1

DUNYoDAGI ENG BAXTLI ODAM (Hikoya)

Mutolaa 02.06.2018, 01:01
DUNYoDAGI ENG BAXTLI ODAM (Hikoya)

Jessi o`kirib yuborishdan o`zini arang tutib turardi. U Tomni kichkina idorada kutib, shilinib adoyi tamom bo`lgan oyog`iga dam berish mumkinligidan xursand edi. Tomning: “Ha, mayli, Jessi, istagan paytingda ish boshlashing mumkin”, deyishini oldindan o`ylab, sevinchi ichiga sig`masdi.

Mana, ikki haftadirki, Jessi Kanzas-Sitidan Tulsaga – Missuri shtatidan Oklaxoma shtatiga – yomg`irli tunlarni ham, jazirama kunduzni ham pisand qilmay piyoda kelgandi. Och qolib, kechalari uyquga to`ymay, birgina shu daqiqalar sururini o`ylab kelgandi.

Nihoyat, eshik ochilib, Tom kirib keldi. Tom qo`lida bir dasta qog`oz bilan tez-tez qadam bosardi. U Jessiga bir qaradi-yu, teskari o`girildi. Tanimadi, chamasi. Axir, Tom Brekket Jessining qaynog`asi-ku.

Egnidagi kiyimi pand berdimikin? Jessi turqi-tarovati abgor ekanini bilardi. Hiyobondagi favvora suvida sochini xo`llab, o`zini tartibga keltirmoqqa uringandi-yu, biroq foydasi bo`lmagandi. Hayajondan ustarada yuzini kesib oldi, endi yonog`ida xunukdan-xunuk chandiq qoldi. Pidjagidagi changni qoqaman deb qo`llari uzilib tushay dedi... Balki shu vaqt ichida uning o`zi shunchalik o`zgarib ketgandir-a?

To`g`ri, ko`rishishmaganiga besh yil bo`ldi, lekin hozir Tom bor-yo`g`i besh yoshga ulg`ayganday ko`rinadi xolos. O`sha-o`sha Tom. Xudoyim, nahotki, Jessining o`zi shunchalik o`zgarib ketgan bo`lsa?

Brekket telefon go`shagini ilib, aylanma kursiga yastangancha, sovuq boqib turgan nigohlarini Jessiga qadadi. Tom qorin qo`ygan, ko`rinishidan qattiqqo`l, qirq besh yoshli erkak edi; yuzi dumaloq, burni go`shtdor. Tom Jessiga sovuq va loqayd qaradi, gaplashishga hushi yo`qday ko`rinadi.

– Xo`sh, – dedi birdan Brekket. – Qulog`im sizda.

“Boshlanishi yomon emas, – deb o`yladi Jessi. – Bundan battarini ham kutish mumkin edi”. U xonani ikkiga bo`lib turgan yog`och peshtaxtaga yaqinlashib, asabiylashgancha qo`lini sochlariga yugugrtirdi.

– Meni tanimayapsizmi, Tom? – taraddudlanib gap boshladi Jessi. – Men Jessi Fultonman.

– Nima?

– Men – Fultonman. Ella sizga salom yo`lladi.

Brekket o`rnidan qo`zg`alib, peshtaxtaga yaqin keldi va Jessi bilan yuzma-yuz turib qoldi. U qarshisidagi odamga ikkilanib tikildi. Qarshisida esa bo`ydor, o`ttiz yoshlardagi odam turardi. Lekin bu halpillagan juldur kiyimdagi ozib-to`zib ketgan badan nima degan gap? Kim o`zi bu? Axir, bir vaqtlar qaynisi baquvvat yigit edi-ku. Faqat ko`zlari o`sha-o`sha, iymanibgina boqadi. Qaynisining shu jihati Tomga yoqardi.

Jessi xotirjamdek turardi-yu, ichida bo`ron qo`pardi. Brekket unga qarab turib, ichi achiganday bo`ldi. Bundan Jessining qoni qaynadi.

– Ha, endi ishonganday bo`ldim. Faqat judayam o`zgarib ketibsan.

– Axir, besh yil hazilakam gapmi?! Siz bilan bor-yo`g`i ikki marta ko`rishganmiz o`zi, – ichida esa Jessi jahlini arang bosib: “O`zgargan bo`lsam, nima qipti? Hamma o`zgaradi. Men tirik odamman”, – deb o`yladi.

– Ancha baquvvat eding-ku, ozib ketibsanmi, nima balo?

Jessi indamadi. Brekket kerakli odam, unga gap qaytarish yaramaydi. O`rtadagi sukut uzoqqa cho`zildi. Birdan Brekket jonlanib:

– Nega qaqqayib turibsan? Qani, ichkariga kir-chi. O`tir, – dedi va Jessining qo`lini qisib qo`ydi. – Sen bilan ko`rishganimdan juda xursandman. Sen faqat ko`nglingga olma. Ko`rinishingdan judayam charchagandeksan.

– Hechqisi yo`q, – deb ming`illadi Jessi; u stulga o`tirib, qo`ng`ir, patak sochlarini siladi.

– Nega oqsoqlanyapsan?

– Toshga qoqilib ketdim, – dedi Jessi va oyog`ini stul ostiga yashirdi.

Oyog`idagi bogshmoqlaridan uyalib ketdi. Bu boshmoqlarni ishsizlarga yordam beradigan tashkilotdan olgandi. Mana shu ikki hafta ichida boshmoqlarning dabdalasi chiqib ketdi. Bugun ertalab Jessi kostyumdan ham avval o`ziga yangi boshmoq sotib olishga so`z bergandi.

Brekket ko`zini olib qochdi. Jessining qiynalayotganini tushunib, unga rahmi kelayotgandi. Bunchalik nochor ahvolga tushgan odamni umri bino bo`lib uchratmagandi. Singlisi unga har hafta xat yozardi-yu, lekin ishlari pachava ekani haqida miq etmabdi-ya.

– Ha, mayli, xo`sh, qanday yashayapsizlar? Ella tuzukmi?

– Ellami? Yaxshi.

– Bolalar-chi?

– Yaxshi... – dedi Jessi va biroz jonlanib qo`shimcha qildi: – Faqat kichkinamiz hali yurolmaydi. Lekin juda aqlli. Surat chizishni yaxshi ko`radi.

Oraga yana sukut cho`kdi. Hozir ayni muddaoga ko`chadigan fursat, ammo Jessi negadir hayiqardi.

– Ellaning yozishicha, qiynalib qolibsizlar, Jessi. Men qo`l qovushtirib qarab turmayman.

– E, yo`g`-e, qo`ysangiz-chi. O`zingizning ishlaringiz ham ja yurishayotgan ko`rinmaydi.

– Ha, bilasanmi, mayda-chuyda metall buyumlar sotiladigan do`konim endi yo`q.

– Ha, xabarim bor. O`zingiz shunday deb yozgandingiz-ku. Shuni nazarda tutgandim.

– Yodimdan ko`tarilibdi, – dedi Brekket. – O`zim ham ko`nikolmayapman. Nima bo`lganda ham o`zimning shaxsiy biznesim edi-da. Oxirgi uch yil ichida faqat zarariga ishladim. Xo`sh, o`zingdan gapir. Nega ishsizsan?

– Bu haqda keyinroq gaplashaylik. Tom, oldingizga maslahat so`rab keldim.

– Ella bilan murosa qilmayapsizlarmi? – xavotirga tushib so`radi Brekket.

– E, nimlar deyapsiz? Bu gapni qayoqdan oldingiz? Elladaqasini topib bo`pman. Menga faqat Ella kerak, Tom.

– Uzr, yanglishibman, – deb Brekket yuzini chetga burdi.

U singlisi va qaynisi uchun nimadir qilgisi kelardi. Ikkalovi ham yaxshi odam, lekin hayot ularni ayab o`tirmadi. Ella ham eri kabi tortinchoq, yumshoq odam.

– Quloq soling, Tom, – dedi Jessi. – Oldingizga bekorga kelganim yo`q.

– Eh, og`ayni, – deb xo`rsindi Brekket; gap shunga borib taqalishini bilardi. – Ko`pam yordam berolmayman. Haftasiga o`ttiz besh dollar olaman xolos, shunisigayam shukur.

– Bilaman, bilaman! – dedi hovliqib Jessi. – Puldan yordam berolmaysiz, buni bilaman. Sizning qo`lingizda ishlaydigan bitta odam bilan gaplashib qolgandim. U bizning shaharga kelgandi. Aytishiga qaraganda, bu erda menga ham ish topilarkan!

– Kim ekan u?

– Nega o`zingiz ish borligi haqida yozmadingiz? – ta`na qildi Jessi. – Eshitishim bilanoq oyog`imni qo`lga oldim. Ikki hafta piyoda yo`l bosdim.

Brekket ingrab yubordi.

– Mendan ish so`rash uchun Kanzas-Sitidan piyoda keldingmi?

