1

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasini rivojlantirish ishlari tahlil qilindi

Siyosat 20.09.2018, 10:20
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasini rivojlantirish ishlari tahlil qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 sentyabr kuni axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari tizimidagi ishlarni tahlil qilish, sohani jadal rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlarni belgilashga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda O`zbekiston prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

– Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari rivoji barcha sohalarning jadal taraqqiyotiga xizmat qiladi, odamlarga qulaylik yaratadi, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Yil boshida ushbu muhim sohani rivojlantirish bo`yicha belgilab berilgan ko`plab vazifalar ijrosi to`liq ta`minlanmadi. Tarmoqqa investisiya jalb etish, xizmatlar va tayyor dasturiy mahsulotlarni eksport qilish ahvoli bizni umuman qoniqtirmaydi.

Shuning uchun vazirlikning rahbariyatini o`zgartirishga majbur bo`ldik. Yangi vazir va uning o`rinbosarlari bundan tegishli xulosa qilib, o`z ishlarini mutlaqo boshqacha tarzda tashkil etishlari lozim. Mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, jalb etilayotgan investisiyalar va eksport hajmini keskin ko`paytirish, eng muhimi, qisqa davrda tizimda sezilarli ijobiy o`zgarishlarni ta`minlash kerak, – dedi Prezident.

Majlisda davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni va Prezident huzuridagi yig`ilishlarda berilgan topshiriqlar ijrosini ta`minlash qanday borayotgani tahlil qilindi. Sohani jadal rivojlantirish bo`yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasiga xorijiy investisiyalarni jalb etish, to`g`ridan-to`g`ri sarmoyalar ishtirokidagi loyihalar hissasini oshirish zarurligi ta`kidlandi. Joriy yilda kamida 200 million dollar, 2019 yilda esa investisiyalar, ayniqsa, to`g`ridan-to`g`ri sarmoyalar hajmini 500 million dollarga etkazish vazifasi qo`yildi.

“O`zbektelekom” kompaniyasining nufuzini oshirish, “O`zmobayl” milliy mobil aloqa operatorini rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Sohada xizmatlarni eksport qilish etarli emasligi, bu ko`rsatkichni keskin oshirish, eng avvalo, dasturiy ta`minot yaratish va eksportni ko`paytirish kerakligi ta`kidlandi.

Telefon va internet foydalanuvchilariga ko`rsatilayotgan xizmatlar sifati pastligi, mavjud aloqa tarmoqlarining atigi 27 foizi optik tolali, qolgani mis simli liniyalardan iborat ekani tanqid qilindi. Internet tarmog`iga ulanish tezligini oshirish, aloqa tarmoqlarini to`liq optik tolaga almashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

“Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish, interaktiv davlat xizmatlari ko`rsatishni keskin yaxshilash bo`yicha vazifalar belgilab berildi. Pochta aloqasi faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Axborot xavfsizligini mustahkamlash masalasiga e`tibor qaratildi.

Sohada kadrlar tanqisligi sezilayotgani, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida ilmiy salohiyatga ega pedagoglar bor-yo`g`i 21 foizni tashkil etishi qayd qilindi. Shu bois universitetda o`qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish va ilmiy-tadqiqot ishlari ko`lamini kengaytirish zarurligi ta`kidlandi.

Xorijiy tajribani chuqur o`rgangan holda, mamlakatimizda axborot-kommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 5 yillik milliy dasturni ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1