Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda o‘zini defektolog-psixolog deb tanishtirgan D.J. duduqlangan bolalarni so‘kinish va qo‘rqitish yo‘li bilan davolashga uringani aks etgandi. Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani 2024 yil oxiri va 2025 yil yanvarida tekshiruv boshlagan edi.
Maxsus tuzilgan ishchi guruh — defektolog va logopedlar ishtirokida — D.J.ning uslubi ilmiy asosga ega emasligi, bolalar salomatligi va tarbiyasiga zarar yetkazishi, pedagogik me’yorlarga zid ekanini aniqladi.
Shu asosda prokuraturaga so‘rov yuborilib, jinoyat ishi ochilgan.
Biroq oradan vaqt o‘tib, D.J. faoliyatini yana davom ettirgani aniqlanib, 2025 yil 2 iyun kuni Bosh prokuraturaga qayta so‘rov kiritildi.
Natijada 25 iyun kuni ilgari chiqarilgan “ishni tugatish” qarori bekor qilinib, hujjatlar tergovga yuborildi.
4- iyuldan boshlab D.J. ustidan jinoyat ishi qayta qo‘zg‘atilib, hozirda tergov ishlari davom etmoqda.
Bolalar ombudsmani bu ish yuzasidan kuzatuvni davom ettirmoqda. Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.