1

Eng ko`p tug`ilish Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi

Jamiyat 10.07.2018, 13:48
Eng ko`p tug`ilish Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi

O`zbekistonda 2018 yilning yanvar-iyun oylarida 324,3 mingta bola tug`ilganligi qayd etilgan bo`lib (bu erda va bundan keyin tug`ilganlarga faqat tirik tug`ilganlar inobatga olingan), mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug`ilish koeffisienti 20 promilleni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,5 promillega oshgan (2017 yilning yanvar-iyun oylarida 19,5 promille bo`lgan). Bu haqda Davlat statistika qo`mitasi xabar qildi.

Tug`ilish koeffisienti 2017 yilning mos davriga nisbatan Samarqand (21,0 promilledan 22,9 promillega) va Qashqadaryo (21,4 promilledan 22,4 promillega) viloyatlarida sezilarli o`sgan bo`lib, aksincha sezilarli kamayish Navoiy (19,8 promilledan 19,1 promillega) va Xorazm (16,7 promilledan 16,2 promillega) viloyatlarida kuzatildi. Jami tug`ilganlarning 31,6%i onaning 1-farzandi, 36,6%i onaning 2-farzandi va 31,8%i onaning 3-va undan yuqori farzandlariga to`g`ri kelmoqda.

Jami 324,3 ming nafar bola tug`ilgani qayd etilgan bo`lib, shundan onasining yoshi bo`yicha tug`ilganlarning 120,6 ming nafari (jami tug`ilganlarga nisbatan 37,2%) 20−24 yoshlardagi ayollar, 115,8 ming nafari (35,7%) 25−29 yoshlardagi ayollar, 58,5 ming nafari (18,0%) 30−34 yoshlardagi ayollar hissasiga to`g`ri kelgan.

Yanvar-iyun oylarida 75,6 mingta o`lim qayd etilgan bo`lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan o`lim koeffitsienti 4,7 promilleni tashkil etdi, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,2 promillega kamaydi (2017 yilning yanvar-iyun oylarida 4,9 promille bo`lgan).

O`lim koeffisienti 2017 yilning mos davriga nisbatan birgina Toshkent viloyatida (5,7 promilledan 5,8 promillega) o`sgan bo`lib, sezilarli darajada kamayishi Navoiy (4,7 promilledan 4,2 promillega) Farg`ona (5,0 promilledan 4,5 promillega), Xorazm (4,6 promilledan 4,1 promillega) Namangan (4,8 promilledan 4,4 promillega) va Andijon (5,5 promilledan 5,1 promillega) viloyatlarida kuzatildi. Jami vafot etganlarning 7,3%i mehnatga layoqatli yoshdan kichik yoshdagilarga (2017 yilda 7,8%), 26,7%i mehnatga layoqatli yoshdagilarga (2017 yilda 26,7%) va 66,0%i mehnatga layoqatli yoshdan katta yoshdagilar (2017 yilda 65,5%) hissasiga to`g`ri keldi. 2018 yilning yanvar-iyun oylarida vafot etganlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan 3,1 ming kishiga kamaydi.

Qayd etilgan vafot etganlarning 61,3%i qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,3%i o`simtalardan, 5,6%i baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,5%i ovqat hazm qilish a`zolari kasalliklaridan, 4,3%i nafas olish a`zolari kasalliklaridan, 1,5%i yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,5%i boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro`yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 3,5 ming nafarni tashkil etib, ularning 59,6%i perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 16,8%i nafas olish a`zolari kasalliklaridan, 12,9%i tug`ma anomaliyalardan, 2,2%i baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 2,0%i yuqumli va parazitar kasalliklardan, 0,8%i ovqat hazm qilish a`zolari kasalliklaridan va 5,7%i boshqa kasalliklardan vafot etgan.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1