1

“O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va madaniyatlar o`rtasida muloqotga yo`l”. Xalqaro anjumandan to`liq tafsilot...

Madaniyat 11.06.2018, 11:00
“O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va madaniyatlar o`rtasida muloqotga yo`l”. Xalqaro anjumandan to`liq tafsilot...

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 6-8 iyun kunlari o`tkazilgan Ikkinchi xalqaro Kongress ana shunday nomlandi.

Mazkur nufuzli anjuman mamlakatimizning boy va betakror madaniy merosini o`rganish vadunyo miqyosida keng targ`ib etish maqsadida O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi tashabbusi bilan bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida o`tkazildi.


Ta`kidlash joizki, mazkur xalqaro anjumanga juda katta hozirlik ko`rildi. Unga dunyoning 30 ortiq mamlakatidan 200 nafarga yaqin olim va mutaxassislar, yirik muzey va ilmiy markazlar mutsaddilari, ommaviy axborot vositalari taklif etildi. Shahardagi bir qator muzeylar va ilmiy muassasalarda O`zbekistonga oid ko`rgazmalar tashkil etish bo`yicha muzokaralar olib borildi.

5 iyun oqshomida “O`zbekiston havo yo`llari” MAKning anjuman ishtirokchilarining katta qismini o`z bag`riga olgan havo layneri Sankt-Peterburg shaharning “Pulkovo” aeroportiga kelib qo`ndi. Delegasiya tarkibidan O`zbekistondan bir guruh olimlar, yirik muzeylar va ilmiy muassasalar rahbarlari, taniqli san`atkorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari o`rin olgan.

Nihoyat bizning vakillarimizjoylashgan avtobuslar ishtirokchilar uchun ajratilgan mehmonxona tomon yo`l oldi. Shaharning ravon ko`chalari bo`ylab saf tortgan ko`rkam imoratlar, yo`l chetidagi anvoi gullar, bir tekis harakatlanayotgan kattayu kichik mashinalar, yo`laklarni to`ldirgan piyodalar dunyoning eng yirik shaharlariga xos manzarani ifodalaydi.Odatda,bizda hatto yoz chillasida ham kechki to`qqizdan keyin butun borliqqa qorong`ilik cho`kadi. Biroq, ayni damda, soat tungi 11Neva sohiliga xos “oq tunlar” afsonaviy shaharga o`zgacha fusun baxsh etgan. Soat tungi o`n ikkiga yaqinlashgan bo`lishiga qaramay, Osmon xuddi shom kirishi arafasidagidek qoramtir-ko`kish tusda. Ufq bo`ylab zarhal shafaq poyandozdek yoyilgan.

Madaniyatimiz targ`ibotiga oid ko`rgazmalar

Anjumanning ilk kuni Sankt-Peterburgdagi Rossiya etnografiya muzeyi, Rossiya Milliy kutubxonasi, Davlat Din tarixi muzeyi, Sharq qo`lyozmalari instituti va boshqa bir qator ilmiy va madaniy muassasalarda O`zbekistonga oid ko`rgazmalarning ochilishi belgilangan edi.

Kun davomida kongressga tashrif buyurgan o`zbekistonlik va xorijlik ishtirokchilar ushbu madaniyat maskanlarida bo`lib, turli vaziyatlarga ko`ra, mazkur dargohlarga keltirilgan O`zbekiston madaniy merosi durdonalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo`lishdi.

Anjuman doirasidagi ilk tadbir – Rossiya Etnografiya muzeyida bo`lib o`tdi. “O`zbekiston badiiy tekstil durdonalari” deb nomlanganko`rgazmada mamlakatimizda XIX-XXasrlarda yaratilgan to`qimachilik, zardo`zlik, gilamchilik namunalari namoyish etildi.

– Muzeyimiz Rossiyadagi eng qadimiy madaniy muassasalardan biri hisoblanadi, – deydi Rossiya etnografiya muzeyi direktori Vladimir Grusman. – Muzeyga O`zbekiston hududidan etnografiya materiallarining keltirilishi yuz yildan ko`proq tarixga ega.