– Albatta-da, Tom! Boshqacha yo`l tutolmadim.

– Voy Xudoyim-ey! Qanaqa ish, Jessi? Bizda hozir jimjitlik. Ustiga ustak, neft konlari haqida hech nimani bilmaysan. Buning uchun mutahassis bo`lish kerak. Bu erda tanish-bilishlarim bor, lekin hozir ularning ham qo`li kalta. Imkoniyat bo`lganda, senga xabar bermasmidim, Jessi?

Jessi yashin urganday tosh qotdi. Ikki hafta davomida allalab kelgan ilinj o`rnini oshqozonidagi simillagan og`riq egalladi. Keyin u baqirib yuborayozdi:

– U sizni odam yollayapti, deb aytdi-ku! Uning o`zi qo`lingizda haydovchi bo`lib ishlar ekan! U aytdiki, bu erda har doim odam kerak bo`lar ekan!

– O-o... Mening bo`limimda-ya?

– Ha,da, sizning bo`limingizda.

– Kechirib qo`yasan, mening qo`limda ishlashni rad etasan. Bu qanaqa ish ekanligi tushinggayam kirmagan.

– Yo`q, bilaman. U menga hammmasini aytib berdi, Tom. Siz dispetchersiz, to`g`rimi? Dinamit ortilgan yuk mashinalarini jo`natib turasiz, shundaymi?

– Kim o`zi u, Jessi?

– Familisi Egbertmidi-ey.

– Egbert? Bo`yi menikidaymi?

– Ha, Egbert. Xo`sh, aldamabdimi?

– Yo`q, aldamabdi. Shuncha uzoq manzildan kelishdan burun menga ikki enlik xat yozib, so`rab-surishtirsang bo`lardi.

– Men atayin yozmadim. Rad javobi berishingizni bilardim. U ish xavfli ekanini aytgandi, Tom. Menga esa farqi yo`q.

Brekket musht tugdi. Dumaloq yuzi yanada sovuq tus oldi: – Baribir senga yo`q deyman, Jessi.

– Xudo xayringizni bersin. Yo`q, demang.

– Ish-ku bor. Egbertning o`rni bo`sh.

– U ishdan ketdimi?

– U o`ldi.

– A-a...

– Ish vaqtida halok bo`ldi. Kecha kechqurun, agar shunchalik bilging kelayotgan bo`lsa...

– Hm... Ha, mayli roziman.

– Ikki qulog`inggayam quyib ol, – dedi Brekket. – Yo`lga tushishingdan avval ba`zi narsalarni senga aytib qo`yay. Biz dinamit tashimaymiz. Neft quduqlarini burg`ilashda dinamit ishlatilmaydi. Dinamitni jon-jon deb ishlatgan bo`lardik, lekin mumkin emas. Dinamitning o`rniga nitrogliserin[1] ishlatamiz.

– Xabarim bor. Siz meni go`l deb o`ylamang.

– Birpas jim bo`lsang-chi! Quloq sol! Sal qattiqroq yo`talsang, kifoya, tamom, portlaydi. Bilasanmi, uni qanday tashilishini? Maxsus tunuka idishlarda tashiladi.

– Tom, eshiting...

– Shoshma, Jessi. Yaxshilab o`ylab ko`r. Tushunaman, tezroq ishga joylashging kelib turibdi. Lekin oqibatini ham o`ylagin-da. Tunlari qattiq rejim asosida moshina haydaladi. Qanchalik xavfli ekanini anglayapsanmi o`zi?

– Men asta-sekin, ehtiyot bo`lib haydayman.

– Nima, Egbert ehtiyot bo`lib haydamagan deysanmi?

– Tom, – dedi Jessi jiddiy turib, – bu bilan meni qo`rqitolmaysiz. Bir narsani bilishni istayman. Egbert yurgan har bir chaqirimiga bir dollar olgan ekan. Kunora yuk moshinasi haydab, oyiga besh yuz-olti yuz dollar topgan ekan. Menga ham shunday to`lashadimi?

– Ha, shunday. Aytishga oson xolos. Kompaniya nega buncha ko`p pul to`lashini bilasanmi? Egbertga o`xshab kechasi toshga borib urilmaguningcha, yuraverasan. Hatto ko`zingga zarra cho`p tushsa ham kiprik qoqmasliging kerak, bir zumga ruldan qo`lingni oldingmi, tamom, hayotingga nuqta qo`yiladi. Mana, hozir Egbertdan nima bo`lganini so`rolmaymiz, chunki na o`zidan, na moshinadan nom-nishon qolgan. Kecha nima bo`lganini bilasanmi? Kim biladi deysan, nima jin urgan. Lekin Egbert ko`prikda moshina-poshina bilan portlab ketgan. Ko`prik ham vayron bo`libdi. Endi etib bordimi xomkallangga? Mana senga dollaru, ana senga dollar!

