1

O`zbekiston va Afg`oniston AKT vazirliklari o`rtasida memorandum imzolandi

Siyosat 04.04.2018, 17:29
O`zbekiston va Afg`oniston AKT vazirliklari o`rtasida memorandum imzolandi

O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligida Afg`oniston kommunikasiya va axborot texnologiyalari vaziri Shahzod Gul Aryobi boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Unda telekommunikasiya va axborot texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, jumladan, yuqori tezlikdagi tranzit aloqa kanallarini tashkil qilish, ikki mamlakat tarmoq operatorlari o`rtasidagi xalqaro telefon trafik sig`imini kengaytirish, internet tarmog`iga tezkor ulanishni tashkil qilish, AKT sohasida kadrlar tayyorlash kabi yangi yo`nalishlarda loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ta`kidlanganidek, ushbu loyihalar nafaqat aloqa sohasida, balki boshqa yo`nalishlarda ham hamkorlikning kengayishiga xizmat qiladi.

Muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida ikki mamlakat o`rtasida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish yo`nalishida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Strategik hamkorlik bo`yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjatdan ko`zlangan maqsad – ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, telekommunikasiya, axborot texnologiyalari va pochta xizmatlarini ko`rsatishda tajriba almashish hamda o`zaro aloqalarni kengaytirishdan iborat. Memorandumda, shuningdek, AKT sohasida texnik yordam ko`rsatish masalasi ham ko`zda tutilgan.

Anglashuv memorandumi asosida tomonlar hamkorlikka oid me`yoriy-huquqiy bazani takomillashtiradi, o`zaro daxldor bo`lgan telekommunikasiya va aloqa tarmoqlari hamda pochta aloqasi infratuzilmasini maqbullashtirish choralarini ko`radi. Xususan, Markaziy Osiyoga O`zbekiston orqali o`tadigan pochta tranzitining faoliyati ta`minlanadi.

Uchrashuvda tomonlar AKT sohasining turli yo`nalishlarida raqobatdoshlikni oshirish, "elektron hukumat" yo`nalishida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

– Afg`oniston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi chog`ida AKT sohasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ham kelishuvga erishilgan edi. Mazkur kelishuv asosida Afg`oniston AKT vaziri boshchiligidagi delegasiya bilan sohaning turli yo`nalishlarida yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish, birinchi galda Afg`oniston bo`yicha «Yo`l xaritasi»da belgilangan vazifalarni amalga oshirish, internet tranzitini oshirish masalalarini ko`rib chiqdik, – deydi O`zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo`jaev. – Afg`oniston tomoni o`z mutaxassislarining O`zbekistonda bilim va tajriba oshirishiga qiziqish bildirmoqda. Imzolangan memorandum doirasida afg`onistonlik talabalarni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlarida ta`lim olishini tashkil qilish ham ko`zda tutilgan.

Muzokaralar doirasida «O`zbektelekom» AK hamda «Afghan Telecom Corporation» o`rtasida Strategik hamkorlik bo`yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Telekommunikasiya sohasining iqtisodiy rivojlanishdagi o`rni hisobga olinib, tomonlar telekommunikasiya yo`nalishida o`zaro xizmat ko`rsatishni yo`lga qo`yishga kelishib oldilar.

– «Yo`l xaritasi»ga asosan vazirliklarimiz telekommunikasiya va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik yo`nalishlarini belgilab oldi. Biz bir-birimizni qo`llab-quvvatlab, internetga tezkor ulanishni tashkil qilish yuzasidan yangi imkoniyatlarni izlaymiz, – deydi «Afghan Telecom Corporation» bosh direktori Ajmal Ayan. – Xususan, tomonlar har ikkala mamlakatdagi xalqaro aloqa xizmatlariga ehtiyojni o`rganish, shunga ko`ra maqsadli ravishda «O`zbektelekom» va «Afghan Telecom Corporation» kompaniyalarining telekommunikasiya tarmoqlari o`rtasidagi o`zaro trafik o`tkazuvchanligini oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1