1

“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Siyosat 13.04.2018, 10:55
“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda oqilona foydalanishini ta`minlash, shu asnoda yangi ish o`rinlari tashkil etish va mahalliy aholining daromadlarini oshirish maqsadida:

1. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 18 martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to`g`risida”gi PF-4516-sonli Farmoniga asosan Jizzax viloyatida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi o`rinlarda “Jizzax” EIZ deb ataladi) Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani filiali tashkil etilgani va uning chegaralari tasdiqlangani ma`lumot uchun qabul qilinsin.

2. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari, O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasining “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi o`rinlarda “Sirdaryo” EIZ deb ataladi) “Jizzax” EIZ Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi filiali va Sirdaryo viloyatining Yangier shahridagi kichik sanoat zonasi negizida tashkil etish to`g`risidagi taklifi qabul qilinsin.

3. Quyidagilar “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo`nalishlari etib belgilansin:

Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalangan holda mahalliy mineral-xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo`shilgan qiymatga ega raqobatbardosh, import o`rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish;

meva-sabzavot va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to`qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmasevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo`nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to`g`ridan-to`g`ri xususiy investisiyalarni, shuningdek, xorijiy investisiyalarni faol jalb etish;

erkin iqtisodiy zona korxonalari o`rtasida hamda boshqa mahalliy korxonalar bilan mustahkam kooperasiya aloqalarini o`rnatish va rivojlantirish asosida mahalliy xom ashyo va materiallardan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;

“Sirdaryo” EIZ hududida ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikasiya, yo`l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, ushbu hududda sifatli logistika xizmatlari ko`rsatish bo`yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;

erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga bo`lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etishda va ularning erkin iqtisodiy zonada joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o`tashida qatnashish.

4. Sirdaryo viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining ma`muriy kengashi (G`.G`.Mirzaev) Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi, Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Sirdaryo” EIZning chegaralariga aniqlik kiritish, keyinchalik kengaytirish bo`yicha takliflarni ikki hafta muddatda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma`muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashiga kiritilishini ta`minlasin.

5. Belgilab qo`yilsinki:

“Sirdaryo” EIZ tarkibiga kiritilgan er maydonlari Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma`muriy kengashining bevosita tasarrufida bo`ladi;

“Sirdaryo” EIZning faoliyat yuritish muddati 30 yilni tashkil etadi va bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;

“Sirdaryo” EIZ faoliyat yuritadigan muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi;

“Sirdaryo” EIZ ishtirokchisi maqomi Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma`muriy kengashining qarori bilan beriladi;

sobiq Sirdaryo viloyatining Yangier shahridagi kichik sanoat zonasi ishtirokchilariga nisbatan, ushbu maqomni avval olgan bo`lsa, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 martdagi “Sirdaryo viloyatining Yangier shahrida kichik sanoat zonasini barpo etish to`g`risida”gi PQ-2860-sonli qarorida ko`zda tutilgan imtiyoz va engilliklar saqlanib qolinadi.

6. Shunday tartib o`rnatilsinki, unga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi, Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi, “O`zbekenergo” AJ, “O`ztransgaz” AJ hamda respublika va hududiy darajadagi muhandislik-kommunikasiya xizmatlari ko`rsatuvchilar erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bo`lgan xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning kommunikasiyalarga, ularni “Sirdaryo” EIZning hududigacha belgilangan tartibda kafolatli ulanishini ta`minlaydi.

7. O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi yillar uchun rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda belgilangan tartibda ularga “Sirdaryo” EIZning muhandislik-kommunikasiya, yo`l-transport va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha loyihalar kiritilishini nazarda tutsin.

8. “Sirdaryo” EIZ faoliyatini operativ boshqaruv funksiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo`stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to`g`risida”gi PF-5032-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Sirdaryo-farm” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga yuklatilsin va uning nomi “Sirdaryo” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga o`zgartirilib, xodimlari soni 3 nafardan 5 nafarga oshirilsin.

9. Belgilansinki, “Jizzax” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasining va “Jizzax” EIZ ishtirokchilarining Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Jizzax” EIZning filiali bo`yicha huquq va burchlari belgilangan tartibda “Sirdaryo” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasi va “Sirdaryo” EIZ ishtirokchilariga o`tadi.

10. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-4853-son Farmonining 3-, 4- va 5-bandlari qoidalari “Sirdaryo” EIZ ishtirokchilariga va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G`ijduvon”, “Qo`qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to`g`risida”gi PF-4931-sonli Farmonining 8-bandi qoidalari “Sirdaryo” EIZ direksiyasiga tatbiq etilsin.

11. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 18 martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to`g`risida”gi PF-4516-son Farmoniga ilovaga muvofiq o`zgartirishlar kiritilsin.

12. O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma`muriy kengashi bilan birgalikda:

bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risidagi takliflarni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ikki oy muddatda Sirdaryo viloyatining mavjud mineral–xom ashyo resurslarini inobatga olgan holda, “Sirdaryo” EIZ hududida import o`rnini bosuvchi va eksportga yo`naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo`yicha aniq takliflar – “yo`l xarita"lari ishlab chiqilishini ta`minlasin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisi S.R.Xolmuradov va Sirdaryo viloyati hokimi G`.G`.Mirzaev zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri, 2018 yil 12 aprel

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1