1

Prezidentimiz Mirzaobod tumanida minglab ish o`rinlari yaratayotgan “Bek klaster” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Siyosat 13.04.2018, 15:13
Prezidentimiz Mirzaobod tumanida minglab ish o`rinlari yaratayotgan “Bek klaster” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Bugun Sirdaryo viloyati zaminida etishtirilayotgan turfa xil qishloq xo`jaligi mahsulotlari, nafaqat ichki bozor, balki xorijda ham xaridorgir.

Bunda Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq xo`jaligida klaster usuli keng joriy etilayotgani muvaffaqiyatlar omili bo`layotir. Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo`shma korxona tomonidan tashkil etilgan zamonaviy gidroponik issiqxona bilan tanishdi. Bu erda mehnat qilayotgan xodimlar bilan muloqot qildi.

O`tgan yili Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida “Bek klaster” korxonasini tashkil etish loyihasi taqdim etilgandi. Ushbu loyiha ma`qullanib, davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilingandi. Qisqa davr ichida korxona tashkil etilib, unga Sirdaryo viloyatidan 18 ming gektar er ajratildi. Ushbu erlarda paxta, g`alla va boshqa donli ekinlar parvarishlanmoqda. Zamonaviy texnikalar xarid qilingan.

Mazkur ko`p tarmoqli klaster tomonidan Mirzaobod tumanida 100 gektar maydonda Janubiy Koreya texnologiyati asosida zamonaviy gidroponik issiqxona barpo qilinayotir. Bu erda yiliga 50 million dollarlik mahsulot etishtirish, ularni 100 foiz eksportga yo`naltirish rejalashtirilgan. Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida ip-kalava va jinsi matolari ishlab chiqarish korxonalari, uzumzor, anor bog`i tashkil etilmoqda.

Ayni paytda qo`shma korxona qoshida o`simlik mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash va tekshirish ilmiy-amaliy markazi faoliyatini yo`lga qo`yish rejalashtirilgan. Bu erda tuproq tahlili, o`simliklar biotexnologiyasi va himoyasi, seleksiya va paxta urug`chiligi, poliz va sabzavot urug`chiligi, o`simliklar genetikasi laboratoriyalari ochiladi. Asosiy maqsad qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko`paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashdan iborat. Eng muhimi, ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida minglab yangi ish o`rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari issiqxona konstruksiyalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, meva-sabzavotchilik bo`yicha mutaxassislar tayyorlash, klaster qoshida tashkil etiladigan ilmiy-amaliy markaz faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.

– Qishloq xo`jaligiga ilmiy yondashmay qo`yganimiz sababli, ayrim ekinlardan kutilgan hosilni ololmayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Shu jihatdan “Bek klaster” korxonasi qoshida ish boshlaydigan ilmiy-amaliy markaz faoliyatini qo`llab-quvvatlaymiz. Bunday markazlarni boshqa klasterlarda ham tashkil etish kerak. Biz nafaqat sifatli mahsulot etishtirish, uning xaridorini topishni ham o`ylashimiz lozim. Bugungi zamon shiddati shuni talab qiladi.

Prezident qishloq xo`jaligi texnikalarini ham ko`zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari “Social web solution” korxonasi mutaxassislari tomonidan yaratilgan AKT dasturiga alohida e`tibor qaratdi. Bu dastur elektron savdoni kengaytirish, internet orqali ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish borasida aholiga ko`plab qulayliklar yaratadi.

Davlatimiz rahbari dastur tashabbuskorlarini qo`llab-quvvatlash, undan foydalanishni kengaytirish zarurligini ta`kidladi.

Shu erda Sirdaryo viloyatida baliqchilik, chorvachilik, ipakchilik va ko`nchilikni rivojlantirish, 2018-2019 yillarga mo`ljallangan irrigasiya va meliorasiya davlat dasturi, sholi etishtirish, lalmi va tomorqa erlardan samarali foydalanish, irrigasiya-meliorasiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o`tkazildi.

Shavkat Mirziyoev tadbirkorlar va xorijlik investorlar bilan muloqot qildi, loyihalar samaradorligini oshirish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1