Prezidentning 2017 yil 17 noyabrdagi “O`zbekiston milliy maqom san`atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida har ikki yilda Xalqaro maqom san`ati anjumani o`tkaziladi.
Bu tadbirning Shahrisabzda o`tkazilishida ham zo`r ma`no bor. Uzoq va boy tarixga ega bu zamin qadim san`ati va madaniyati bilan betakrordir. Ayniqsa, Amir Temur davrida musiqa san`ati jadal rivojlanib, chinakam uyg`onish davrini boshdan kechirgan, sozandalik, xonandalik, musiqa ilmi, bastakorlik rivojlangan. Ma`lumotlarga ko`ra, Oqsaroyda o`tgan shoiru ulamolar, fozilu hofizlar ishtirokidagi yig`inlarda maqom qo`shiqlari avj pardalarda kuylangan. XVII-XVIII asrlarga kelib Shahrisabzda buxorolik va samarqandlik san`atkorlar bilan hamkorlikda “Shashmaqom” taronalariga raqsga tushadigan raqqoslar va sozandalar guruhlari tuzilgan.
Maqom shunday san`atki, undagi nolalarda ming bitta jilva, jilo bor, uni faqat ijro etilayotganda soz va ovoz uyg`unlashib yuzaga chiqaradi. Bu esa uning murakkabligini anglatadi.
Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida Qashqadaryoga tashrifi chog`ida maqom san`ati ustalari bilan uchrashgan edi. Ular bilan maqom san`ati istiqbollari, xalqaro maqom san`ati anjumanini yuksak saviyada o`tkazish borasida suhbatlashdi. Shahrisabz shahrida maqom kechalarini tashkil qilish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Ayni vaqtda milliy o`zlikni anglash, madaniyatni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg`ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini yuksaltirishda maqom san`atining imkoniyatlaridan keng foydalanish bo`yicha amaliy chora-tadbirlar ko`rilmoqda.
Ushbu qaror asosida vohada o`zbek milliy maqom san`ati markazining filiali ish boshladi. Shahrisabz bilan tutash Kitob tumani madaniyat bo`limi qoshida 25 ijrochidan iborat “Moziy sadolari” maqom ansambli tuzildi.
Bu kabi sa`y-harakatlar yurtimizda madaniyat va san`atga qaratilayotgan ulkan e`tibor natijasidir. Bundan biz, san`atkorlar g`oyat quvonamiz. Yillar davomida maqom san`ati yo`nalishida ijod qilayotganim, erishayotgan natijalarim, e`tirof va e`zozlar davlatimizning san`at ahliga berayotgan katta mukofoti, olqishi natijasidir.
Maqom ijro etib, Sodirxon hofiz, Yunus Rajabiy nomidagi maqomchilar ko`rik-tanlovlari g`olibi bo`lganman. Eng quvonganim, “Sharq taronalari” V xalqaro musiqa festivalida ijodim e`tirof etilgani bo`lgan. Bokuda o`tkazilgan I Mug`om festivalida YuNESKOning maxsus sovrini va diplomi bilan, Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag`ishlangan Sharq mamlakatlari musiqa festivalining “Eng yorqin ijro uchun” sovrini bilan taqdirlanganimda cheksiz faxr-iftixor tuyganman. Ko`p mamlakatlarda bo`lishimga ham san`at sababchi. Shu bois davlatimiz rahbarining sohaga berayotgan ulkan e`tibori va yurtimizda maqom tanlovi o`tkazilayotganidan juda xursandman.
Bu jarayonda biz astoydil mehnat qilamiz, faol ishtirok etamiz. Maqom san`ati meni ulug`ladi, endi navbat meniki – milliy qo`shiqchiligimiz rivoji yo`lida xizmat qilaman.
Nodira PIRMATOVA,
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist,
O`zbekiston davlat konservatoriyasi
an`anaviy xonandalik kafedrasi
katta o`qituvchisi