Ikkalasi ham jim qolishdi. Jessi barmoqlarini o`ynoqlab, o`tiraverdi. Keyin ko`zini yumdi-da, so`z boshladi:

– Nima bo`lsa, bo`ldi, Tom. Meni ogohlantirdingiz, endi esa rahm qilib, meni ishga oling.

Brekket qo`lini stolga qarsillatib etib urdi.

– Yo`q!

Breket teskari o`girilib oldi.

– Menga qarang, Tom. Ortiq bunday yasholmayman. Qaddimni g`oz tutib yurishni istayman men ham.

– Aqlingni eb qo`yibsan! Bizda yiliga beshta haydovchidan bittasi halok bo`ladi. O`zing o`ylab ko`r, shunga arziydimi?

– Bundaqa hayot yashashga arziydimi? Ko`chada tentirab yuraversam, ochdan o`lamiz, Tom.

– Avvalroq aytishing kerak edi! O`zing aybdorsan. Oilang ochdan o`layotganda, soxta g`ururga balo bormi? Bundoq qilamiz, men qarz olaman va telegraf orqali Ellaga jo`natamiz.

– Keyin-chi?

– Keyinmi, ozroq kutishingga to`g`ri keladi. Qarib-qartaygan chol emassan-ku. Hayotdan to`ydim, deyishga haqqing yo`q. Bir kunmas, bir kun ishli ham bo`lasan.

– Yo`q! – Jessi o`rnidan sapchib turib ketdi. – Yo`q! Men ham shunday deb o`ylagandim, endi esa umid tugul ilinj ham qolmadi.

– Ruhingni tushirma! Omon-omon zamonlar ham kelib qolar.

– Ruhimni-ku tushirganim yo`q. Faqat sabr kosam to`ldi. Olti yildan beri sarson-sargardonman. Bor umidim sizdan!

– Aqldan ozibsan! Seni ishga olmayman. Yaxshisi, Ellani o`ylasang-chi.

– Ellani o`ylamay, nima qilyapman? Shuning uchun ham huzuringizga keldim, Tom. Egbert biznikiga kelgan kuni Ellaga qarab turib, ingrab yuborayozdim. Siz o`ylaysizki, Ella hali-hamon o`sha-o`sha sohibjamol?

Brekket boshini chayqab, nari ketdi. Jessi nafasini bazo`r rostlab, ortidan ergashdi.

– Esingizdami, Tom, Ella naq qo`g`irchoqday edi? Qaragan ko`zni kuydiradigan zebo edi. Hozir yigirma to`qqizga chiqqani ham yo`q, oldingi chiroyidan asar ham qolmagan.

Brekket oromkursiga og`ir cho`kib, boshini xam qildi. Jessi uning qarshisida turardi. O`tinch va itoatkorlik Jessining hayajondan bo`g`riqib ketgan yuzida yoqimsiz iz qoldirgandi.

– Ellaga munosib umr yo`ldosh bo`lolmadim, Tom. Ella bundan a`lorog`iga arziydi. Omadsiz odam ekanman o`zi.

– Qayoqdagi gaplarni qo`y, – dedi Brekket taskin berganday. – Omadni o`z holiga qo`y. U holda men ham omadsizman. Hozir millionlab odamlar shunday vaziyatda.

– Baribir ham! Endi menga baribir! Menga yo`q, deyolmaysiz! Odamga bir marta imkon berish kerak-ku! Hiqildog`imga keldi! Kenjatoyimning oyoqlariga qarab: “Agar ishlaganimda, soppa-sog` bo`lardi”, deb o`ylashimni xohlaysizmi? U har bir qadami bilan menga: “Bu raxit tufayli, bu sizning aybingiz, ota, siz meni to`ydirib boqmagansiz”, deya ta`na qilayotgandek. Yo Rabbim Egam! Tom! Nahotki, meni yana olti yil qo`l qovushtirib kutib, kasal o`g`limga termilib o`tiradi, deb o`ylasangiz?

Brekket o`rnidan turdi.

– Xo`p, shunday deylik ham. Ammo qiladigan ishing Ellaga maqbul bo`larmikin? Havoga parcha-parcha bo`lib uchib ketganingda, u nima derkin?

