1

Nasiba Qambarova: «Kelinimga havasim keladi!»

Madaniyat 21.06.2018, 11:49
Teglar: Foto
Nasiba Qambarova: «Kelinimga havasim keladi!»

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Nasiba Qambarova ko`p yillar mobaynida O`zbekiston televideniesida suxandon, jurnalist bo`lib ishlagan. U olib borgan ko`rsatuvlarni katta avlod vakillari hanuzgacha eslab turishadi. Ayni kunda nabirasi Azamatjon va nabira kelini Madinabonularning ardog`ida yashayotgan Nasiba opa bilan hayot yo`llari to`g`risida suhbatlashdik.

— Umringizning ko`p qismini televidenieda o`tkazgansiz. O`zingiz ishlagan qadrdon dargohni xotirlaganingizda kimlarni minnatdorlik bilan eslaysiz?

— Umrim o`sha erda o`tdi desam, mubolag`a bo`lmas. Erta tongda borib, yarim tunda qaytgan kunlarim juda ko`p bo`lgan. Qodir aka Maxsumov, Tuyg`unoy Yunusxo`jaeva... Ularning ismlarini mehr bilan tilga olaman. G`azal kechasi bo`ladigan kuni, albatta, radioga erinmasdan borib, g`azallarni ularga o`qitib olardim. Qodir aka bilan Mashrab g`azallarini galma-gal o`qiganlariimiz hech yodimdan chiqmaydi... O`ktam aka Jobirov — birinchi ustozlarimdan. «Yonib eshitasan, yonib ishlaysan! Shogirdlarim ichida eng qobiliyatlisan», deb maqtab ishga yanada ko`proq mehr uyg`otardilar. O`sha yillarda videoyozuvlar yo`q edi. Bir kunda 5–6 ta ko`rsatuv yozib olinardi. Mana shu ko`rsatuvlarning deyarli barchasini navbatchi suxandon olib borardi. Bir gal charchaganimdan bo`lsa kerak, boshim qattiq og`riy boshladi. Rejissyor eshitadigan mikrofon deb o`ylab, bitta tugmani bosdim-da, navbatchi rejissyorimizga «Sulton aka, bosh og`rig`i doringiz bormi?» dedim. Yuqoriga qarasam, oynadan hech qanday imo-ishora bo`lmayapti. Keyin yana ikkinchi marta aytdim. Bu yoqda konsertni e`lon qilib qo`yganman, kuy-qo`shiq avjida. Yana hech qanday javob bo`lmadi. Ma`lum bo`lishicha, men bosgan tugma butun O`zbekiston eshitadigan mikrofonniki ekan. So`zlarimni hamma eshitibdi. Ertasiga «Rahbarlar endi nima deyisharkan, qovun tushirdim-ku! deb ishga qo`rqa-pisa keldim. O`sha paytdagi rahbarimiz Ubay Burhon hazillashib, «Tomoshabinlar Nasibaxon uchun televidenie oldiga bosh og`rig`i dorisi ko`tarib kelibdi», deganlar.

— Ayni damda televidenieda faoliyat yuritayotgan suxandonlar bilan siz ishlayotgan paytdagi suxandonlar o`rtasida tafovut ancha katta.

— Hozir suxandonlar deyarli qolmadi. Bizning paytimizda suxandonlik san`at darajasiga ko`tarilgan edi. Balki men bu so`zlarim bilan biroz injiqlik qilayotgandirman. Ko`rsatuvni olib borayotganlar har doim ham adabiy til normalariga amal qilishmaydi. Vaholanki, bunday gapirishga hech kimning haqqi yo`q. Birorta notanish yoki xorij so`zlari uchrasa, lug`atdandan ma`nosini ko`rib, urg`uni qaerga qo`yish kerakligini qayta-qayta takrorlab o`rganardik. Ayni kunda esa shartta-shartta o`qib ketaverishadi. Hozirgi suxandonlardan Dildora Rustamovani ajratib ko`rsatishim mumkin. U birinchilikni qo`ldan boy bermayapti, ham ko`rinish jihatdan, ham o`z kasbini yaxshi bilishi bilan.

— Ha, bu gaplaringizda jon bor. Katta avlod Nasibalar, deya sizlarni ko`p eslaydi...

Dastlab Nasiba Turdieva bilan to`rtta bo`lganmiz. U O`ktam Jobirovga turmushga chiqqanidan so`ng suxandonlikni davom ettirmagan. Uch Nasibaning uch xil xarakteri bor edi. Menda lirika, Nasiba Ibragimovada siyosat, rahmatli Nasiba Maqsudovada tashkilotchilik kuchli deyishardi. «Diydor shirin» kabi ko`rsatuvni tayyorlash bitta to`y qilish bilan barobar, deb o`ylayman. Eshitishimcha, so`nggi ko`rsatuvni tungi uchgacha yozishgan. Nasibaxon yana ertalab soat to`qqizda ishga kelgan. Yuragini berib, jon-dili bilan ishlagan. Bir oyda 4 ta ko`rsatuv tayyorlash oson emas, axir. Muxlislarning olqishi uni yana oldinga undayvergan.

