AsosiyJamiyat

Byudjetda o`qiganlarga diplomning asli berilishi mumkinmi?

'Byudjetda o`qiganlarga diplomning asli berilishi mumkinmi?'ning rasmi

O`qishga byudjetga kirganman. Aytishlaricha byudjet asosida o`qishni tugatganlarga diplom uch yildan keyin berilar ekan. Shunga aniqlik kiritsangiz?

Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to`g`risida nizomga muvofiq barcha ta`lim yo`nalishlari bo`yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan bakalavr va magistrlari majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ta`lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlanadi.

Oliy ta`lim muassasalarida bitiruvchilarni ishga taqsimlash ular oliy ta`lim muassasasini bitirishidan kamida 1 oy oldin o`tkaziladi. Buning uchun maxsus taqsimot komissiyasi tuziladi.

Bitiruvchilar egallagan ta`lim yo`nalishi va malakasiga, kadrlarga bo`lgan buyurtmaga asosan hamda ularning reytingi, oilaviy sharoiti, doimiy yashash joyi va taklif etilayotgan ish joylarida ishlash istagini hisobga olgan holda ishga taqsimlanadi.

Bitiruvchi o`qishni tugatgan kundan so`ng uch kundan kechiktirmay, ishga yuborilayotgan har bir bitiruvchiga quyidagi hujjatlar beriladi:

- oliy ma`lumot to`g`risidagi diplomdan ko`chirma;

- ishga yuborilganlik to`g`risidagi yo`llanma;

- taqsimot komissiyasi qaroridan va taqsimot ro`yxatidan ko`chirma.

Bitiruvchi taqsimot bo`yicha uch yil ishlab bergandan keyin unga oliy ta`lim muassasasi tomonidan bir hafta muddatda mehnat daftarchasiga muvofiq diplomning asl nusxasi beriladi.

Nizomda yana bir muhim narsa qayd etilgan.

Agar taqsimot komissiyasi bitiruvchini ish bilan ta`minlay olmasa, unga mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilganligi to`g`risida ma`lumotnoma berilishi kerak. Bunda oliy ma`lumot to`g`risidagi diplomning asl nusxasi beriladi.

    Boshqa yangiliklar