1

19 avgust – Afg`oniston mustaqilligi kuni

Dunyo 18.08.2018, 12:15
19 avgust – Afg`oniston mustaqilligi kuni

Bundan 99 yil ilgari, 1919 yil 19 avgustida Afg`onistonning vatanparvar, erksevar xalqi va yoshlari yalpi qo`zg`olon orqali kurash maydoniga chiqdilar va misli ko`rilmagan fidokorliklar natijasida Vatan ozodligi va mustaqilligini qo`lga kiritdilar.

Tarix shunga guvohlik beradiki, Afg`oniston zaminida Mavlono Balxiy, alloma Sayid Jamoliddin Afg`on, Xo`ja Abdulla Ansoriy, Alisher Navoiy kabi buyuk insonlar yashab-ijod etganlar. Afg`oniston qadimiy tamaddun markazlaridan biri sifatida turli yo`nalishlarda o`zini namoyon etgan, mintaqa va jahon ilm-fan va madaniyati rivojlanishida katta ulush qo`shgan. Shuningdek, jahon hamjamiyatining teng huquqli va faol ishtirokchisi bo`lib sahnaga chiqdi.

Mamlakat milliy bayrami – Afg`oniston mustaqilligi tiklanishining 99-yilligi munosabati bilan Toshkentda qabul marosimi o`tkazildi.

Tadbirda Afg`onistonning O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Sayyid Shahobiddin Temuriy nutq so`zladi:

“Ma`lumki, hozirgi sharoitda zo`ravonlik, terrorizm va ekstremizm insonlarga qarshi qaratilgan yovuz illat bo`lib, nafaqat aziz Vatanimiz Afg`oniston, balki mintaqa va dunyo mamlakatlarining asosiy muammosi, deb e`tirof etilmoqda. Ko`p yillar davomida Afg`oniston ushbu shum illatga qarshi kurashda qurbonlik bermoqda. Shu sababdan Afg`oniston jahon hamjamiyatidagi faol ishtiroki tufayli xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida turibdi”. Jahon hamjamiyati Amerika Qo`shma Shtatlari boshchiligida mazkur xavfli illatni nobud etishga kirishgan va amalda unga qarshi kurash olib bormoqda, Afg`oniston xavfsizlik kuchlarini mustahkamlash va hukumat faoliyatini yaxshilashda hamkorlik qilmoqda. Afg`oniston hukumati va xalqi do`st mamlakatlar ko`rsatayotgan insonparvar yordamni qadrlaydi va minnatdorlik bildiradi. Shuningdek, Afg`onistonda xalqaro terrorizm va zo`ravonlikka qarshi kurashda o`zini qurbon qilganlarning oila a`zolariga chuqur ta`ziya bildiradi. Ularning fidokorliklarini yodda tutadi, shuningdek, ishonchimiz komilki, jahon hamjamiyati Afg`oniston unutilishi va terrorizm tufayli sodir etilayotgan mudhish va alamli hodisalarning dunyo bo`ylab yana tarqalishini istamaydi“, dedi Afg`oniston elchisi.

Uning so`zlariga qaraganda, “Afg`oniston bilan do`st, birodar va shimoliy qo`shni mamlakat bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyodagi nufuzli va muhim mamlakatlardan biri sanaladi. Bu mamlakat mintaqada katta salohiyatga ega bo`lib, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta`minlashda, xususan, terrorizm va giyohvand moddalarga qarshi kurashishda muhim strategik o`ringa egadir”.

“O`zbekiston Respublikasi so`nggi yillarda Afg`oniston hukumati va xalqiga davomli yordam ko`rsatib kelmoqda, aziz mamlakatimizni qayta tiklash jarayonida faol ishtirok etmoqda, Hayraton-Mazori Sharif yo`nalishida birinchi temiryo`l qurilishi, O`zbekistondan Afg`onistonga elektr quvvati uzatilishi ushbu hamkorlikning yorqin namunasidir”, deya alohida e`tirof etdi Sayyid Shahobiddin Temuriy.

Ta`kidlash joizki, o`tgan bir yil davomida ikki mamlakat o`rtasidagi do`stona aloqalarni rivojlantirish, kengaytirish va mustahkamlash borasida samarali qadamlar tashlandi. O`tgan davr mobaynida yuqori martabali hay`atlarning o`zaro safarlari amalga oshirildi, jumladan, Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Mohammad Ashraf G`ani Janobi Oliylari 2017 yil 5-6 dekabr kunlari O`zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif buyurdi. Ushbu safar doirasida ikki mamlakat o`rtasida xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo va madaniyat sohalarida hamkorlik to`g`risida 20 dan ortiq bitim, anglashuv memorandumi, bayonnoma va shartnomalar imzolandi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Afg`onistonda o`rnatishga bag`ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashish uchun Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti 2018 yil 26-27 mart kunlari O`zbekistonga tashrif buyurdi. Shuningdek, Afg`oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy Janobi Oliylari O`zbekiston Respublikasiga hamda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qobul shahriga rasmiy tashrif buyurdi.

