1

Shavkat Mirziyoev sport sohasini rivojlantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

Siyosat 20.09.2018, 20:38
Shavkat Mirziyoev sport sohasini rivojlantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lumki, joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbarining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Farmonga muvofiq, ilgarigi davlat qo`mitasi va uning hududiy bo`linmalari negizida O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilib, uning vazifa va vakolatlari kengaytirildi.

Sportchilarni tanlab olish – seleksiya ishlarini takomillashtirish bo`yicha yangi tizim joriy etilib, bu o`zining dastlabki natijalarini bera boshladi.

Avgust-sentyabr oylarida Indoneziyada o`tkazilgan Osiyo o`yinlarida sportchilarimiz 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza – jami 70 ta medalni qo`lga kiritdi. Mamlakatimiz oltin medallar soni bo`yicha 5-o`rinni egallagani o`zbek sporti tarixida eng yaxshi natija bo`ldi.

– Biz xalqaro sport maydonlarida O`zbekistonning nufuzi va obro`-e`tiborini oshirishga katta hissa qo`shgan sportchilarimiz bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, oliy sportda erishilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, ommaviy sportga ham katta e`tibor berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish bo`yicha istiqboldagi muhim vazifalar belgilib berildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug`ullantirish ishlari yaxshi yo`lga qo`yilmagani, darsdan tashqari vaqtlarda ta`lim muassasalaridagi sport ob`ektlaridan barcha yoshdagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmagani ko`rsatib o`tildi.

Bundan tashqari, joylardagi bo`sh turgan xususiy ob`ektlar negizida aholini ommaviy sportga jalb qilish uchun imtiyozli xizmat ko`rsatuvchi sport markazlarini tashkil etish talab etiladi.

Shu bois Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirliklar bilan birgalikda ta`lim muassasalaridagi sport inshootlari hamda bo`sh turgan ob`ektlarda sport seksiyalarini ochish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlarni ko`rishi zarurligi ta`kidlandi.

Tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida sport musobaqalari sonini keskin ko`paytirish, g`olib va sovrindorlarni Yoshlar ittifoqi mablag`lari hisobidan pullik mukofotlar bilan rag`batlantirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb qilish uchun “Alpomish” va “Barchinoy” testlarini musobaqa tarzida o`tkazishni hamda uch darajadagi ko`krak nishonlari bilan taqdirlashni joriy qilish vazifasi qo`yildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1