1

«Arvoh kapalak» bormi?

Hidoyat sari 24.04.2018, 11:41
«Arvoh kapalak» bormi?

Inson tabiati qiziq. Ba`zan kimdir biror ish qilsa, unga ergashishga urinamiz. Bu ish noto`g`ri ekanini bilsak-da, “Hamma qilyapti-ku, men ham qilsam nima bo`pti?!”, degan fikrga boramiz. Buning oqibatida muqaddas dinimiz ta`limotiga zid turli qarashlar, fikr-mulohazalar, hatto noto`g`ri odatlar urfga aylanib boryapti. Shulardan biri marhumlarning arvohlari bilan bog`liq noto`g`ri tushunchalardir.

Bir odat an`anaga aylanishi uchun juda ko`p vaqt kerak. Xalqimizga xos, milliy ma`naviyatimizning ajralmas qismi bo`lgan, hatto qadriyat darajasiga ko`tarilgan go`zal an`analarimiz bisyor. Lekin bugun, nazarimda, bu an`analardan ko`ra ko`proq botil tushunchalar hayotimizni egallab olayotgandek.

Yaqinda bir tanishim, to`g`rirog`i, qo`shnim Olim Mamatov arvoh kapalak, shumlanish haqida so`rab qoldi. Ushbu savolga batafsil javob olish maqsadida O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi o`rinbosari Ibrohimjon INOMOVga murojaat qildim.

SAVOL: – Bundan besh yil avval qizimni turmushga uzatgandim. Kuyovim bilan qizim xorijga ketdi. Baxtsiz hodisa tufayli qizim chet elda vafot etdi. Uning vafotidan so`ng uyimga har kuni bir xil kapalak kela boshladi. Jonivorni tutib, bir necha marta derazadan chiqarib yuborsam ham baribir yana uyda paydo bo`laverdi. Bu holatni men o`zimcha qizimning arvohi kelibdi, deb tushundim. Adashmadimmi, arvoh kapalak bormi? Bu haqda dinimizda nima deyilgan.

JAVOB: – Vafot etgan insonning ruhi reinkarnasiya (tanosux) bo`ladi, ya`ni boshqa insonga yoki hayvonga o`tadi, degan tushuncha islom diniga mutlaqo ziddir. Bu avom xalq tomonidan o`ylab topilgan botil aqidadir. Ruhlarning tanosuxi, ya`ni ko`chib yurishi noto`g`ri. Bunga dindan bexabar kishilar ishonishadi. Islom dinida shumlanishdan qaytarilgan va biror narsani ko`rganda uning zararidan ehtiyot bo`lgan holda, u haqida yaxshi gumonda bo`lish tavsiya etilgan.

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilgan hadisda Payg`ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar: “Kasallik yuqishi yo`q, boyqushdan shumlanish yo`q, nav`u yo`q, ruhlarning qushga aylanib yurishi yo`q, safar oyida shumlanish yo`q” (Imom Buxoriy rivoyati).

Aslida “arvoh kapalak” kechasi chiroq yorug`iga keladigan hajmi nisbatan katta, qo`ng`ir rangli kapalakdir. “Arvoh kapalak”ning turlari juda ko`p. Mutaxassislar uning 300 ga yaqin turi borligini isbotlashgan. Bu kapalakning rangi ham turli-tuman, ba`zilari jigarrang, ba`zilari oq-qora, tim qora, qizg`ish va hokazo. Yurtimizda arvoh kapalakning 20 ga yaqin turi mavjud ekan.

Ta`kidlash joizki, “arvoh kapalak”ning vafot etgan inson ruhi bilan hech qanday aloqasi yo`q. Bizda noto`g`ri tushuncha oqibatida bu kapalakka “arvoh kapalak” nomi berilgan. Boshqa millatlarda ham uning o`z nomi bor ekan.