Afg`oniston Islom Respublikasi yuqori martabali hay`atlarining o`tgan olti oy mobaynida O`zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan ko`plab safarlari natijasida 9 ta rasmiy hujjat, jumladan temir yo`l, elektroenergiya, aloqa va texnologiyalar, neft va gaz, standartlashtirish, madaniyat va ta`lim sohalarida hamkorlik to`g`risida bitim, memorandum va shartnomalar imzolandi. Umuman olganda, o`tgan bir yil ichida ikki birodar va qo`shni mamlakat o`rtasida xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo va madaniyat sohalarida hamkorlik to`g`risida 29 ta rasmiy hujjat imzolandi. Bu esa ikki tomonlama aloqalarning izchil rivojlanishi va mustahkamlanishidan dalolat beradi.

Ikkinchi tomondan, mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni kengaytirish va rivojlantirish maqsadida xavfsizlik va iqtisodiyot masalalarida yuqori martabali Qo`shma komissiyalar tuzildi.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi o`tgan bir yil ichida Afg`oniston hukumati va xalqini qo`llab-quvvatlash maqsadida quyidagi samarali chora-tadbirlarni amalga oshirdi:

Afg`oniston tadbirkorlariga qulayliklar yaratish maqsadida Termiz shahrida Kargo-sentr ochildi va ishga tushirildi;

Termiz shahrida Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazi ochildi va Afg`onistonlik talabalarning o`qishi uchun 50 foizli chegirmalar berildi;

O`zbekistondan Afg`onistonga etkazib berilayotgan elektr quvvatining narxi 2,65 sentga kamaydi;

Afg`oniston xalqi uchun beg`araz va insonparvarlik yordami sifatida 3000 tonna bug`doy yuborildi;

Surxon-Pulixumri yo`nalishida 500 kVt.li elektr uzatish liniyasini qurilishi va Mazori Sharif-Hirot yo`nalishida temiryo`l qurilishi bo`yicha sa`i-harakatlar amalga oshirilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoev rahbarligi ostidagi O`zbekiston Respublikasi hukumati, shuningdek, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, O`zbekistonning tegishli vazirliklari va idoralariga doimiy qo`llab-quvvatlash, e`tibor va hamkorliklar uchun Afg`oniston Islom Respublikasi hukumati nomidan chuqur va samimiy minnatdorlik izhor etaman, dedi Afg`onistonning O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Sayyid Shahobiddin Temuriy.

Sharqda ajoyib naql bor, “qo`shning tinch, o`zing tinch“. Qariyb 40 yildan buyon notinchliklarni boshdan kechirayotgan afg`on xalqi jahon hamjamiyati keng qo`llab-quvvatlab kelinmoqda. Jafokash o`lkada yillar davomida hal etilmay kelinayotgan inqirozu ixtiloflarni bartaraf etish borasida barcha kuchlar safarbar etilayotir. Bu borada yon qo`shni – jon qo`shni O`zbekiston davlati tomonidan Afg`onistondagi vaziyatni izga solish borasidagi sa`y-harakatlarni har qancha olqishlasak, mubolag`a bo`lmas.

Toshkentda 26-27 mart kunlari mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg`oniston bo`yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini tilga olish joiz. Prezident Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo`yicha O`zbekiston pozisiyasini bayon qilgan, bu borada amaliy takliflarni ilgari surgan edi. Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg`oniston muammosini tinch yo`l bilan hal etish bo`yicha muhim siyosiy jarayondir. Unda Afg`oniston rahbari Muhammad Ashraf G`ani, bir qator mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, BMTning Afg`onistondagi maxsus vakili Tadamichi Yamamoto, AQSh davlat kotibining siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Tomas Shennon va Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo`yicha Oliy vakili Federika Mogerinining ishtirok etganligi ham afg`on diyoridagi muammolar ularni befarq qoldirmayotganidan dalolat beradi.

O`zbekiston rahbari Afg`onistonda tinchlikka erishishning yagona yo`li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o`rtasida oldindan hech qanday shart qo`ymasdan, to`g`ridan-to`g`ri muloqot olib borishdir, degan masalani ilgari surganligi diqqatga sazovor. Bugungi kunda Afg`onistondagi vaziyatni bartaraf etish bo`yicha ko`p qirrali va murakkab masalalar mintaqa va xalqaro miqyosda keng muhokama qilinmoqda. Afg`oniston masalasiga bag`ishlab ko`plab muzokaralar, uchrashuvlar o`tkazilgan, biroq Toshkent anjumani ularning hech birini aynan takrorlamaydi. Afg`onistondagi harbiy-siyosiy inqirozni hal etish yo`llarini topish maqsadida tashkil etilgan Qobul jarayoni, Moskva formati, Xalqaro muloqot guruhi, Istambul jarayoni kabi ko`p tomonlama muhokama jarayonlari alohida diqqatga sazovor.

Afg`onistonda 20 ga yaqin millat va elatlar istiqomat qiladi. Ma`lumotlarga ko`ra Afg`onistonda hozir 3 yarim milliondan ortiq o`zbeklar yashaydi. Yaqinda o`zbeklar yangi siyosiy partiyani tuzishdi. O`zbeklar orasida vazirlar va prezident maslahatchilari ham bor.

Sh. To`laganov, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1