Namangan shahrida “Barkamol avlod – 2014” sport o`yinlarining final bosqichi yakunlandi.
Joriy yilning 29 may kuni katta bayram dasturi bilan boshlangan “Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari qizg`in va murosasiz bahslarga boy bo`ldi.
31 may kuni “Navbahor” markaziy stadionida mazkur musobaqalar g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Musobaqada eng ko`p medal jamg`arib, birinchi o`rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi eng qadrli va yuksak sovrin – O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Barkamol avlod – 2014” sport o`yinlari qatnashchilariga tabrigining asl nusxasi hamda Prezident sovg`asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida ikkinchi o`rinni egallagan Namangan va uchinchi pog`onadan joy olgan Samarqand viloyatlari jamoalariga Prezident sovg`asi – “Damas” avtomobillari topshirildi.
Sportning 16 turi – basketbol, voleybol, futbol, gandbol, shaxmat, og`ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo WTF, erkin va yunon-rum kurashi, suzish, engil atletika, tennis, stol tennisi, badiiy gimnastika bo`yicha bellashuvlarda 996 nafar yigit-qizlar ishtirok etdi. Kuchli sportchilar o`z mahoratini namoyish etib, 652 oltin, kumush va bronza medal uchun bahs olib bordi.
Musiqa sadolari ostida “Barkamol avlod – 2014” sport o`yinlarining bayrog`i tushirildi. Uni namanganlik yosh sportchilar akademik lisey va kasb-hunar kolleji o`quvchilarining navbatdagi final musobaqasiga mezbonlik qiladigan Jizzax viloyati vakillariga topshirdi.
“Barkamol avlod – 2014” sport o`yinlarining yopilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev ishtirok etdi.