Ayrim kishilar “arvoh kapalak”ni ko`rsa, har xil holatga tushadi. Ba`zilar qo`rqib ketsa, boshqalar xursand bo`ladi va marhumlarning ruhiga Qur`on tilovat qila boshlaydi. Bu ikki holat ham shariatga ziddir. Sababi kapalakni ko`rganda qo`rqish yoki vafot etgan uchun tilovat qilish joiz emas.

Muqaddas dinimizning asosiy manbai, barcha ezgu ishlarning asosi – Kalomulloh faqat arvoh kapalak ko`rilganda o`qilmaydi. Kapalak bizga Qur`on o`qishni eslatib qo`ymasligi kerak.

Ilmiy tilda “Brajnik”, deb ataladigan arvoh kapalak ikki sababga ko`ra xalq orasida shumlanishga sabab bo`lgan.

Birinchidan, bu kapalak kuraklari o`rtasida inson bosh chanog`iga o`xshash hoshiyasi bor. Ya`ni kapalak qanotida skeletga o`xshash surat bor.

Ikkinchidan, bu kapalak asosan tunda uchadi. Ma`lumki, tun bilan bog`liq jonivorlar, hasharotlar kishilarda vahima va shumlanishni keltirib chiqaradi.

Qur`oni karimda inson vafot etgandan keyin uning ruhi qaerda bo`lishi juda yaxshi ta`riflangan. Alloh taolo “Mutaffifun” surasining 7-oyatida: “Yo`q! Albatta, fojirlarning (kofirlarning) nomai a`mollari «Sijjin»da bo`lur”, deya marhamat qilgan bo`lsa, shu suraning 18-oyatida: “Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a`mollari, albatta, «Illiyyun»dadir”, deyiladi.

Demak, inson vafot etgandan keyin uning ruhi Illiyyun, ya`ni oliy joy yoki Sijjiyn – tuban joyda bo`larkan. Inson ruhi hayvon yoki jonzotlarga o`tmas ekan.

Islom aqidasiga ko`ra, inson bir marta dunyoga keladi va qiyomatda qayta tiriladi. Vafot etgach, turli hayvon va hasharot shaklida dunyoga qaytib kelish haqidagi aqida noto`g`ri va botildir.

Musulmon kishi “arvoh kapalak” deganda eti junjikib ketadigan darajada bo`lmasligi, uni o`ldirib qo`yishdan qo`rqishi, uni ko`rganda xuddi bobosini ko`rgandek hurmat bajo keltirishi noo`rindir. U ham bir jonivor, insonga zarari tegmaydi.

SAVOL: – O`tgan hafta ishxonamga bir kishi bo`ri terisini olib keldi. Aka, buni oling, sizga baxt keltiradi, martabangiz ulug` bo`ladi, deya teriga o`ralgan bo`rining tish-tirnog`i va yana allaqanday a`zolarini ko`rsatdi. Haqiqatan ham bo`rining terisi, tish-tirnog`i baxt keltiradimi? Bu haqda muqaddas dinimizda nima deyilgan?

JAVOB: – Xalqimiz orasida, savolda aytilganidek, turli noto`g`ri odatlar, afsuski, uchrab turadi. Misol uchun, ayrimlar: “Bo`ri terisini mashinada olib yurish kerak, shunda ishing baroridan keladi”, “Bo`rining tishi yoki tirnog`ini tumor qilib osib yurish kerak, balo-qazo yaqinlashmaydi”, deyishadi. Axir, bunday qilish mantiqqa ham to`g`ri kelmaydi-ku. Bunday odatlar dinimizda qattiq qoralanadi.

Shuningdek, xalqimiz orasida jonivorlarga oid turli noto`g`ri tushunchalar bor. Bularning noto`g`ri ekanini dinimiz isbotlagan. Quyida ushbu odatlardan ba`zilarini keltiramiz. Maqsadimiz – odamlarni haq yo`lga boshlash.

Baliq. Oramizda ayrim kishilar Ramazon oyidan oldin baliq esa, jig`ildon poklanadi, luqmasi halol bo`ladi, deb o`ylaydi.

