1

Turkiyada 2018 yil “Troya yili” deb e`lon qilindi

Dunyo 14.03.2018, 12:33
Turkiyada 2018 yil “Troya yili” deb e`lon qilindi

Troya shahri qoldiqlari YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro`yxatiga kiritilganining 20 yilligi munosabati bilan Turkiyada 2018 yil “Troya yili” deb e`lon qilindi. Bu haqda chorshanba kuni "Jahon" axborot agentligi O`zAga ma`lum qildi.

Troyaning qoldiqlari Turkiyaning shimoli-g`arbiy qismida, Chanoqqal`a shahri janubidan 30 kilometrda joylashgan. Chanoqqal`a mamlakatning shimoli-g`arbida, Evropa va Osiyo qit`alari o`rtasida joylashgan.

Qadimda Hellespontos va Dardanel deb atalgan Chanoqqal`aning tarixi miloddan avvalgi 8500 yillarga borib taqaladi. Uning turli hududlarida mis, bronza va temir davrlariga oid maskanlar hamda topilmalarni ko`rish mumkin. Bronza davrining boshidan to bugungi kunga qadar istiqomat markazi hisoblanadigan Chanoqqal`a Onado`lu bilan Evropa hamda Oq dengiz bilan Qora dengizni bog`lab turuvchi ikki o`tish hududidan biri sanaladi. Mazkur hudud Rim va Vizantiya imperiyalari davrlarida o`zining portlari bilan muhim nuqta hisoblangan.

Tarixiy Galibolu yarimorolida ko`plab yodgorliklar, qal`alar va istehkomlar bilan birga Chanoqqal`a janglari sabablari, voqealar rivoji haqidagi ma`lumotlarga ega Chanoqqal`a dostoni targ`ibot markazi joylashgan. Tarixda ko`plab urushlar maydonlaridan biri hisoblanuvchi Galibolu yarimoroli yaqinida har yili 25 aprelda turklar va dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar ishtirokida Anzak kuni xotiralash marosimlari o`tkaziladi.

Bundan tashqari, hududda qadimiy Neandriya shahri, Aleksandriya Troas, Kestanbol qaynarbuloqlari, Apollon Sminteus ibodatxonasi, tarixiy Troya milliy istirohat bog`i, qadimiy Assos (Bahromqal`a) port shahri, Parion, Priapoz, G`oz tog`i (Ida) milliy istirohat bog`i, Kulchilar qaynarbuloqlari joy olgan.

Chanoqqal`a o`zining an`anaviy arxitekturasini saqlab qolgan holda go`zal maskanlari, Adatepa va Yashilyurt qishloqlari, Adatepa zaytunyog`i muzeyi, toshdan qurilgan uylari, musaffo dengizi, takrorlanmas manzaralari, shifobaxsh suvli Afrodita qaynarbulog`i, sharsharalari, dunyoga mashhur G`oz tog`lari (Ida) milliy istirohat bog`i, Bozja orol (Tenedos) Palento mayog`i, Bibi Maryam cherkovi, nafis ko`rfazchalar, Ayzama qumloq sohili, qadimiy Rim uylari bilan bezalgan tor ko`chalar hamda dunyoga mashhur uzum bog`larni ham o`z ichiga olgan.

Shuningdek, Troyaning taxminan 20 kilometr sharqida joylashgan Rim imperiyasi davriga oid ikki ming yillik Kamardara Rim suv kamari, Assos va Parion hududlarida joylashgan qadimiy shaharlarga oid topilmalar, Poliksena Lahiti saqlanayotgan Chanoqqal`a arxeologiya muzeyi, miloddan avvalgi 384-387 yillarda Aristotalesga mezbonlik qilgan Assos-Bahromqal`a, afsonaviy Zevs otlari va boshqalar hududning tarixiy meroslaridir.

Gomerning “Iliada” va “Odissey” dostonlarida aytib o`tilgan Chanoqqal`a viloyati chegarasida joylashgan “Hisortepa” deb ataluvchi Troya hududi 1871 yili nemis arxeologi Geynrix Shlayman boshchiligida tashkil etilgan qazish ishlarida kashf etilgan. Troya qadimiy shahri bu hududda uchraydigan 9 inshootning 3000 yildan ortiq tarixga ega ekanligi va Onado`lu, Egey va Bolqon tamaddunlarini bog`lab turishi jihatidan dunyoning eng ahamiyatli qadimiy shaharlaridan biri hisoblanadi va 1998 yilda YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro`yxatiga kiritilgan.

Joriy yilga mazkur ko`hna shahar nomi berilgani munosabati bilan mamlakatda va xorijiy davlatlarda madaniy, sport va sayyohlik marosimlari o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1