1

Megapolislar bir soatlik zulmat og`ushida

Dunyo 26.03.2018, 13:56
Megapolislar bir soatlik zulmat og`ushida

Har yili mart oyining so`nggi yakshanbasiga o`tar kechasi sayyoramizda “Er soati” (Earth Hour) deb nomlangan tadbir o`tkaziladi. Bir qator yirik shaharlarda 60 daqiqa mobaynida chiroqlar o`chiriladi. Odamlar ham uylaridagi elektr asboblaridan foydalanishmaydi. Shu tariqa Jahon Yovvoyi tabiat jamg`armasi (WWF) sayyoramiz aholisi e`tiborini global iqlim o`zgarishlari muammosiga qaratadi.

Bu tadbir ilk bor 2007 yilda Avstraliyada The Sydney Morning Herald nashri bilan xamkorlikda o`tkazilgan edi. Oradan bir yil o`tib tashabbusni boshqa mamlakatlar ham qo`llab-quvvatladi. O`sha yili 35 mamlakatdagi 400dan ortiq shaharda “Er soati” o`tkazildi. Jumladan, jahonga mashhur, Nyu-Yorkdagi Empayr-steyt-bilding, Chikagodagi Uillis-tauer, San-Fransiskodagi “Oltin darvoza” ko`prigi, Atlantadagi Bank Amerikan-Plaza, Avstraliyadagi Sidney opera teatri, Rimdagi Kolizey, Stokgolm Qirollik saroyi (Shvesiya), Londondagi Siti-Xolli, Sietldagi Speys Nidl, Torontodagi CN Tower (Kanada)da chiroqlar o`chirilgan edi. 2009 yilda esa insoniyat tarixidagi eng olamshumul ekologik tadbirga aylandi. Shu yili tadbirda 74 mamlakat va 377 qatnashdi. 2010 yilda Er soati 27 martda bo`lib o`tdi. 107ta mamlakat va 1600 shaharda o`tkazilgan tadbir ishtirrk etuvchilar bo`yicha rekord o`rnatdi. Maqsad barcha-barchani — xususiy shaxslar, tashkilotlar, maktablar, tijorat muassasaralarini elektr manbaidan tejamli foydalanishga chaqirishdan iboratdir.

Bugungi kunda “Er soati” eng ommaviy ekologik tadbir bo`lib, har yili 2 milliarddan ortiq kishi ishtirok etadi. Tadbir 170 dan ortiq mamlakat va 7 mingdan ortiq shaharni qamrab oladi.

WWF odamlarga “Sayyoramizda siz kimsiz?” degan savolni berib, erdagi o`z qadamimizni bilish imkonini yaratib berdi. Taxlilchilarning fikricha, sayyoramizga bir yilda bir marta emas, balki har kuni yordam berish kerak.

Sir emaski, elektr energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanmaydigan resurslar — ko`mir, gaz va neftdan foydalaniladi. Bu o`z navbatida atmosferaga zaharli gazlarning chiqishiga sabab bo`ladi. Zaharli gazlar esa atmosferaning quyi qatlamida harorat ko`tarilishiga olib keladi. Yil sayin insoniyat ko`pdan ko`p energiya iste`mol qilmoqda. Bu o`z navbatida tabiatning ifloslanishga sabab bo`lmoqda. Atrof-muxitni ifloslanishdan asrashning eng oddiy usuli elektr energiyasidan samarali foydalanishdir. Shu sabab yirik shaharlar aholisiga bir qator tavsiyalar beriladi. Jumladan, energiya tejovchi kamida 20 yil foydalanish mumkin bo`lgan lampalardan foydalanish maqsadga muvoffiq ekani aytiladi. LED (svetodiod, ingizcha light-emitting diode) lampochkalariga hozirgi lampalarga qaraganda 85% kam energiya sarflanadi.

Shaharda sayr qiluvchilarning ko`proq jamoat transportidan foydalanishlari yoki piyoda yurishlari borasida maslahat beriladi. Bugungi kunda yirik megapolislarda zaharli gazlarning havoga chiqishini kamaytirish maqsadida elektromobillardan foydalanish yo`lga qo`yilmoqda.

Insoniyat neft va gaz zaxiralari mangu emasligini anglab etdi. Shu sababli bir qator mamlakatlarda samarali bo`lish bilan birga ekologik toza bo`lgan muqobil energiyaga murojaat qilinmoqda. Tahlilchilar yaqin 30-50 yil maboynida shahar transporti to`laligicha muqobil energiyaga o`tishini ta`kidlashmoqda. Biz atom energiyasidan qanchalik xavotir olmaylik, qachonlardir termoyadro sintezli dvigatellar paydo bo`lishi aniq. Bundan tashqari vodorod yoqilg`isida ishlovchi avtomobil yaratish ustida ish olib borilmoqda. Shu o`rinda suvni tejash ham dolzarb masalalardan biridir. Biz har kuni suvdan foydalanar, iste`mol qilar ekanmiz, ob-hayotning kun sayin kamayib borayotganini xayolimizga ham keltirmaymiz. Bugungi kunda er yuzida bir milliarddan ortiq kishi ichimlik suviga ehtiyojd sezmoqda.

Biroq ayrim tahlilchilar, “Er soati” samarasiz ekanini aytishadi. Masalan, tashkilotchilar fizika qonunlarini bilmasliklari aytiladi. Chunki, chiroqlar o`chirilgani bilan elektroenergiyasini ishlab chiqarish davom etaverishini unutish kerak emas. Elektr stansiyalaridagi turbinalar bir soat ham to`xtamasligi aniq. Elektr energiyani zaxirada ushlab turishning ham imkoni yo`q. Shunday ekan atmosferaga zaharli gaz chiqishi davom etaveradi, deguvchilar ham bor.

Sharofiddin To`laganov,

O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1