29 aprel kuni Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Sirdaryo suv havzasi sho``basi inspektorlari Sirdaryo daryosining o`ng qirg`og`ida nazorat tadbirlari o`tkazayotganda brakonerlar hujumiga uchradi.
Ma`lum bo`lishicha, Sirdaryoning Oqqo`rg`on tumanidan oqib o`tuvchi hududida inspektorlar noma`lum fuqarolar tomonidan taqiqlangan qurollar, ya`ni leskali to`r, motorli qayiq yordamida baliq ovlanayotgani holatiga duch kelishadi. Sirdaryo suv havzasi sho`basi boshlig`i D. Zohidov va bosh davlat inspektori T. Bo`riev huquqbuzarlik holatiga chek qo`yish maqsadida noqonuniy baliq ovlayotgan fuqarolarni yoniga qayiq bilan boradi. Ammo shu paytda huquqbuzarlar inspektorlarga hujum qilib, ularni suvga itarib yuborishadi.
Shuningdek, brakonerlar inspektorlarni suvga cho`ktirish maqsadida rezina qayiqni yorishadi. Bunday holatda qanday yo`l tutishni bilgan inspektorlar esa daryoni qirg`og`iga suzib chiqishadi. Buni ko`rgan huquqbuzarlar inspektorlarni haqoratlab, ov qurollarini olib, qochib ketishadi.
Mazkur holat bo`yicha huquqbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritish hamda holatga huquqiy baho berish maqsadida tegishli hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasi va viloyat IIBga yuborildi.