Ishtirokchilar muzeyga O`zbekistondan olib kelingan tarixiy matolar, kiyim-kechaklar, gilamlar, uy-ro`zg`or buyumlari bilan tanishdilar. Chindan ham ko`rgazmani tomosha qilish asnosida Vatanimizningbir asr avvalgi tarixiga tushib qolgandek bo`lasiz. Ko`rgazmadan o`rin olgan, milliy liboslardagi manekenlar, intererlar, uy-ro`zg`or buyumari o`sha davr muhitini tomoshabin ko`zoldida jonlantiradi.

Ko`rgazmada namoyish etilgan XIX asr oxirlarida Buxoro amirligidan imperator saroyiga sovg`a tariqasida yuborilgan ulkan zardo`zi parda, qimmatbaho taqinchoqlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

Hazrat Navoiyning nigohi tushgan...

Mutaxassislarningaytishicha, Ikkinchi Jahon urushining eng suronli yillarida, Sankt-Ptereburg (avvalgi Leningrad) dahshatli qamal iskanjasida qolgan kunlarda ham erto`lalarda Hazrat Navoiyning 500 yilligi nishonlangan ekan.Bugun ham shaharda osoyishtalik, barqarorlik va farovonldik hukm surayotgan Sankt-Peterburgda ulug` shoirimiz dahosiga nisbatan ulkan ehtiromni sezishimiz mumkin. Shaharning qoq markazida, mashhur Nevskiy prospektida joylashgan Rossiy Milliy kutubxonasi dunyodagi eng katta va boy kutubxonalardan sanaladi. Bu erda buyuk o`zbek shoiri Hazrat Mir Alisher Navoiy qalamiga mansub 25 ta nodir qo`lyozma saqlanadi. Ular orasida shoirning bevosita hayotlik davrida ko`chirilgan qo`lyozmalar ham uchraydi.

XV asrning 60 yillarida Navoiyning shogirdlari tomonidan ko`chirilgan “Ilk devon” ham ana shunday bebaho durdonalardan biridir. Ma`lumotlarga ko`ra, ma`lum muddat bu qo`lyozma Erondagi Qojorlar sulolasi kutubxonasida saqlangan. 1828 yil fervl oyida Tehronda Rossiya elchisi, diplomat-adib Aleksandr Griboedov o`ldirilgach, Fathalishoh elchining xuni evaziga ko`plab qimmatbaho sovg`alar qatorida ushbu kitobni ham qo`shib jo`natgan, shu tariqa ikki o`rtada boshlanishi muqarrar bo`lib turgan urushning oldi olingan ekan.

Ayni paytga qadar Sharq qo`lyozmalari institutidamazkur kitob Hazrat Navoiyning boshqa o`nlab asarlari qatorida munosib saqlab kelinmoqda. Kongress doirasida mazkur kutubxonada “Alisher Navoiy asarlari XV-XIX asrlar qo`lyozmalarida” nomli ko`rgazma tashkil etildi. Unda kutubxona fondida saqlanayotgan o`nlab nodir qo`lyozmalar namoyish etildi. Muzey xodimlari bu qo`lyozmalarning muzeyga kelib tushishi tarixi haqida mehmonlarga so`zlab berishdi.

O`zbekona bag`ri kenlikning yana bir isboti

O`zbekiston azaldan turli dinlar, tamaddunlar tutashgan hududda joylashgan. Vatanimiz hududidan buddaviylik, zardo`shtiliy, nasroniylik singari dinlarga oid tarixiy yodgorlik topilgani ham bundan darak beradi.


Sankt-Peterburgdagi Din tarixiy Davlat muzeyi dunyo dinlari tarixini o`rganishdagi muhim ilmiy muassasalardan hisoblanadi. Unda O`zbekistondan borib qolgan ko`plab diniy manbalar, ibodat anjomlari, hujjatlar, uy-ro`zg`or buyumlari, fotosuratlar saqlanmoqda.

Kongressdoirasida “O`zbekiston – madaniyatlar chorrahasida” nomli ko`rgazma tashkil etildi. Muzey xodimlarining ta`kidlashicha o`tgan asrning 60-yillarida Surxondaryo viloyati hududidan topilgan Budda haykalchasining bosh qismiushbu muzeyning eng nodir artefaktlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, O`zbekistondan hududidan keltirilgan bir qator Qur`oni karim nusxalari, joynamozlar, tahorat olish uchun ishlatiladigan obdasta va dastshular xalqimizning asrlar davomida ruhiyatiga turmush tarziga singib ketgan islomiy an`analardan xabar beradi. O`tgan asrga oid ko`plab fotosuratlarda yurtimiz musulmonlarining hayoti, muhim diniy tadbirlar o`z aksini topgan.

Shuningdek, ko`rgazmada Samarqanddan keltirilgan, yahudiy kelin-kuyov o`rtasida ikki asr muqaddam tuzilgan nikoh shartnomasi ham azaldan yurtimizda diniy bag`rikenglik hukm surganini ko`rsatadi.

Ko`rgazmada namoyish qilingan noyob eksponatlardan yana biri Buxoro amiri Said Abdulahadxonga tegishli zardo`zi chopondir. Ushbu chopon Rossiyaga qanday kelib qolgani haqida aniq ma`lumotlar yo`q. Ammo, buxorolik zardo`zlarning mehnati va mahorati evaziga tikilgan bu bebaho libos muzeydagi engnoyob eksponatlardan biri sifatida tan olinadi.

G`arb ardog`idagi Sharq ko`rgazmalari

Rossiyaning Sankt Peterbrug shahrida, asov Neva daryosi sohilida Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo`lyozmalari instituti joylashgan. Bu dargohda O`zbekistondan keltirilgan yoxud o`zbek xalqining boy madaniy merosiga taalluqli o`nlab bebaho qo`lyozmalari saqlanadi. Ulardan biri milodiy VIII asrda arab alifbsining ko`fiy-hijoziy xatida ko`chirilgan Qur`oni karim nusxasidir.

Ma`lumotlarga ko`ra, bu qo`lyozmabir paytlar Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Katta Langar qishlog`ida, Ishqiya tariqati shayxlari xonaqohida saqlangani bois ilmiy jamoatchilik orasida “Katta Langar Qur`oni” nomini olgan. Kitobning katta qismi – 81 sahifasi qanday qilib Rossiyaga borib qolgani haqida ham turli-tuman taxminlar mavjud. U Sharq qo`lyomalari institutiga o`tgan asrning 30-yillari oxirida keltirilgan.

Keyingi yillarda bir qator olimlarning ilmiy izlaishlari, zamonaviy tekshiruvlar natijasida O`zbekiston va Rossiyada saqlanayotgan sahifalar aynan bitta qo`lyozmaning tarkibiy qismlari ekani, ular chindan ham bundan 13 asr muqaddam ko`chirilganianiqlandi. Mutaxassislar fikricha, u Qur`oni karimning Islom olamidagi eng qadimiy va mo``tabar nusxalaridan biri hisoblanadi.

–O`zbekistonga oid qo`lyozmalarni haqiqiy ma`noda institutimizning faxri deb ayta olamiz, – deydi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo`lyozmalari instituti direktor Irina Popova. –Bizning institutimiz eshiklari o`zbekistonlik mehmonlar, tadqiqotchilar, olimlar uchun hamisha ochiq. Siz bilan hamkorlik qilishdan hamisha mamnuniyat hissini tuyamiz.


Bu ilmiy dargohda“Sharq qo`lyozmalari institutida Sharq kitobat san`atining nodir durdonalari” nomli ko`rgazma ham tashkil etildi. Ko`rgazma ishtirokchilariga “Katta Langar Qur`oni”ning asl nusxasi sahifalari, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”,Alisher Navoiyning “Kullliyoti”,“Lisonut-tayr”, “Vaqfiya” singari asarlari, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo`qon singari shaharlarimizda yaratilgan kitobat san`atining nodir namunalari namoyish etildi.

Dunyo olimlarini jamlagan anjuman

7 iyun kuni Rossiya Fanlar akademiyasining Maksim Gorkiy nomidagi Olimlar uyida “O`zbekiston madaniy merosi xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi xalqaro kongressi o`z ishin boshladi.

Marosimda O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining o`rinbosari Kamola Oqilova, mamlakatimizning Rossiya Federasiyasidagi favqulodda va muxtorelchisi Bahrom Ashrafxonov, O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori Roiq Bahodirov, YuNESKOning Markaziy Osiyodagi klaster byurosi rahbari Krista Pikkat va boshqalar O`zbekistonning madaniy merosini tadqiq etish borasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar xususida to`xtalib o`tishdi.

