AsosiySiyosat

Prezident iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish bo`yicha topshiriqlar berdi

'Prezident iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish bo`yicha topshiriqlar berdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 aprel kuni iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar tahliliga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari uzoq yillardan beri iqtisodiyot tarmoqlarida pul oqimi samarasiz boshqarilgani va nomutanosib taqsimlangani oqibatida qarzdorlik holatlari ko`payib ketganini ta`kidladi.

Buni bartaraf etish bo`yicha keyingi vaqtlarda qator ishlar amalga oshirildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda iste`mol qilish sohasida to`lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq bu borada yangi tizim yaratildi. O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.

“O`zbekneftegaz” kompaniyasi va “O`zbekenergo” jamiyatining umidsiz debitor qarzdorliklari hisobdan chiqarildi. “O`zagrokimyoximoya” aksiyadorlik jamiyatining kreditor qarzdorliklari byudjet ssudalari orqali kamaytirildi. Neftni qayta ishlash korxonalari ixtiyorida bir yilda 670 milliard so`m, elektr stansiyalari hisobida 100 milliard so`m mablag` qoldirildi.

Fermer xo`jaliklari tugatilishi va qayta tashkil etilishi evaziga tijorat banklari yo`qotgan likvidlik byudjetdan mablag`lari hisobiga qoplab berildi.

Yig`ilishda ko`rilayotgan chora-tadbirlar yaxshi samara berayotgani, lekin bu hali etarli emasligi ta`kidlandi. Joriy yil 1 mart holatiga ko`ra, iqtisodiyot tarmoqlarida jami debitor va kreditor qarzdorlik o`tgan yilga nisbatan mos ravishda 16 va 13 foizga oshgani tanqidiy tahlil qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoev har bir korxonaning barqarorligi aniq hisob-kitobga bog`liqligi, rahbarlar faoliyati shunga qarab baholanishini ta`kidladi.

Ayrim tarmoqlarda mahsulot ishlab chiqarish va realizasiya qilishda nomutanosiblik borligi, qarzdorlikni undirish tizimi samarasizligi, mavjud javobgarlik choralari mansabdor shaxslar va fuqarolarning to`lov mas`uliyatini oshirish uchun etarli emasligi qayd etildi.

Debitor qarzdorlik hamon yuqoriligicha qolayotgan kompaniya va korxonalar ko`rsatib o`tildi. Iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish, soliq, bank, xizmat ko`rsatuvchi va boshqa idoralar o`rtasida har oy yakunida o`zaro qarzdorlik holatini solishtirib borish tizimini joriy etish bo`yicha topshiriqlar berdi. Tashkilotlar o`rtasida elektron hamkorlik va ma`lumot almashinuvini rivojlantirish zarurligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar