AsosiySUG'DIYONA

«Erim onasining vafotida otasini ayblaydi...»

'«Erim onasining vafotida otasini ayblaydi...»'ning rasmi

— Qaynonam olamdan o`tganiga bir yildan oshdi. Qaynotam bilan bir hovlida yashaymiz. Turmush o`rtog`im ham, qaynotam ham yaxshi inson. Faqat bir-birlari bilan chiqisha olishmaydi. Ularning orasini isloh qilaman deb o`rtada sarson bo`layapman. Aslida, xo`jayinim bolalikdan onasining erka o`g`li edi. Rahmatli qaynonam bolalariga otasini bir og`iz maqtaganini eslolmayman. Hatto, onasining vafotida ham erim otasini ayblaydi. Aslida, qaynonam xastalikni o`tkazib yuborgani uchun olamdan ko`z yumgan. Qaynopalarim biri olib, biri qo`yib uyga qaytavergani ham dard ustiga chipqon bo`lgandi o`shanda. Biroq erim barini otasidan ko`radi. Qaynotam ham o`g`liga to`g`ri muomala qilmaydi. Yaxshi pul topgani, ro`zg`orning asosiy ta`minotchisi bo`lgani uchun o`ttiz yoshga to`lgan o`g`lini yosh boladek tergaydi. «Bolalaringni o`zing boq», deydi nuqul. Mahalladagi tengdoshlari, do`stlari bilan solishtiradi. Nimagadir erimning yaxshi tomonlarini ko`rmaydi. Turmush o`rtog`im ham qo`rs, qo`pol odam. Salga asabiylashib ketadi. Shunga uyimizda tinchlik yo`q. Men esa ota-bola tinch yashashsa, qaynotam katta odam sifatida o`g`liga ozgina mehr ko`rsatsa, deyman. Bir-birlariga qancha maqtasam ham, yarashtirib qo`yishga urinsam ham befoyda. Ularning orasida mehr uyg`otish uchun nima qilishim lozim?

Latofat, Farg`ona viloyati

Qaynonajon: — Ota-bolani yarashtirish savobli ish. Qolaversa, bir kun urish bo`lgan xonadondan qirq kun baraka ketadi. Balki turmush o`rtog`ingiz otasini rozi qilishga shoshilmayotgani uchun topish-tutishidan baraka ketgandir. Qizim, siz rafiqa bo`lib xo`jayinga otasini hurmat qilishi lozimligini uqtiring. Endi erkalikni tashlab, hayotga jiddiyroq nazar soladigan payti keldi. Axir bu qaytar dunyo. Hozir u otasiga qanday muomala qilsa, ertami-kechmi ekkanini o`radi. Qolaversa, ota-ona hech qachon farzandiga yomonlikni ravo ko`rmaydi. Qaynotangiz ham o`zidan keyin nabiralarining holi ne kechishini o`ylab, o`g`lini to`g`ri yo`lga yo`llamoqchi bo`lishi mumkin. Bolasining fe`li yaxshi tomonga o`zgarib, tarbiya topayotganini ko`rgan ota ham qattiqqo`llik qilmay, biroz yumshaydi. O`zingiz bu ishni qilishga qiynalsangiz, eringiz hurmat qiladigan tog`a, amakilardan yoki ilmli kishilar, imomlardan yordam so`rang. Ular odamlarni yaxshilikka yo`llash usullarini bilishadi.

Ruhshunos: — Ota-bola o`rtasidagi muammolar kecha yoki bir necha yil avval yuzaga kelib qolgan emas. Bu ruhiy og`riq bolalikdan mavjud. Chunki kichikligida ota yoki onaga tuyg`ularini aytolmagan insonlarda salbiy emosiyalar yig`ilib-yig`ilib g`azab, alam, ba`zida nafratga aylanadi. Odatda inson o`zidagi mana shu tuyg`ularni anglagan paytga kelib ota-onasi o`zgarishlarni qabul qila olmaydigan yoshga etib qoladi. Axir farzandiga noto`g`ri muomala qilgani, umri davomida bergan tarbiyasi o`g`lining ruhiyatiga salbiy ta`sir o`tkazganini tan olishga otaning madori yo`q. Buni tan olsa, o`zini ayblay boshlaydi. Demak, azoblanishga mahkum. Shuning uchun bariga farzandini ayblab, yanada qatiqqo`llik qila boshlaydi. Albatta, ota o`zi tushunib bunday qilmaydi, biz aytgan jarayonlar ong ostida kechadi. Nima qilish kerak? Ota uning so`zlarini eshitadimi-yo`qmi, bola ichidagi gaplarni aytishga intilishi darkor. Baqir-chaqir bilan emas, xotirjam holatda! Avval otasi bilan gaplashganda nimalarni his qilayotganini (xafalik, g`azab, alam) o`zi tushinishi, so`ng tuyg`ularini gapirishi lozim. Ko`ngildagi alamdan butunlay forig` bo`lib, erkin nafas olish uchun esa mutaxassis bilan ishlashni tavsiya qilishimiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar