1

O`zbekiston “qora ro`yxat”dan chiqarildi

Dunyo 06.05.2024, 17:34
O`zbekiston “qora ro`yxat”dan chiqarildi

O`zbekiston Adliya vazirligining ma`lum qilishicha, O`zbekis­ton Intellektual mulkning qonuniy huquqlari va himoyasi holati bo`yicha AQSh Savdo vakilligi (USTR') 301-maxsus hisobotidagi kuzatuvdagi davlatlarning o`ziga xos “qora ro`yxati”dan chiqarildi.

AQSh Savdo vakilligining (USTR) intellektual mulk huquqlarini himoya qilish mexanizmlari samaradorligiga oid yangi maxsus hisobotiga ko`ra, O`zbekiston 2000 yildan beri bu yil ilk marta maxsus kuzatuv ostidagi mamlakatlar safidan joy olmagan. Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat O`zbekiston va Turkmaniston shu paytgacha bu ro`yxatda bor edi. O`zbekistondan tashqari Dominikan Respublikasi ham bu yil ro`yxatga kirmadi. Biroq 7 ta yangi davlat ro`yxatga qo`shildi. Shu jumladan, Jazoir, Belarus, Kanada, Misr, Pokiston va Turkiya kabi taniqli eksportchi davlatlar ro`yxatda (Watch List’da) qolmoqda. Kuzatuvdagi davlatlar ro`yxatida (Priority Watch List) esa Argentina, Venesuela, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Rossiya va Chili kabi davlatlar bor. Bu ro`yxatdagi davlatlarga qarab, O`zbekistonning ushbu “davra”dan joy olmagani katta yutuq deyish mumkin.

Ijobiy samaralar

USTR' mualliflik huquqlari va patentlar masalasiga “yuqori darajadagi siyosiy” e`tibor qaratilganini ta`kidlaydi. O`zbekiston, shuningdek, “AQSh-Markaziy Osiyo” savdo va investisiya­larning kelishuvi doirasida Intellektual mulk bo`yicha ishchi guruhini qo`llab-quvvatlash va unda ishtirok etishi ham ijobiy samara sifatida ta`kidlangan.

Ma`lumki, 301-maxsus hisobot “intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va qo`llashning global holati”ning yillik sharhi hisoblanadi. USTR' 1989 yildan beri AQSh Savdo qonuniga muvofiq bu borada monitoring olib boradi. USTR' yangi hisobot uchun 100 dan ortiq savdo hamkorlarini baholagan, ulardan 20 tasi kuzatuv ro`yxatiga va 7 tasi maxsus kuzatuv ro`yxatiga kiritilgan. USTR' ma`lumotlariga ko`ra, ushbu ro`yxatlarda bo`lish mamlakatning intellektual mulk huquqlari sohasidagi jiddiy kamchilik­laridan dalolat beradi. Jumladan, O`zbekiston ham shunday davlatlardan hisoblanib, 24 yildan beri  “kuzatuvdagi davlatlar ro`yxati”da qolayotgan edi. 

Bunga qanday erishildi?

O`zbekistonning bunday ro`yxatdan chiqarilishiga mamlakatda intellektual mulk ob`ektlarini ro`yxatdan o`tkazish tartiblarini soddalashtirish, bunday mulkka bo`lgan huquqlarni samarali himoya qilish, xalqaro shartnomalarga a`zo bo`lish va tashqi aloqalarni rivojlantirish hamda Jahon savdo tashkiloti (JST)ning TRIPS' bitimi talablarini milliy qonunchilikka implementasiya qilish kabi chora-tadbirlar natijasida erishilgani ta`kidlanmoqda. 

Shuningdek, intellektual mulk, mualliflik huquqlariga “yuqori darajada siyosiy” e`tibor qaratilgani, Bojxona kodeksiga kiritilgan o`zgartirishlar va boshqa jihatlar O`zbekistonning bunday ro`yxatda qolmasligiga ijobiy ta`sir qilgani shubhasiz. Ayniqsa, Bojxona kodeksiga kiritilgan o`zgartirishlar natijasida ­kontrafakt tovarlarni olib kirishga qarshi kurash bo`­yicha bojxona organlarining vakolatlari va mavjud tartib qoidalar takomillashtirilgani huquqiy maydonda sezilarli o`zgarish yasadi. Jumladan, bu idora xodimlariga kontrafakt tovarlarni import va eksport qilishni to`xtatib qolish vakolati berilgani vakillik tomonidan alohida olqishlangan.

Shuningdek, mamlakatimiz 2019 yilda Ijro hamda fonogrammalar to`g`risidagi shartnoma va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan qabul qilingan Mualliflik huquqlari bo`yicha shartnomaga qo`shilgan. Shu bilan birga ­­­­­­­­2022 —­ 2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlangan. 