-O`zbekiston madaniy merosining nodir durdonlarini bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida uchratiish mumkin, – deydi O`zbekiston RespublikasiningRossiya Federasiyasidagi favqulodda va muxtorelchisi Bahrom Ashrafxonov. – Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan xalqimizning boy va betakror madaniyatini o`rganish va keng targ`ib etishga juda katta ahamiyat qaratilmoqda. Bugungikongressning maqsadi ham ana shu ezgu maqsadga yo`naltirilgan. Anjumanaynan shu go`zal shaharda o`tkazilayotgani bejiz emas.Sankt-Peterburgni Rossiyaning madaniy poytaxti deyishadi. Qolaversa, bu shahar dunyo sharqshunoslik ilmining markazlariddan biridir. Bugungi kunda shahar muzeylari, kutubxonalari va ilmiy muassasalarida O`zbekistonga oid bo`lgan minglab nodir eksponatlar, qo`lyozmalar saqlanmoqda. Ularning hali qanchasi o`rganilmagan, keng jamoatchilikka ma`lum qilinmagan. Bugungi anjuman ana shu merosni yanada kengroq targ`ib etish, uni chuqurroq anglash imkonini beradi.

Xorijlik olimlar nigohida

Mazkur anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan bir qator olimlarning “Madaniy merosni saqlash, o`rganish va ommalashtirishning dolzarb yo`lari umumjahon muommasi sifatida: O`zbekiston tarjribasi”, “Buyuk ipak yo`li markazida Sharq va G`arb madaniy an`analarining o`zaro ta`siri”, “Insonparvar va ma`rifiy Islom O`zbpekiston madaniy merosida”, “Amaliy bezakli san`at: turmush, e`tiqod va go`zallik uyg`unligi”, “Movarounnahr kitobat san`ati” singari yo`nalishlar bo`yicha qiziqarli, rang-barang ma`ruzalari tinglandi.

Ma`ruzachilar o`z chiqishlarida dunyoning turli hududlarida saqlanayotgan o`zbek madaniyatining bebaho durdonalari, ularning tarixi, o`rganilishi, o`ziga xos jihatlari to`g`risida qimmatli ma`lumotlar berishdi.

-Men bir necha yillardan buyon Luvr muzeyida ishlab kelaman, – deydiLuvr muzeyi islom san`ati departamenti eks-direktori FrensisRishar,–Ushbu tadbirga Fransiyaning Luvr muzeyida saqlanayotgan Movaraunnahr gilamchilik san`ati namunalari va Fransiya milliy kutubxonasidagi o`zbek madaniyatiga tegishli qo`lyozmalar haqidagi ma`ruzam bilan ishtirok etdim.Darhaqiqat, Fransiyada o`zbek madaniyatiga tegishli ko`plab yodgorliklar mavjud. Ularning salmoqli qismi fransuz qiroli Lyudovik XIV hukmronligi davrida Istanbuldan keltirilgan. Ular orasida eski o`zbek tilida, uyg`ur va arab alifbosida “Me`rojnoma” diniy-falsafiy kitobini alohida ta`kidlab o`tgan bo`lardim. Bu kitob o`z vaqtida nafaqat Fransiyada balki butun Evropada judamashhur bo`lgan.


–O`zbekistonning Yaponiyadagi madaniy merosi durdonalariga bag`ishlangan kitob-albom ustidagi ishlarimizni tugatish arafasidamiz, – deydi Yaponiyaning Sigaraki shahridagi Mixo muzeyi maxsus ilmiy xodimi Sergey Laptev. – Biz mazkur albomni yaratish jarayonidan Yaponiyaning o`nta muzeyidagi eksponatlarni o`rganib chiqdik. Kunchiqar o`lkada saqlanayotgan O`zbekistonga eng qadimiyartefaktlar VIII asrga borib taqaladi. Bu nodir topilmalar ayni paytda imperator saroyida saqlanadi va yapon xalqining milliy xazinasidan o`rin olgan. Bu misollar Yaponiya va O`zbekiston orasidagi madaniy aloqalar juda uzoq o`tmishga borib taqalashini isbotlaydi.

