1

2027 yilga kelib lobbilash qonuniylashtiriladi, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmaydigan bo`ladi

Siyosat 29.03.2018, 16:54
2027 yilga kelib lobbilash qonuniylashtiriladi, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmaydigan bo`ladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 martdagi farmoyishida Qonunchilik ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy qoidalari va uni amalga oshirish muddatlari belgilab berildi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Eslatib o`tamiz, 2018 yil Davlat dasturining 1-bandida uning qabul qilinishi belgilangan, Konsepsiya ustidagi ish esa 1 avgustga kelib yakunlanishi kerak.

Davlatimiz rahbarining qarori bilan Qonunchilik palatasi Spikeri raisligida Ishchi komissiya tashkil etilgan. U mavjud qonunchilik ijodkorligi faoliyati tizimini chuqur tanqidiy tahlil qiladi, xorijiy tajribani o`rganadi, shuningdek mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etadi. Konsepsiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yiladi va Internet tarmog`ida joylashtiriladi.

Hujjat uzoq muddatli istiqbolda – 2027 yilgacha amal qilishi mo`ljallangan. Uning matni tayyor bo`lmasa-da, qabul qilingan farmoyish va 2018 yil Davlat dasturida Konsepsiyaning yakuniy variantiga kiritilishi kerak bo`lgan asosiy qoidalar belgilab berilgan.

Masalan, «aqlli tartibga solish» modellari va qabul qilinayotgan qarorlar ta`sirini tahlil qilish metodologiyasi (maksimal darajada ochiq va so`nggi maqsadga etganda samarador bo`lgan – tahr.) joriy etiladi. Qonunchilik ijodkorligining zamonaviy uslublari ham joriy etiladi. Ular sirasiga quyidagilar kiradi:

«one in two out» – bitta yangi qoida qabul qilinganda ikkita eskirgani bekor qilinadi (bu bilan ma`muriy chiqimlarning qisqartirilishi ta`minlanadi);
«sunset clauses» – muayyan vaqt o`tgandan keyin norma o`z kuchini yo`qotadi yoxud samaradorligini baholash yakunlariga ko`ra qayta ko`rib chiqilishi kerak bo`ladi (shu tariqa normalar eskirishining oldi olinadi);
«open ended» – zarurat tug`ilganda qoidaga cheklovlarsiz o`zgartirish va qo`shimchalar kiritiladi.

Ilgari vazirliklar, davlat qo`mitalari va idoralari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi amaliyotini qisqartirish to`g`risidagina so`z borgan bo`lsa, qabul qilingan farmoyishda uni to`liq bekor qilish nazarda tutilmoqda. Idoraviy hujjatlarni qabul qilish amaliyotiga barham berilishi kerak. Bundan tashqari, Prezident, Hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlari kamayadi. Tizimlashtirilgan, kodlashtirilgan, to`g`ridan-to`g`ri amal qiluvchi qonunlar ular o`rnini bosadi. Mazkur qonunlar yanada batafsil tus oladi, ularni qo`llash uchun qo`shimcha qonun hujjatlarini qabul qilish talab etilmaydi.

Shunisi e`tiborga loyiqki, lobbilash – qonunchilik ijodkorligi bo`yicha tashabbuslarni kiritish va ilgari surish tartibi ham ishlab chiqiladi. Hozir 8 ta sub`ekt: Prezident, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Konstitusiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror qonunchilik ijodkorligi bo`yicha tashabbus bilan chiqish huquqiga ega. Istiqbolda ushbu ro`yxat kengaytirilishi, mazkur organlar va u yoki bu qonun qabul qilinishidan manfaatdor shaxslar o`rtasidagi munosabatlar esa huquqiy tartibga solinishi mumkin.

Hujjat 28.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1