USTR' O`zbekiston davlat idoralarining 2021 yildan boshlab, lisenzion kompyuter dasturlariga o`tkazilganini ham alohida inobatga olgan. 

Sodda qilib aytadigan bo`lsak, badiiy ijod namunalari – texnik echim va g`oyalar, ixtiro hamda kashfiyotlar, yozma asarlar, qo`shiq va musiqalar intellektual mulk hisoblanadi. Va mualliflarning ruxsatisiz ulardan foydalanish yoki qayta chop etish va ijro etish taqiqlanadi. Biroq bunday tartib milliy qonunchilikda aks etgan bo`lishi va unga rioya etilishi huquqiy tizim tomonidan kafolatlanishi shuningdek, ta`minlanishi lozim. Masalan, mualliflik huquqi xalqaro va mahalliy qonunchilik bilan himoyalanuvchi turli video, audio va yozma materiallardan foydalanish, ­kompyuterlarga noqonuniy (“qaroqchi” yoki “buzilgan” varian­ti) operasion tizimlar va das­turlarni o`rnatish taqiqlanishi, bularga yo`l qo`ymaslik choralari ko`rilishi lozim. Xuddi shunga o`xshab, tovarlar hamda logotip, brend va savdo belgilari, turli patentlar uchun mualliflik ham huquqiy himoyaga muhtoj. Hatto boshqa davlatlarda yaratilgan va eksport qilingan tovarlar ham, agar ular xalqaro patent yoki ­mualliflik huquqlari doirasida bo`lsa, bu boradagi kelishuv hamda shartnomalarga qo`shilgan davlatlarda ham himoya qilinishi lozim. Boshqa tovarlarning yorliqlarini o`zgartirib qo`yib, yoki patentlangan texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqarish bunday qonunchilikka zid keladi. Qalbaki va ­kontrafakt tovarlar kiritilishi va ishlab chiqarilishining oldini olishga bo`lgan intilish va amaliy qadamlar hamda natijalar, tabiiyki, xalqaro statusga ega monitoring idoralari tomonidan e`tirof etiladi.

Ro`yxatdan chiqish qanday iqtisodiy-huquqiy imtiyozlar beradi?

Bunday ro`yxatdan chiqish – O`zbekistonda tovarlarga, patentlar, ixtirolar, logotip, brend, savdo belgilari qonun himoyasi ostida ekanligini anglatadi. Demakki, mualliflik va intellektual mulk hamda ularga bo`lgan huquqlar o`g`irlanishi yoki poymol etilishi mumkinligidan xavotir olmasa ham bo`ladi. Bu yurtimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritish niyatida bo`lgan yoki ikkilanayotgan xorijiy investorlar uchun yaxshi signal. Huquqlari ta`minlangan bozorga kirish – har qanday investor uchun eng muhim maqsad hisoblanadi.

Ikkinchidan esa, xorijga eksport qilayotgan mahsulotlarimizga ishonch ham ortadi. Ularga shubha bilan qarash, ortiqcha tekshiruv va nazoratdan ozod qiladi. Bu esa eksport salohiyatimizga va uning sifatiga ijobiy ta`sir ko`rsatmasdan qolmaydi. Bu esa xorijiy davlatlar bilan yirik savdo shartnomalari tuzishda, bojxona hamda soliqlar bo`yicha ulkan ­imtiyozlarga ega bo`lishimizga yordam beradi.

Qolaversa, hisobotda keltirilishicha, AQSh intellektual mulkka doimiy yuqori darajadagi siyosiy e`tiborni, jumladan, O`zbekistonning Qo`shma Shtatlar va Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasidagi Savdo va investisiyalar bo`yicha asosli bitim (TIFA')ning intellektual mulk bo`yicha ishchi guruhini qo`llab-quvvatlashi va ishtirokini tan oladi. 

Eng muhimi, O`zbekistonning Intellektual mulkning qonuniy huquqlari va himoyasi holati bo`yicha AQSh Savdo vakilligining (USTR') 301-maxsus hisobotidagi kuzatuvdagi davlatlarning o`ziga xos “qora ro`yxati”dan chiqarilgani – mamlakatimizni Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lishdek chorak asrlik orzusiga erishish yo`lidagi quvonchli xushxabar, desa ham bo`ladi. 

Biroq jahon iqtisodiy hamjamiyatining to`laqonli va teng a`zosi bo`lishimiz uchun egallash shart bo`lgan marralar hali ko`p. Masalan, import-eksport aloqalariga to`sqinlik qilayotgan Jekson-Venik tuzatmasini bekor qilish, AQSh va boshqa rivojlangan davlatlar bilan erkin savdo shartnomalarini imzolashga erishish va hokazolar shular jumlasidan. Biroq, ayni davrda O`zbekistondagi islohotlar hamda intilishlar sur`ati pasaymasa, bunday marralar ham tez orada zabt etilishi shubhasiz. 

Abdulloh SAYYID

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1