AsosiyJamiyat

Pedagoglarni 3 yil kuttirgan qonun nihoyat imzolandi

'Pedagoglarni 3 yil kuttirgan qonun nihoyat imzolandi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 2024 yil 1 fevral kuni “Pedagogning maqomi to`g`risida”gi Qonun imzolandi. Undagi pedagoglar uchun eng asosiy o`zgarishlardan biri – endi maktabga yangi ishga kirgan shaxslarga murabbiylik qilgan pedagoglarga qo`shimcha haq to`lanadi. Ya`ni Maktablarda ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxslarga bir o`quv yili davriga murabbiylik (ustozlik)ni amalga oshiruvchi pedagog xodim biriktiriladi. Murabbiylikni (ustozlikni) amalga oshirganligi uchun pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshiga qo`shimcha haq to`lanadi.

“Pedagogning maqomi to`g`risida”gi Qonunda nazarda tutilgan ayrim bandlarni ko`zdan kechiradigan bo`lsak, ba`zi normalar o`zi shundoq ham qonunchilikda mavjud ekanligini ko`rishimiz mumkin.

Misol uchun:

Pedagoglar mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga ­murojaat qilganida davlat bojini to`lashdan ozod etilishi — ushbu qoida Prezidentning 2018 yil 5 sentyabrdagi PQ-3931-sonli Qarorida nazarda tutilgandi. Faqat ijrosi ta`minlanmagan.

Pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga, yig`ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash — bu esa Prezidentning 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-sonli Qarorida belgilangan.

Davlat ta`lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sog`liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko`rikdan bepul o`tkazish — ushbu qoida Mehnat kodeksining 360-moddasi bilan mustahkamlangan. Faqat u ishlamayotgandi, xolos. 

Pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta`minlanishi — bu ham amaliyotda mavjud. 

Ta`lim tashkiloti xodimlariga qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi — Mehnat kodeksining 184-moddasida mavjud.

Pedagoglarga 56 kalendar kunidan iborat yillik haq to`lanadigan uzaytirilgan ta`til berilishi ham Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 iyundagi 263-sonli qarori bilan tartibga solib bo`lingan.

Olis hududlardagi maktablarga boshqa hududdan borib ishlaydigan pedagog xodimlarga bir martalik boshlang`ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik uchun beriladigan qo`shimcha kompensasiya to`lab berish tartibi Prezidentning 2021 yil 11 yanvardagi PQ-4940-sonli Qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 471-sonli qarori bilan tartibga solingan.

Qonun loyihasi muhokamasi jarayonida o`qituvchilarni navbatchilikka jalb qilishni qonun bilan butkul taqiqlash taklif etilgandi. Tasdiqlangan “Pedagog xodimning maqomi to`g`risida”gi qonunda esa ushbu band chiqarib tashlangan. Albatta maktabni qo`riqlash, o`quvchilarni quvib yurish, fuqarolarni maktab hududiga kirish-chiqishini nazorat qilish pedagogning vazifasi bo`lmasligi kerak. Juda ko`p tashkilotlarda buning uchun qo`riqlash xizmatidan xodim jalb etiladi. Maktablarda esa yo`q. Aslida normativ hujjatlardagi o`qituvchining lavozim majburiyatlarida ham navbatchilik haqida hech qanday shart keltirib o`tilmagan. Buning uchun qo`shimcha haq ham to`lanmaydi.

O`ZI NIMALAR KUTILGANDI?

Bu savolga javob berish uchun muhokamadan o`tmagan eski tahrirdagi “Pedagogning maqomi to`g`risida”gi Qonunni eslash kerak bo`ladi.

Ya`ni yuqorida ta`kidlaganimizdek, 2020 yil 28 noyabr kuni “Pedagog xodimning maqomi to`g`risida”gi Qonun loyihasi e`lon qilinganida unda pedagoglarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan juda katta imtiyozlar paketi taqdim qilingandi. Vaqt o`tib, loyiha deputat va senatorlar tomonidan muhokama qilinishi jarayonida undagi juda ko`p normalar olib tashlandi.

MASALAN, qonun loyihasining eng birinchi tahririda u 32 moddadan iborat bo`lgan bo`lsa, Qonunning tasdiqlangan variantida atigi 21 ta modda qoldirilgan. 

✔ Bayram (ishlanmaydigan) kunlari munosabati bilan bir bazaviy lavozim maoshi miqdorida mukofotlar;

✔ uzaytirilgan ta`til berilganida, kalendar yilda bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog`lig`ini tiklash uchun moddiy yordam;

✔ tabiiy iqlim sharoiti noqulay bo`lgan hamda respublikaning tog`li va olis hududlarida, qishloq joylarida ishlaydigan pedagog xodimlarga byudjet mablag`lari hisobidan kommunal to`lovlarni to`lash uchun kompensasiya to`lash;

✔ pedagog xodimning ko`p yillik xizmati uchun 15 foizdan - 40 foizgacha ustama to`lash;

✔ kamida 15 yil ish stajiga ega pedagog xodimga yilda bir marta davlat sog`lomlashtirish muassasalarida sog`lig`ini tiklash uchun bepul yo`llanma berish;

✔ tabiiy iqlim sharoiti noqulay bo`lgan hamda respublikaning tog`li va olis hududlarida joylashgan maktablarda ishlaydigan pedagog xodimga yangi turar-joy qurish yoki sotib olish uchun davlat tomonidan imtiyozli ipoteka krediti ajratish;

✔ pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun tuzilgan shartnomalar bo`yicha uning oylik ish haqidan yo`naltiriladigan mablag`lar summasi pedagog xodimning daromadi sifatida qaralmasligi;

✔ malaka toifasiga ega bo`lgan pedagoglarga 20 foizdan - 50 foizgacha qo`shimcha ustama to`lash;

✔ maktab rahbar xodimlariga 20 foizdan - 30 foizgacha bo`lgan qo`shimcha ustamalar to`lab berish;

✔ pedagog xodimining bazaviy lavozim maoshi bazaviy hisoblash miqdorining o`n baravaridan kam bo`lishi mumkin emasligi belgilangandi.

Yuqorida sanab o`tilganlar eski tahrirdagi Qonunda muhokamadan o`tmagan va olib tashlangan. Aslida pedagoglar ana shu imtiyozlar paketi berilishini kutgandi. 

Taqdim etilgan tahlilllar O`zbekistondagi barcha ta`lim ahlini o`ylantirgan bo`lishi mumkin. Muhokamalar jarayonida olib tashlangan imtiyozli paketlar masalasi bo`yicha pedagoglarning o`zi nima deydi? Bu boradagi fikr-mulohazalaringizni joriy yilning 8-9 fevral sanalarida soat 10:00 dan 16:00 gacha “Darakchi”ning (+998 95) 194-64-16 raqami orqali qo`ng`iroq qilib yoki shu raqam orqali telegram manzilga yozib yuborishingiz mumkin. Sizni qiziqtirgan savollarga qonun tashabbuskorlaridan oydinlik kiritishga harakat qilamiz. 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar