada Lola Eltoeva omadli...
— Lola opa, yo`qotishlar odamni ulg`aytiradi, deyishadi...
— Suyanganlaringizdan ayrilish sizni tarbiyalaydi. Tarbiya, tajriba aytganingizdek, odamni ulg`aytiradi. O`zingizni isloh qila boshlaysiz, turli xil savollar oldingizda javob kutadi...
— ULG`AYISh yaxshimi?
— Avval otamdan, keyin onamdan ayrildim... Bilasizmi, bu yo`qotishlar zimmamdagi TO`NG`ICh farzand ma`suliyatini oshirdi. Atrofga, odamlarga munosabatim o`zgardi. Ulg`ayish yaxshi, bu inson uchun nihoyatda kerak. Dunyoni anglashga intilish odamiylikning nishonasi! Ammo qaniydi, kimnidir yo`qotmay yoki yiqilmay, qoqilmay ULG`AYSAK... Afsuski, hayotning shunday qonunlari borki, hech qachon ularni o`zgartirib bo`lmaydi.
— ...baribir omadlisiz! Muvafaqqiyatlaringiz siri nimada?
— Mashaqqat va mehnatda! Hech narsa sovg`a qilinmaydi, barcha orzularga harakat bilan erishiladi. Institutda o`qib yurgan kezlarimdayoq oldimga ulkan maqsadlarni qo`ygandim. Keyin atrofimda yaxshi odamlar ko`p, bu ham ishlaringiz unumi uchun nihoyatda zarur. Ko`ngil oling, ko`nglingiz to`ladi, deyishadi-ku!
— Ko`ngil olish... Bu jarayonda o`z ko`nglimiz necha marotaba “qoladi”...
— ...to`g`ri, ammo bu hayotiy prinsiplaringizni o`zgartirish uchun etarli sabab emas. Bu - men tanlagan yo`l. Undagi har bir vaziyat meniki! San`atkorning qismati bu borada yanada murakkab. Masalan, otamning vafotidan bir necha kun o`tib sahnaga chiqqanman. Dard bilan kulishga, kulib yig`lashga majbur edim. Barcha qiyinchiliklarni engib, ota-onamning ruhi uchun sahnada “o`ynaganman”!
— XXI asr... farzandlaringizni nimadan asragan bo`lardingiz?
— (O`ylanib) murakkab savol... Agar o`zimni nimadan asrashim haqida so`ralganda, balki tezroq javob berolgan bo`lardim. Bolalar... Nihoyatda murakkab davr! Taraqqiyotning jadal suratda davom etishi, axborot doirasining kengligi... Hozir aniq bir javob berishim qiyin. Yaratgandan farzandlarimning atrofida yaxshi odamlar bo`lsin, deb so`rayman.
— Bolalar hayrat manbaiga o`xshaydi?..
— Ularning o`z haqiqatlari bor. Kenjatoyimning ba`zi mulohazalarini eshitib o`ylanib qolaman. “Oyijon men maktabga bormayman, katta bo`lsam siz qarib qolarkansiz. Sizni qarishingizni istamayman, mayli faqat bog`chaga bora qolaman”, deydi... Qani edi hamisha dunyoni bolalarning samimiyati bilan ko`ra olsak!
— “O`zbekcha raqs”da ijroingizdan zavqlanmaslikning iloji yo`q. Asarni teatr sahnasida tomosha qilganimga uch yil bo`ldi... Hamon taassurotlarim yo`qolmagan...
— Rahmat! Mariya men uchun nihoyatda qadrli. Bu obrazning ustida juda ko`p ishladim. Har bir sahna murakkab, ichki kechinmalarga boy. Rus qizining o`zbekka “aylanishi” osonmas. Sahnada voqealarga tayanib, tomoshabinni kulgusiga erishish mumkin. Lekin rolga professional yondoshmasangiz masharabozdan farqingiz qolmaydi. Shu ma`noda Maryamning tilini o`zlashatirish uchun rus dugonalarimni o`zbek tilida gapirtirib ko`rganman, o`zbekcha an`analarga ularning munosabatlarini o`rganganman...
— Nazarimda, rolni bu qadar “sho`ng`imasdan” ham ijro etishingiz mumkin edi...
— Balki, shunday qilsa bo`lar... Ammo men bunday qilolmayman. Asar yakunida Maryam nabiralari qurshovida “tanovar”ga raqsga tushadi. Uning harakatlarida butun umr — hayot aks etishi lozim. Bu nihoyatda psixologik jarayon. Tasavvur qiling, izlanmasdan shu obrazga kirishib bo`ladimi?
— Lola opa, o`zbek kinosida 35-40 yoshli aktyor va aktrisalarning holatiga biroz achinaman. Ayni tafakkur o`sgan, tajribaga to`lgan paytda ular “o`tish davri”ning odamlariga aylanib qoladi. Dunyo kinosi esa aynan shu davrni qadrlaydi?
— Hozir bizning nozik va alamli nuqtamizni eslatdingiz. Juda achinaman, imkoniyatlar hududi kengayib, hayotning past-u balandlarini tushunib, o`z xulosalaringizga ega bo`lgan paytda vaqt o`tishini kutish... Qaniydi rejissyorlarimiz 35-45 yoshli odamning psixologiyasi, tashvish, quvonchlarini aks ettiradigan kuchli dramatizmga boy loyihalar ustida ishlasa. Afsuski, ekranda qiz, kelinlardan keyin birdaniga “qaynona”, ko`pni ko`rgan “ona”ga aylanib qolamiz. Aslida ekranda aks etayotgan qahramonning to`la ma`nodagi qiyofasini ochish uchun HAYoTIY TAJRIBA suv va havodek zarur!