Anjumanda “O`zbekiston madaniy merosi – dunyo to`plamdarida” turkumidan chop etilgan “O`zbekiston madaniy merosi Davlat din tarixi muzeyida”, “O`zbekiston gilamchiligi: asrlarga tengdosh an`analar”,“O`zbekiston madaniy merosi– O`zbekiston Davlat San`at muzeyi to`plamlarida”, “O`zbekiston madaniy merosi – Germaniya muzeylarida” kitob-albomlarining hamda ushbu mavzuda suratga olingan hujjatli filmlarning taqdimoti ham o`tkazildi.

Ayni paytga qadar “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” turkumidan o`nta kitob chop etildi. Yana beshta kitob-albom chop etilish arafasida.

–Buyuk o`zbek shoiri Erkin Vohidov “Tarixigdir ming asrlar ichra pinhon o`zbegim” deganida naqadar haq edi, – deydi Turkiyadagi “Mega basin” nashriyot uyining bosh direktori Selim Kondu. – Chindan o`zbek xalqining madaniy meroi turkiy xalqlar orasida o`zining noyob va betakrorligi bilan ajralib turadi. Bu ulkan xazinaning dunyo miqyosidagi targ`ibotida o`z hissamizni qo`shayotganimizdan benihoya mamnunmiz.

Ermitajning nodir durdonalari

8 iyun kuni “O`zbekiston madaniy merosi Davlat ermitaji to`plamlarida” kitob-albomining taqdimoti o`tkazildi. Shu bilan birga olim va mutaxassislarning ushbu nufuzli muzeyda saqlanayotgan O`zbekistonga oid eksponatlar haqidagi ma`ruzalari tinglandi.

–Sankt-Peterburg O`zbekiston madaniy merosini o`rganish va targ`ib etishda katta ahamiyaga ega, - deydi Davlat Ermitaji direktori Mixail Piotrovskiy. –O`ylaymanki, O`zbekiston madaniy merosini targ`ib etishda Ermitajning o`z o`rni bor. Biz kelgusida turli mamlakatlarda Ermitaj kunlarini o`tkazish, muzey xodimlari o`rtasida o`zaro tajriba almashishni yo`lga qo`yish bo`yicha muzokaralar olib boryapmiz. Ehtimol, O`zbekistonda ham shunday tadbirlarni o`tkazish vaqti kelgandir.

Anjuman doirasida ishtirokchilar Davlat Ermitajining shahar tashqarisidagi “Staraya derevnya” restavrasiya va muhofaza markazida saqlanayotgan eng nodir buyumlar, jumadan O`zbekiston madaniy merosiga oid durdonalar bilan tanishdilar. Ta`kidlash joizki, bu markaz alohida davlat muhofazasidagi ob`ekt bo`lib, u erga kirish faqat oliy martabali mehmonlargakamdan-kam hollarda ruxsat etiladi.

35 ming kvadrta-metr maydonni egallagan ushbu markazda minglab eksponatlar orasidaorasida Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan Rossiya imperatoriAleksandr III ga sovg`a qilingan chodir alohida ekspozisiya sifatida joylashtirilgan.

Ushbu g`ayrioddiy, yorqin, go`zal “to`qimasaroy” 100 metr kvadrat maydonni egallaydi. Ipak va baxmaldan tikilgan buchodir bir nechta bo`lmalardan iborat bo`lib, u Abdulaxadxonning Peterburgga 1893 yil 4 yanvardagi tashrifi chog`ida imperatorga tuhfa qilingan.

Shu bilan birga bu markazda O`zbekiston hududidan olib kelingan ko`plab kiyim-kechaklar, kashtalar, uy-ro`zg`or buyumlari, qimmatbaho ashyolarni delegasiya a`zolari katta qiziqish bilan tomosha qilishdi.

Buxoro amiridan yana birunutilmas xotira

Sankt-Peterburgning Kronverk prospektida, Primorskiy metro bekati yaqinida joylashgan, moviy gumbazlari va minoralari Samarqandu Buxorodagi tarixiy obidalarni yodga soluvchi obidani ko`rgan har bir o`zbekistonlik mehmon beixtiyor hayratga tushadi.

