1

Prezident aholiga davlat xizmatlari ko`rsatish sifatini oshirish bo`yicha topshiriqlar berdi

Siyosat 05.04.2018, 09:24
Prezident aholiga davlat xizmatlari ko`rsatish sifatini oshirish bo`yicha topshiriqlar berdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 aprel kuni aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga davlat xizmatlari ko`rsatish borasidagi ishlarni tahlil qilish va eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko`rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. 2018 yil 1 yanvardan “yagona darcha” markazlari Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi.

Bugungi kunda mamlakatimiz bo`yicha 201 ta ana shunday markazlar tashkil etilgan. Ular tomonidan bolalarni maktabgacha ta`lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha ariza berish, fuqaroni jamg`arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo`yish, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlariga ulanish, loyiha hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat berish, yakka tartibda uy-joy qurishga ruxsat berish, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste`mol qilish uchun ruxsat berish kabi xizmatlar ko`rsatish yo`lga qo`yilgan.

Bunday xizmat turlari bosqichma-bosqich ko`paytirib boriladi. Bu barcha vazirlik va idoralarda butun faoliyatni avtomatlashtirish, ular o`rtasida elektron axborot almashuvini to`liq yo`lga qo`yishni talab etadi.

Yig`ilishda bu boradagi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga davlat xizmatlari bo`yicha elektron axborot tizimi va elektron ma`lumotlar bazasini yaratish, barcha davlat xizmatlari markazlarini optik tolali internetga ulash bo`yicha topshiriqlar berildi.

Davlat xizmatlari ko`rsatish qamrovi va sifati aholining axborot texnologiyalaridan foydalanish malakasiga ham bog`liq. Shu bois jismoniy va yuridik shaxslarning bu boradagi bilim va ko`nikmalarini oshirish, hujjatlarni elektron tarzda taqdim etish va olishga o`rgatish masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi.

Tadbirkorlarga qulayliklarni yanada oshirish, lisenziyalar va ruxsat berish tartib-qoidalarini keskin qisqartirish va soddalashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Xususan, barcha ruxsatnoma va lisenziyalarni elektron tizim orqali taqdim etish imkonini beradigan “Lisenziya” axborot kompleksini to`liq ishga tushirish vazifasi qo`yildi.

Yig`ilishda sohaga mas`ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Davlat xizmatlari ko`rsatish tizimini takomillashtirish bo`yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1