— Klassik aktrisa Sara Bernar 70 yoshida teatr sahnasida 13 yoshli Julettani ijro etgan. Siz hozir 18 yoshli qizning taqdirini ekranda aks ettira olasizmi?
— ...agar imkon berilsa uddalash vazifam! Aktrisa har doim ayniqsa, teatr aktrisasi “start”da turadi! Tashqi qiyofa muhim, lekin obrazning muvafaqqiyati uning yuragini tomoshabinga ko`rsatib berishda.
— Rollaringizni qizg`onasizmi?
— Yo`q, qizg`onmayman! Agar dublyoringiz maromiga etkazib ijro etsa faqat qoyil qolish kerak.
— Dublyorlarda bir-biridan “o`g`irlash” holatlari ham bo`ladi...
— ...bu boshqa masala! Har bir ijodkorning o`z uslubi bor. Agar dublyoringiz sizning topilmalaringizni o`zlashtirsa, bilingki, sizning ijodiy imkoniyatingiz unikidan keng. Yana bir holat: “o`g`irlangan” obraz soxta chiqadi. Qolaversa, o`z mahoratiga ishongan aktyor bu ishni qilmaydi.
— “Shu rol meniki bo`lishi kerak edi”, degan o`y bo`lganmi?
— (O`ylanib) ...yo`q!
— Shu rolni o`ynolmadim, degan armon-chi?
— Yo`q! Ko`proq o`zimga yuklatilgan vazifani maromiga etkazish haqida o`ylayman. O`ynolmagan rollarim yo`q, ammo meni kutayotgan OBRAZlar bor!
— O`tgan yillarga nisbatan pushaymon hissi qiynaydimi?
— O`ylayman, tahlil qilaman, ammo pushaymonlardan o`zimni asrayman. Armonlar bor... Otam kenja farzandimni ko`ra olmadi... Men hamisha ota-onam bilan maslakdosh edim. Ular olamdan o`tgach, o`zimni yolg`iz his etyapman. Odamga har doim yaqinlarining mehri, daldasi juda zarur. Har kuni ko`rishardik, suhbatlashardik, farzand ota-ona mehriga to`ymas ekan...
— Oila va ishda me`yor nuqtasini qanday belgilaysiz?
— Agar sabrli va tadbirkor bo`lsangiz menimcha uddaburon, havas qilgulik AYoLga aylanasiz. Yuz berayotgan jarayonlarni ilg`ab, unga aql bilan yondoshsangiz muammolarga echim topish oson kechadi.
Xulosa: Teshik quloq eshitadi, suyaksiz til gapiradi, deganlaridek... Xullas, “O`zbekcha raqs” spektakli bilan bog`liq gap-so`zlar qulog`imga chalingandi. Suhbat davomida gapni bir-ikki marta o`sha tomonga burdim, ammo Lola opa “g`iybat”ga bosh qo`shmadi. Bo`lib o`tgan voqealardan xabardorligim sabab, aktrisamizning kuchli irodasiga havasim keldi. Vaziyatlarning eng xolis echimi va bahosini vaqtning izmiga qo`yib bergani esa e`tirofga loyiq. Muvafaqqiyatning siri mehnat barobarida toza ko`ngil va kechira bilishdek fazilatga ham bog`liq, degan xulosaga keldim. Agar mulohazalar kimgadir ortiqcha ta`rifdek tuyulsa, Lola opa bilan dildan suhbat quring, degan bo`lardim.
Sevdo NIYoZOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Ziyovuddin KARIMBERDIEV
FAKT!
- Lola Eltoeva 1972 yilning 4 sentyabrida tug`ilgan.
- Bahriddin BOZOROV hamda Lola ELTOEVA. Ular 1999 yili turmush єurishgan. Uch o`g`illari bor. To`ng`ich o`g`ili — Firdavs, o`rtancha farzandi — Farodis, kenjasi esa Fikrat.
- Men hech qachon umr yo`ldoshimdan ustun bo`lishni orzu qilmaganman. Asosiysi, turmush o`rtoјim meni tushunsa va sevgan kasbim bilan shuјullanishimga єarshilik єilmasa, bo`lgani. Bahriddin aka tushungan, ziyoli inson. Sahnadagi partnyorlarimdan rashk qilgani, muvaffaqiyatimdan ori kelganini іech eslolmayman.
Rollari.
KINO:
- “O`tkan kunlar” 1997 yil,
- “Voiz” 1997 yil,
- “Erkak” 2005 yil,
- “Dilxiroj” 2002 yil,
- “Kelgindi kuyov” 2005 yil,
- “Ko`zlaring ma`yus” 2006 yil,
- “Arosat” 2009 yil,
- “Tubanlik” 2012 yil,
- “Parimzod” 2012 yil,
- “Quduq” 2014 yil,
- “Qora quzg`un” 2014 yil,
- “Xonadon egasi” 2014 yil,
- “Abadiyat charxi” 2010 yil,
- “So`nggi lahza” 2009 yil,
- “Jazo” 2007 yil,
- “Tundan tonggacha”,
- “Sevginator 2”...
TEATR:
- “Muxabbat sultoni” 1995 yil,
- “Kuloyim” 1994 yil,
- “Jinoyat ustida ushlansin” 1995 yil,
- “Piri koinot” 1998 yil,
- “Ufq” 1996 yil,
- “Boshi qotgan oshiqlar” 1996 yil,
- “Makr va muhabbat” 2006 yil,
- “Adibning umri” 2005 yil,
- “Xasrat bog`i” 2007 yil,
- “Bevalar” 2008 yil,
- “Tun albatta o`tadi” 2007 yil,
- “Uvaysiy” 2006 yil,
- “O`zbekcha raqs” 2009 yil,
- “Tong otgan taraflarda” 2013 yil.