1

Qabriston yonidan o`tayotib yuzga fotiha tortsa bo`ladi...mi?

Hidoyat sari 02.05.2018, 15:18
Qabriston yonidan o`tayotib yuzga fotiha tortsa bo`ladi...mi?

9 may – Xotira va Qadrlash kuni arafasida ziyoratgohlar, qabristonlar ajdodlarimizni xotirlab, ularning bugungi saodatli kunlarga etib kelishimizdagi beqiyos xizmatlarini yodga olib yuziga fotiha tortayotgan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo`ladi.

Ko`chada tobut ko`tarib ketilayotgan bo`lsa, barchamiz – piyoda ham, ulovga mingan ham darhol tobutga elkamizni tutib, kamida etti qadam ko`tarishamiz. Marhumni Alloh rahmatiga olsin, deya yuzimizga fotiha tortamiz. Qabriston yonidan o`tsak, duo qilamiz. Xo`sh, aslida, qabristonni ziyorat qilishda nimalarga e`tibor qaratish zarur, ziyorat odoblari nimalardan iborat, ayollar ham marhumlar mangu qo`nim topgan maskanlarni ziyorat qilsa bo`ladimi?

Ushbu savollarga javob olish maqsadida O`zA muxyuiri O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi o`rinbosari, Shayx Abdulaziz MANSURga murojaat qildi.

– Assalomu alaykum, hurmatli shayx hazratlari! Yurtimizda har yili Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Shu kuni yurtdoshlarimiz o`tganlarni yod etish maqsadida qabristonlarni ziyorat qiladi. Muqaddas dinimizda qabriston ziyorati to`g`risida nima deyilgan?

– Vaalaykum assalom. Bismillahir rohmanir rohim. O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Qabrlarni ziyorat qilish odobi haqida” fatvo qabul qilingan. Unga ko`ra, qabristonni ziyorat qilish chog`ida quyidagilarga alohida e`tibor qaratish zarur. Avvalo, qabristonga kirilganda “Sizga salom bo`lsin ey qabriston ahli”, deya salom beriladi.

Qabrlarni ziyorat qilish – sunnat amal. Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Endi qabrlarni ziyorat qilavering. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi” (Imom Muslim rivoyati), deganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) islomning ilk davrida qabrlarni ziyorat qilishni taqiqlagan edilar. Chunki bu paytda johiliyat davrining ba`zi odatlari saqlanib qolgan bo`lib, ayrim qabilalar maqtanish hamda g`ururlanish uchun o`liklarning qahramonliklarini sanab, baqir-chaqir, oshkora yig`i-sig`i qilardi. Islom odob va axloqi insonlar qalbiga o`rnashgach, qabrlar ziyoratiga ruxsat berildi.

Aziz avliyolarning maqbaralarini, yaqinlarimizning qabrlarini ziyorat qilish savob amallardan. Ammo buning ham o`ziga yarasha tartib-qoidalari bor. Masalan, aziz avliyolarning mozoriga borilganda odob bilan tilovat va duo qilinib, savobi marhumga bag`ishlanadi.

– Qabriston yonidan o`tayotib yuzimizga fotiha tortamiz. Ba`zan mashinada ketayotib quloqni qomatga keltiradigan musiqa sadolari ostida ham shu holat takrorlanadi. Dinimizda bu haqda nima deyilgan?

– Qabriston yonidan o`tayotgan kishi, agar vaqti bo`lsa, ulovidan tushib Qur`on tilovat qilishi va uning savobini marhumlarga bag`ishlashi lozim. Bordi-yu, vaqti ziq bo`lsa, u holda “Marhumni Alloh rahmatiga olsin”, deya fotiha qilib o`tib ketaveradi.

– O`tgan hafta oilam bilan Zangiota ziyoratgohiga bordik. U erda bir ayol yig`lab Zangiotadan farzand so`rayotgan ekan. Avliyolardan hojat so`rash mumkinmi?

– Shuni unutmasligimiz kerakki, ziyoratchi qabrda yotgan avliyo yoki boshqa zotlardan madad so`rab, undan hojatini ravo qilinishini talab etmaydi. Har qanday hojatlarni ravo etishni bevosita faqat Parvardigorning o`zidan so`raladi.

Ta`kidlab o`tish joizki, qabrlar ziyorati oxiratni eslash uchun, ammo qabrlar ziyoratining asl mohiyatini unutib, ulug` avliyolar qabrlariga borib, hojatlarini so`raydigan, baxtini so`rab, befarzandlar farzand talabida, ishiga rivoj tilab boradiganlar, istaklarini sohibi qabrlardan so`raydigan bo`lib qolishgan. Har qanday istak, tilaklarni faqat yolg`iz Allohdan so`ralishi kerak.

Bundan tashqari, aziz-avliyolarga atab qabristonlarda qurbonliklar qilish, qabrlarni tavof qilish ham bid`atdir.