Bu sharqona uslubdagi go`zal bino 2008 yilgacha Sankt-Peterburgdagi yagona, dunyoning eng shimoliy nuqtadagi masjidi deb qaralgan. Yanada hayratlanarlisi, bu gumbaz Samarqanddagi Amir Temur maqbarasining gumbazi bilan deyarli bir xil.


Tarixiy manbalarga ko`ra,Peterburg bilan yaxshi munosabatlar o`rnatgan Buxoro amiri Said Abdulahadxonshahar musulmonlarining uzoq yillik orzusi – jome masjidi qurilishiga o`zining munosib ulushini qo`shgan, o`z xazinasidan masjid qurilishi uchun er sotib olishga katta miqdorda mablag` ajratgan.1910 yil 3 fevralda shaxsan Amir Abdulahadxon ishtirokida masjidning birinchi g`ishti qo`yilgan. Ammo, Abdulahadxon o`sha yili dunyodan o`tadi. Masjid esa1913 yilning 22 fevralida masjid tantanali ochiladi. Unda otasining o`rniga taxtga o`tirgan hukmdor, Buxoroning so`nggi amiri Said Olimxon bilan birga Xiva xoni Asfandiyorxon ham ishtirok etgan.

Kongress doirasidagi hayajonli tadbirlardan biri ishtirokchilarning mazkurjome masjidiga tashrifi bo`ldi. Mehmonlarni Sankt-Peterburg va Rossiyaning shimoli-g`arbiy hududi musulmonlari idorasi raisi, mazkur masjidning imom xatibi Ravil hazrat Pancheev kutib oldi. Mazkur masjidning yaratilishi tarixi haqida hikoya qilib berdi.

— O`zbekiston men uchun juda aziz va mukarram zamin, – dedi Ravil hazrat Pancheev. — Chunki bu qadim yurtda dinimiz rivoji uchun xizmat qilgan juda ko`p buyuk zotlar, olimu allomalar etishib chiqqan. Marhum otam, Rossiyanig mashhur ulamolaridan bo`lgan Ja`far hazrat Pancheev avval Buxorodagi Mir Arab madrasasida, keyin Toshkent islom universitetida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Bilan birga tahsil olgan. Har gal O`zbekistonga borsam, u erdan allaqanday ilohiy kuch-qudrat, nur, ilhom olib qaytaman.

Hazratning aytishicha, jome o`z bag`riga 3500 dan ortiq namozxonni sig`dira oladi. Ammo juma va hayit namozlarida masjidning hovlisi tugul, uning atrofi ham namozxonlar bilan to`lib ketadi. Masjidga keluvchilarning etnik tarkibida o`zbeklar birinchi o`rinda turadi. Shu bois bo`lsa kerak, hazrat saltatarcha talaffuzda,o`zbek tilida ravon gapira olarkan.

Tashrif asnosida O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari assosiasiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov VIII asrga mansub “Katta Langar Qur`oni”ning zamonaviy poligrafiya uslubida chiqarilgan faksimile nusxasi va “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidan chiqarilgan kitob albomlarni jome`-masjidiga topshirdi.

Taassurotlar bir olam

Ushbu anjuman unga taklif etilgan o`zbekistonlik olimlar, mutaxassislar, yirik muzeylar rahbarlari uchun ham juda qiziqarli, samarali va esda qolardi kechdi.

–Rossiyada mamlakatimizga oid juda katta miqdordagi tarixiy eksponatlar, madaniyat durdonalari, noyob qo`lyozmalar saqlanmoqda, – deydi O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy yodgorliklarni tadqiq etish markazi direktori, falsafa fanlari doktori Roiq Bahodirov. – Biz ayni paytda bu mamlakatdagi muzeylar, ilmiy muassasalar bilan ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasida faol ish olib bormoqdamiz. Muhimi rossiyalik hamkorlarimiz bizning bu boradagi takliflarimizni mamnuniyat bilan qabul qilishmoqda. Mazkur xalqaro anjuman ana shu hamkorlikni yanada mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab berishiga ishonamiz.

– Ikki yildan beri “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” xalqaro kngressida ishtirok etib kelyapman, - deydi I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog`iston Davlat san`at muzyi direktori Gulbahor Izentaeva. – Loyiha oirasida bizning muzyimizg ag`ishlangan kitob-albom ham chop etildi. O`ylaymanki, bunday ilmiy anjumanlar biz, muzey xodimlarifaoliyatida ham juda katta tajriba maktabi vazifasini o`taydi. Dunyoning yirik muzeylari vakillari bilan uchrashamiz, ular bilan tajriba almashamiz.