— Sizning ham muxlislaringiz o`sha kezlarda juda ko`p bo`lgan...

Ba`zan televideniening oldida ishdan chiqishimni kutib o`tirishardi. Nokamtarlikka yo`ymang-u, hatto Qashqadaryodan ham bir suhbatlashib ketay, deb kelishgan. Yaratganga shukr, hozir ham yo`qlab turishibdi. Yaqindagina bir yigit qo`ng`iroq qilib, «Onam siz bilan bir marta ko`rishishni umr bo`yi orzu qilganlar», dedi. «Uzr, uyda sizlarni qabul qilolmayman, oyoq bosadigan joy yo`q, remont ketayapti», desam, «Sizni boshqa joyda biz kutamiz. Onamning orzularini ro`yobga chiqarmoqchiman. Telefon raqamingizni juda qiyinchilik bilan topdim», dedi. Ular aytgan joyga borsam, namanganlik, farishtagina ayollar dasturxon atrofini to`ldirib o`tirishibdi. Meni ko`rmoqchi bo`lgan ayolning yoniga kelinlari, qizlari, yana boshqa yaqinlari qo`shilishib ko`payib ketishibdi. Miriqib suhbatlashdik.

— Nasiba opa, hayot yo`llaringizning burilish nuqtalarini ayta olasizmi?

— O`g`lim Abrorjon tug`ilgan yili «Ulug`bek yulduzi» filmida suratga tushganman va o`g`limning vafot etgan paytlari... «Ulug`bek yulduzi»da Feruza obrazini gavdalantirayotganimda homiladorligim bois ijodiy guruh a`zolari meni asrab-avaylashga harakat qilishgan. Film Samarqand va Buxoroda 10 oy mobaynida mashhur rejissyor Latif Fayziev rejissyorligida suratga olingan. Shu davrda meni suxandonlikdan ozod etishgan. Bu filmda o`zbek kinosining darg`alari, jumladan, Shukur Burxonov bilan rol o`ynash men uchun faxr bo`lgan.

Nima uchun ushbu kinokartinaga sizni taklif etishgan: go`zalligingiz sababmi yoki?..

— Kim biladi deysiz. O`shanda juda ko`pchilik meni shu filmda ishtirok etishimni istagani aniq. Shukur Burxonovdan to musavvir Chingiz Axmarovgacha. Chingiz aka nimagadir Feruzaning yuz tuzilishini aynan menikiga o`xshatib chizib bergan ekanlar. Film suratga olinganda 21–22 yoshlarda edim. Asli, yoshlikning o`zi go`zal...

— Ijroingizdan ko`nglingiz to`lganmi?

— Juda mamnun bo`lganman, deya olmayman. Yoshlik, tajribasizlik bo`lgan, albatta. Yillar suroni aqlingizni to`lishtiradi, tajribangiz oshadi... O`zimga Ulug`bek bilan ajrashish sahnasi manzur bo`lgan. Buxoroning cho`llarida otda yurganlarim dilimda yaxshi xotiralarni qoldirgan. Іomiladorligim uchun ijodiy guruh «Buni ehtiyotlaylik, yana eridan baloga qolmaylik», deya yuvvosh otlarni olib keltirishganini hech qachon unutmayman. O`shanda, hatto, ot minishni ham bilmasdim. Ulug`bek toju taxtni tashlab ketayotganida qahramonim uning yonida otda ketishi kerak edi.

— Eshitishimizga qaraganda, ismingizning o`ziga xos tarixi bor ekan.

— Dunyoga kelishimga sanoqli kunlar qolganida otam Ahmadali Qambarovni urushga olib ketmoqchi bo`lishadi. Shunda rahbarlar «Tug`ilajak farzandini ko`rib ketsin» deb, bir oyga urushdan olib qolishgan ekan. Men 1942 yilning 12 avgustida tug`ilganman. Shuning uchun yaqinlarimiz «Nasibali qiz ekan, otasini bir oy urushdan olib qoldi» deb ismimni Nasiba qo`yishgan. Urushga ketgan otamni esa onam va ikki opam bilan umrbod kutib yashadik...

Tug`ilgan kuningizni nishonlashni xush ko`rasizmi? Men negadir yoqtirmayman...

— Men ham... Lekin payg`ambar yoshiga kirganimda mana shu hovliga juda ko`pchilik yaqinlarim va do`stlarimni taklif etganman. Boshqa paytlari esameni qadrlagan, hurmatlagan kishilar o`zlari kelib, tabriklab ketishadi.

Shu ulug` yoshda hayotdan nimani kutasiz?