Ayrim kishilar shifo tilab, befarzandlar farzand talabida yoki boshqa hojatlarini marhumlardan so`rab, qabrlarni tavof qiladilar. Ustun va burchaklarni silab, yuzlarini surib, ostonasini o`padilar, nola qilib: “Oldingizga umid bilan uzoqdan keldim, duolarimni qabul qiling”, deya iltijo qiladilar. Bunday qilish mumkin emas.

Alloh taolo marhamat qiladi: «Allohni qo`yib, qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ko`ra kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o`sha (mushrik)larning duolaridan g`ofil (bexabar)dirlar» (Ahqof surasi, 5-oyat).

Payg`ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) o`zlarining muborak hadislarida marhamat qilganlar: “Kim Allohdan boshqaga duo qilib vafot etsa, do`zaxga kiradi”.

– Bobom Mahmadiyor Yaxshiliqov Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. U kishi bundan 15 yil avval vafot etdi. Har yili Xotira va qaddrlash kuni arafasida bobomning qabrini ziyorat qilamiz. Umumxalq xayriya hasharlarida sag`ana atrofini tartibga keltirib, gullar, ko`chatlar ekamiz. Besh yil avval erga qadagan nihol bugun ko`kka bo`y cho`zib, ulkan daraxtga aylandi. Yaqinda qabristonga borsam shu daraxtga turli lattalar ilib tashlanibdi. Bu qanchalik to`g`ri?

– Tilaklar ijobat bo`ladi, deya qabristondagi daraxtlarga latta bog`lash, qabrlar yoniga sham yoqish, qabr toshlarini o`pish bid`at va xurofot amallardan. Bu ishlarni qilgan kishi gunohkor bo`ladi. Axir, hech narsaga yaramaydigan oddiy bir lattani daraxtga bog`lab, hojatim ravo bo`ladi, deyish mantiqqa ham to`g`ri kelmaydi-ku.

Ba`zi kishilar hojatlarini ro`yobga chiqishini so`rab qabristondagi daraxtlarga, qabr panjarasiga latta bog`laydi.

Musulmon kishi o`zining imon va e`tiqodiga binoan barcha hojatlarini faqat yagona Alloh taolodan so`rashi shart.

Alloh taolo bu haqda shunday deydi: «Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo`lishdan umidvor bo`lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!» (Kahf surasi, 110-oyat).

Allohdan boshqaga atab qurbonlik qilish – katta gunoh. Jonliq so`yish gohida ikki harom narsani o`zida jamlaydi: Allohdan boshqa uchun so`yish va Allohdan boshqaning nomi bilan so`yish. Bu maqsadda so`yilgan jonliqning go`shtini iste`mol qilib bo`lmaydi.

“Raddul Muxtor” kitobida shunday deyilgan: “Avom xalq tarafidan o`liklarga atab nazr qilish, Allohning do`stlari qabrlariga ularga yaqin bo`lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish botil va haromdir”.

– Islom dinida qabrga tosh qo`yishga ruxsat etilganmi?

– Qabr yo`qolib ketmasligi uchun belgi sifatida uning ustiga tosh yoki taxta qo`yish joiz. Toshlarga marhumning ismini yozib qo`yishga ham ruxsat etiladi. Ammo qimmatbaho toshlarga o`yib yozish, dabdabali qilib o`rnatish mumkin emas. Bu isrofga kiradi. Dinimizda isrof qattiq qoralanadi.

– Ba`zilar ayollar qabristonga borishi mumkin emas, deyishadi. Bu qanchalik to`g`ri, dinimizda bunga qanday qaraladi?

– Qabristonlarni ziyorat qilish savob ishlardan bo`lib, qalblarni yumshatadi, kishiga oxiratni eslatadi. Shu bois ayollar ham qabristonga borsa bo`laveradi. Olimlar ayollarga ziyorat qilish odoblarini buzmaslik sharti bilan qabrlarni ziyorat qilishlari joiz deyishgan.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qabrning oldida yig`lab o`tirgan bir ayolning yonidan o`tib qoldilar va: “Allohdan qo`rq va sabr qil”, dedilar. U ayol payg`ambar alayhissalomni tanimay: “Ket, senining boshingga musibat tushmagan” dedi. Keyin u ayolga bu zotning payg`ambar ekanini aytdilar. U payg`ambar alayhissalomning uylariga kelib: “Sizni tanimabman”, deb (uzr so`radi). Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Haqiqiy sabr musibatning ilk lahzasida (bilinadi)”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hazrat Fotima har juma kuni amakisi hazrat Hamzaning qabri ziyoratiga borar, u erda amakisi uchun duolar qilardi.

Qabriston ziyoratiga borayotgan ayollar avratlarini bekitib, libos va ziynat bobida kamtarona bo`lishini unutmasliklari lozim.

Tolibjon Nizomov yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1