Prezident Shavkat Mirziyoev Manas qishlog`ida “Obod qishloq” dasturi asosida amalga oshirilgan ishlarni ko`zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Chekka hududda joylashgan bu qishloq e`tibordan chetda qolgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu erda keng ko`lamdagi ishlar amalga oshirildi. 34 ta ko`p qavatli uyning tomi to`liq qayta yopildi, rejasiz qurib tashlangan ko`rimsiz narsalar olib tashlanib, yangidan yordamchi binolar qurildi. Savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qurildi.
Atrofga mevali va manzarali daraxt ko`chatlari o`tqazildi.
Aholini ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsadida 6,5 kilometr uzunlikdagi suv quvuri yotqizildi. 41 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlarida tozalandi.
Ayollarni ish bilan ta`minlash maqsadida ikkita tikuvchilik sexi ishga tushirilib, 120 dan ziyod xotin-qiz ish bilan ta`minlandi.
Qishloq vrachlik punkti o`rnida zamonaviy oilaviy poliklinika bunyod etildi. Prezidentimiz ushbu poliklinikani kirib ko`rdi. Aholi salomatligini saqlash, kasalliklarni profilaktika qilish bo`yicha zarur ko`rsatmalar berdi.
Ikkita umumta`lim maktabi va maktabgacha ta`lim muassasalari to`liq ta`mirlanib, qayta jihozlandi. 17 ta bolalar maydonchasi qurildi. Minifutbol maydonlari, 250 o`rinli stadion barpo etildi.
Shavkat Mirziyoev maktabgacha ta`lim muassasasida bo`ldi.
Maktabgacha ta`lim tizimiga katta e`tibor qaratyapmiz, hamma joyda zamonaviy bog`chalar quryapmiz. Lekin uning fayzi, barakasi, asosiy maqsad-muddaosi tarbiyada, dedi Prezidentimiz. Farzandlarimizni bolalikdan yaxshi tarbiyalasak, o`z yo`lini, ishini topib ketadi.
Davlatimiz rahbari yangi qurib, foydalanishga topshirilgan novvoyxonaga ham kirdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to`g`risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga to`xtalib o`tildi. Bu ishlar aholi turmush tarzini yaxshilaydi, yurtimizni obod qiladi. Eng muhimi, odamlarning dunyoqarashini o`zgartiradi, dedi Shavkat Mirziyoev.