O`zbekiston Prezidentiga murojaatnoma

8 kuni kongressning tantanali yopilish marosimi o`tkazildi. Mazkur marosimda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan olimlar “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va madaniyatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi xalqaro kongressi rezolyusiyasini imzoladilar.

Shu kuni kongressning maxsus qarori bilan O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati ta`sis etildi. “O`zbekiston madaniy merosi – dunyo to`plamlarida” loyihasi rahbari O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi raisiFirdavs Abduxoliqov Boshqaruv raisi etibsaylandi.

Turli mamlakatlardan kelgan olim va tadqiqotchilar O`zbekiston tarixi va madaniyatining global virtual to`plamini yaratish bo`yicha say-harakatlarni qo`llab quvvatlashga tayyorligini bildirishdi.

–Ajdodlarimiz yaratib qoldirgan boy madaniy merosni chuqur o`rganish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, bu merosni jahon miqyosida targ`ib etish orqali biz buyuk bobolarimiz ruhi oldidagi burchimizni ma`lum ma`noda bajargan bo`lsak, o`zimizni benihoya baxtiyor his etamiz, – deydi Firdavs Abduxoliqov. – Uch kun davlomida o`tganbu kongress jahon ahlining madaniy merosimizga bo`lgan qiziqishini yana bir karra isbotladi. Biz buyo`nalishdagi ishlarimizni bundan keyin ham faol, astoydildavom ettiramiz.

O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, himoya qilish va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati a`zolari anjuman yakuniga ko`ra, Prezident Shavkat Mirziyoevga ochiq xat bilan murojaat qilishdi. Unda olimlar O`zbekistonda madaniy yodgorlik, asriy qadriyatlarni saqlashga qaratayotgan ulkan e`tibori uchun, bu yo`nalishdagi loyihalarni qo`llab-quvvatlayotgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoevga minnatdorchilik bildirishdi.

“Hurmatli Janob Prezident, Sankt-Peterburgdagi ikkinchi xalqaro kongress davomida biz O`zbekistondagi tub islohotlar va fundamental fan va madaniyatni rivojlantirish yo`lidagi siz olib borayotgan ishlarning yangi natijalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`ldik, – deyiladi ushbu murojaatnomada – Ayniqsa, biz o`zbek xalqining boy madaniy merosini saqlab qolishga va bu orqali butunjahon svilizasiyasiga hissa qo`shishga qaratilgan sizning sa`y-harakatlaringiz alohida e`tirof va ehtiromga loyiq.Sankt-Peterburgda o`tkazilgan xalqaro kongress O`zbekistonning madaniy mersoini asrash, o`rganish va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati tuzilishi bilan yanada samarali bo`ldi. Ishonamizki, O`zbekiston tarixi va madaniyati yo`lida barchani birlashtiradiganbunday xalqaro tashkilotning tashkil etilishi sizning qadimiy O`zbekiston madaniy merosini kelajakda ommalashtirish yo`lidagi sermashaqqat sa`y-harakatlaringizga ishonchli ko`makchi bo`la oladi”.

Albatta, uch kun ichida, xalqaro kongress doirasida o`tkazilgan tadbirlar, bildirilgan fikr-mulohazalar, olingan boy taassurotlarni bir necha sahifada mufassal bayon etishning iloji yo`q.


Kongress doirasida Neva daryosi bo`ylab kemalardagi kechki sayr, o`zbek milliy taomlari va o`zbekona mehmondo`stlikni o`z ichiga olgan qabul marosimi, o`zbek san`at ustalarining konsert dasturi, xususan, O`zbekison xalq artisli Farrux Zokirov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Toir Qo`ziev, Hosila Rahimova ijrosidagi dalbar kuy-qo`shiqlar barchaga birdek manzur bo`ldi.

9 iyun kuni erta tongda O`zbekistondan borgan delegasiya a`zolari yurtimizga qaytib kelishdi.

Rustam Jabborov,

Toshkent–Sankt-Peterburg– Toshkent

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1