Islom dini inson uchun yaratilgan chorva va parrandalarni shar`iy yo`l bilan so`yib eyishni halol qilgan. Noshar`iy yo`l bilan yoki harom o`lgan hayvonlarning go`shtini eyish mumkin emas. Buni tibbiyot ham isbotlagan. Baliqning esa o`ligi ham, tirigi ham haloldir. Shu bois u “luqmai halol”, deyiladi. Ayrim kishilar iste`mol qilinayogan taomlarning halol-haromligini surishtirmay tanovul qilaveradi. Ramazon oyi yaqinlashgach, “Baliq esak, luqmamiz halol bo`ladi”, deyishadi. To`g`ri, baliq luqmai halol. Lekin faqat Ramazon oyi arafasida emas, balki har doim halol narsalarni iste`mol qilish kerak.

Ba`zilar akvariumda boqiladigan baliqlarni turli kasalliklarni o`ziga oladi, degan tushunchaga boradi. Aslida baliqlarni tomosha qilish asablarni tinchlantiradi, lekin insonlardagi kasalliklarni o`ziga olmaydi.

Musicha. Boshqa qushlar qatori musicha ham xonadonlarimizda in quradi. Musichalarni o`zaro urishayotganini ko`rganlar: “Tezroq musichalarni haydab yuboringlar, bo`lmasa xonadonda urush bo`ladi”, degan xayolga boradi. Bu noto`g`ri.

Boyo`g`li. Islomdan oldin johiliyat davrida “Boyo`g`li bexosiyat qush, u qo`ngan joy xarobaga aylanadi”, degan botil tushuncha bo`lgan. Payg`ambarimiz (s.a.v.) bu ish noto`g`ri ekanini o`z hadislarida aytganlar.

Hakka. Yurtimizning ba`zi hududlarida yashovchi kishilar xonadoniga hakka kelsa, mehmon kuta boshlaydi. Bu ham noto`g`ri.

Xo`roz. Johiliyat davrida erta tongda qichqirgan xo`rozni bexosiyat jonivor, deya so`yib yuborishgan. Aslida xo`rozlar farishtalarni ko`rganda qichqiradi.

Qora mushuk. Ko`chada ketayotib oldimizdan qora mushuk chiqib qolsa, ortga etti qadam tashlash kerak, degan noto`g`ri tushuncha bor. Ba`zilar: “Kimning oldidan qora mushuk o`tsa, uning ishi yurishmaydi”, deyishadi.

Pashsha. Uyda katta pashsha uchib yursa, mehmon keladi, degan irim ham islomga zid tushunchadir.

Kakku. Ba`zi kishilar kakku sayrashni boshlasa, undan: “Men qancha yashayman?”, deb so`raydi. Kakkuning sayrashi inson umrini belgilamaydi. Kimning qancha yashashini faqat Alloh taolo biladi.

Ari. Ba`zi tijoratchilar ari inini sotiladigan mollar orasiga qo`yishadi. “Xaridorlarim g`uj-g`uj bo`lsin”, deb umid qilishadi. Aslida savdoning baroridan kelishi arining iniga emas, muomalaga bog`liq.

Ot. Ayrim darvoza, eshiklar tepasiga otning taqasi ilib qo`yiladi. “Taqa insonlarga omad yoki baxt olib keladi”, degan irim bor. Bu ham noto`g`ri.

Tovus. Xonadonda tovus boqilsa, baxtsizlik keltiradi, degan qarash ham dinimizga zid.

Bunday botil odatlarga amal qilish bid`at-xurofotdan boshqa narsa emas. Har qanday holatda ham aql bilan ish tutish, tafakkur yuritish, dinimiz ko`rsatmalariga rioya qilish maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo barchamizni to`g`ri yo`ldan adashtirmasin.

Tolibjon NIZOMOV yozib oldi.

O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1