«Qo`shni kelinning aybini qaynonasiga aytsam…»

Hidoyat sari 28.02.2018, 11:51
«Qo`shni kelinning aybini qaynonasiga aytsam…»

— Yaqinda turmush o`rtog`imning qo`shnimning kelini bilan chegaradan chiqib gaplashganini eshitib qoldim. To`g`risi, erimdan ham, qo`shnimdan ham buni kutmagandim. Juda qattiq ta`sir qildi menga. Turmush o`rtog`im aybini tan oldi, haqiqatan ham begona erkak va ayol gaplashishi kerak bo`lgan odob doirasidan chiqqanini aytib, u bilan boshqa gaplashmaslikka va`da berdi. Endi esa bir qarorga kelolmayapman, qo`shnim qilgan ishini qaynonasiga yoki uning turmush o`rtog`iga bildirishim kerakmi yoki yo`q? Vaholanki, qo`shni kelin o`zi yomon ayol emas, qo`li ochiq, sho`x-shodon — «bir qop yong`oq», xullas. Yomon niyatda emas, shunchaki hazillashib gaplashgan-u, hazil hazilga ulanib ketgan...

Rohat Izzatova, 35 yosh

Savolga «Hazrati Imom» jome masjidi imom-noibi, Habibulloh ABDURAZZOQOV javob beradi.
— Hech bir inson xato va kamchilikdan xoli emas. O`zi adashib qilgan gunoh ishlarni so`zlamaslik, o`zgalardan ayb axtarmaslik, birovning aybiga, xatosiga nogoh ko`zi tushib qolganida, uni yoymaslik dinimiz talablaridandir.

Mo`minning aybi, gunohini ko`rib qolgan kishi uni yashirishi mustahabdir. Xususan, xunuk ishlar obro`li, yomonligi kuzatilmagan kishidan sodir bo`lsa, uni ommaga oshkor qilmaslik zarur.

Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kim mo`minning aybini yashirsa, Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Yana bir o`rinda: «Yaxshilaringizning adashishlaridan ko`z yuminglar», deydilar (Abu Dovud rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: «Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o`z uyida ham sharmanda qiladi», deyiladi (Ibn Moja rivoyati).

Chunki ayblarni oshkor qilish, bir mo`mindan sodir bo`lgan ishni so`zlash yomonlikni yoyish hisoblanadi. Ulamolar: «Ishlarning a`losi ayblarni yashirishdir», deyishgan.

Fuzayl ibn Iyoz aytadi: «Mo`min yashiradi va nasihat qiladi, fojir esa oshkor qiladi va ayblaydi».

Biroq fisqu fujur ishlarni qilayotgan kishini ko`rganda, uni qaytarish vojib sanaladi. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardan biringiz munkar ishni ko`rsa, uni qo`li bilan o`zgartirsin, agar unga qodir bo`lmasa, tili bilan, agar bunga ham kuchi etmasa, ko`ngli bilan o`zgartirsin. Bu esa imonning eng zaifidir», deganlar (Muslim rivoyati).

Hech kimning biror musulmondan ayb qidirishi to`g`ri emas. Alloh taolo: «O`zgalardan ayb qidirmang» (Іujurot surasi, 12 oyat), deydi. Xato yoki gunoh qilgan mo`min Allohga tavba qilishi kerak. Kim bo`lishidan qat`i nazar, aybini birovga ochmasin. Chunki Alloh taolo: «Albatta, imon keltirgan kishilar o`rtasida buzuqliklar yoyilishini istaydigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir. Alloh bilur, sizlar bilmassiz» (Nur surasi, 19 oyat), deb marhamat qiladi.

Islom dini insonlarni faqat yaxshilikka targ`ib etadi. Bunday yo`l dinimizning naqadar insonparvarligiga, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning olamlarga rahmat qilib yuborilganlariga dalildir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1