– Balki unday bo`lmas. Axir, hayot nuqul omadsizliklardan iborat emas-ku!

– Hamma shunday deb o`ylaydi. Ishga joylashding, deylik. Lekin shunisi borki, ertami-kechmi, baribir juvonmarg bo`lasan.

– Mayli! – qichqirdi Jessi. – Bir boshga – bir o`lim. Ungacha esa ancha-muncha pul ishlab olaman. O`zimga yangi boshmoq sotib olaman. Ahvolimga bir qarang! Toza, asl tamaki chekaman. Bolalarimga qand-qurs olib beraman. O`zim ham eyman. Ha-da, o`zimning ham shirinlik egim kelyapti. Har kuni bir krujka pivo ichgim keladi. Ella yasan-tusan qilib yurishini istayman, haftada uch-to`rt marta go`shtli ovqat esa, deyman. Butun oilam bilan kinoga borgim keladi.

– Bo`ldi, bas qil, – dedi Brekket.

– Yo`q, – davom etdi Jessi. – Mendan asti qutulib bo`psiz! O`zingiz bir o`ylab ko`ring, uch oy ishlasam, ming dollardan ortiqroq mablag` yig`ib olaman. Kim bilsin, balki ikki yilgacha o`lmay yursam, Ellani butun umriga etadigan qilib ta`minlay olaman.

– Bo`ldi-da endi, – Jessining gapini og`zidan oldi Tom. – Yallo qilib yuraman deb o`ylayapsanmi? Chuchvarani xom sanabsan. Har daqiqa, yurganingda ham, yotganingda ham tinching bo`lmaydi, yurak hovuchlab, ertaga o`lib ketmasmikinman, ishqilib, deb o`ylaysan. Eng yomoni dam olish kunlari bilinadi. Yuraging ziq bo`lib, hujrangda yotaverasan. Bu borib turgan baxtiqarolik!

Jessi iljaydi.

– Yo`q, bu – mening baxtim! Tashvishlanmang, Tom. Shunchalik baxtiyor bo`lamanki, baxtimdan xirgoyi qilib yuraman. Oxirgi etti yil ichida ilk marta o`zimdan g`urulanaman!

– E, bo`ldi qil endi, – jerkib berdi Brekket.

Kichkina idora suv quygandek jimib qoldi. keyin Jessi shivirladi:

– Rad etolmaysiz, Tom! Rad etolmaysiz!

Brekket chuqur xo`rsindi-da:

– Obbo! Mayli. Sen aytgancha bo`la qolsin. Istasang, bugundan ishga tushishing mumkin.

Jessi miq etmadi. G`ilt-g`ilt ko`zyoshlar yuziga oqib tusha boshladi. Gapirolmay tutilib qoldi.

– Ellaga shoshilinchnoma yuboraman, – dedi Brekket. – Ishga kirganingni xabar qilaman. Ikki kundan so`ng unga pul jo`natishing mumkin bo`ladi. Albatta, agar hafta oxirigacha ishlay olsang, to`lashadi senga. Soat oltida kel. Mana, senga ozroq pul. Qorningni to`yg`azib ol.

– Rahmat, – dedi Jessi.

– To`xta, – dedi Brekket. – Manzilimni yozib beray. Tramvayga o`tirib, chipta tekshiruvchidan so`rasang, qaerda tushish kerakligini aytadi. Cho`milib-netib, to`yib uxlab ol.

– Rahmat, – dedi yana Jessi. – Umiringizdan baraka toping, Tom.

– Qani, endi tuyog`ingni shiqillat-chi bu erdan, – dedi Brekket.

– Tom!

– Yana nima deysan?

– Men... – Jessi duduqlanib qoldi.

Brekket unga tikildi. Jessining ko`zlarida hamon jiqqa yosh, ammo ozg`in yuzi yal-yal yonardi.

– Qiladigan ishim ko`p, – dedi Brekket turishga shaylanarkan.

Jessi tashqariladi. U oqsoqlanib ketarkan, quvonchdan yuragi otilib ketay derdi.

– Butun er yuzida mendan baxtli odam yo`q! – pichirladi u o`ziga-o`zi. – Men dunyodagi eng baxtli odamman!

Brekket esa Jessining tobora uzoqlashayotgan jussasiga tikilgancha, boshini changallab o`tirardi.



[1]Gliserin va nitrat kislota birikmasidan iborat moysimon modda; portlovchi modda va dori sifatida ishlatiladi (tarj.).


Albert Mals, AQSh adibi.


Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1