— Farzandlarim, nabirayu evaralarimni doimo sog`u salomat yurishlarini Yaratgandan so`rayman. Dog`ini ko`rmayin deyman. Yaqinlarimni yo`qotishdan juda yurak oldirib qo`yganman. Іozir sal shamollab qolishsa ham, dardi dunyom qorong`i bo`lib ketadi.

Do`stlar boshga tashvish tushganda bilinadi, deyishadi. Yakkayu yolg`iz o`g`lingiz Abrorjon vafot etganda do`stlaringiz saralagan bo`lsa, ajab emas...

— Falokat yuz bergan kuni men hushimni yo`qotganman. Shifokorlar juda kuchli tinchlantiradigan ukol qilishgan. Gulchehraxon ismli dugonam yonimda suyanch bo`lgan. O`g`lim to`g`risida gap ochilsa, juda ustalik bilan bu mavzuni chetlab o`tardi. O`shanda men haqimda o`g`lining dog`ida o`libdi, jinni bo`lib qolibdi, degan mish-mishlar ham tarqalgan. «Nahotki, odamlar shu kunimni ham ko`p ko`rishayapti?», deb o`ylaganman. Bir-ikki dugonalarim «O`zingizni qo`lga oling, nabiralaringizga hali keraksiz», deyishganidan keyin irodali bo`lishga harakat qilganman. «Іaqiqatan shular uchun yashashim kerak, kelinim yosh, nabiralarim bir-biridan shirin. Vaqti kelganida o`g`limning oldiga yorug` yuz bilan boray», deya ishga kirishganman. Lekin shungacha oradan ikki yillarcha o`tgan...

— Ayni damda baxtni nimalarda ko`rasiz?

— O`ylashimcha, har qanday ayol uchun farzandlarining kamolini ko`rish eng katta baxt. Іazrat Alisher Navoiyning «O`zgalarning baxtini ko`rish, his etish ham bir baxt» degan so`zlari bor. Turmush o`rtog`i bilan qo`sha qarishni ham baxt, deb bilaman.

— Orzularingiz kim bilan bog`liq?

— Albatta, evaralarim bilan.

Agar TV da biror ko`rsatuvni olib borishga taklif etishsa...

— «G`azal kechasi»ni tiklab, Fuzuliy g`azallari bilan ishni boshlagan bo`lardim. Nazarimda, hozir badiiy ko`rsatuvlar kamayib ketgan. «Otalar so`zi – aqlning ko`zi», «Qo`shiqlarda qiz qalbi», «Lirika kechalari»ning o`z o`rni va ko`plab tomoshabinlari bo`lgan. Shu kabi ko`rsatuvlar ko`paytirilishi kerak.

Qaynonalik ilmi. Nabira keliningizdan nimalarni talab qilasiz?

— O`g`il nabiram bilan ahil-inoq yashasa, farzandlariga yaxshi qarasa, xursand bo`laman. Uning erining aytganlarini so`zsiz bajarayotganini ko`rib, juda to`g`ri qilayapti, degan o`yga boraman. Kelinimga qarab havasim keladi. Chunki shon-shuhrat, mashhurlik, karera juda qisqa fursatda o`tib ketarkan. Oila ayolning eng katta hayot ustuni ekan. Qaynonalar farzandlari — kelini va o`g`li osoyishta turmush kechirayotganini ko`rsa, ikki qo`li faqat duoda bo`lishi kerak.

Ma`pura NABIEVA suhbatlashdi.

Sharhlar

Xitoyda ertalabdan o`zini baxtsiz his qilganlar ishga kelishi shart emas

25.04.2024, 07:33

Xitoyning Xenan provinsiyasidagi chakana savdo tarmog`i asoschisi Yu Donglay xodimlarga ish va hayot muvozanatini yaxshilashga yordam berish uchun “baxtsiz ta`til” kunlarini joriy qildi, deb yozadi...
U nega qamalganini ochiqladi

01.04.2024, 16:31

Ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan Solixon Ortiqxo`jaev 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari Darakchi.uz ga xabar berdi.2024 yil 30 mart Toshkent...
Pedagoglarni 3 yil kuttirgan qonun nihoyat imzolandi

21.02.2024, 17:28

Xabaringiz bor, 2024 yil 1 fevral kuni “Pedagogning maqomi to`g`risida”gi Qonun imzolandi. Undagi pedagoglar uchun eng asosiy o`zgarishlardan biri – endi maktabga yangi ishga kirgan...
⚡️iPhone 16 ko`rinishi e`lon qilindi

13.02.2024, 09:36

Tvitterda Majin Bu taxallusi ostida yashiringan taniqli Apple insayderi yangi avlod iPhonelari haqida yangi ma`lumotlar bilan bo`lishdi. Insayder xabaridan ma`lum bo`lishicha, kompaniya bir vaqtning o`zida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1